“Havo kompressori”ga yashirilgan giyohvandlik vositasi fosh etildi

    Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati vakillari bilan hamkorlikda “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postida tezkor tadbir oʻtkazildi.

    Bu haqda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, yurtimizga kirish uchun post orqali piyoda harakatlangan fuqaroning qoʻl yuklari koʻzdan kechirilganda sumkadagi “havo kompressori” ichiga yashirincha joylashtirilgan, ogʻzaki soʻrovda maʼlum qilinmagan va yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasida yozib koʻrsatilmagan, 9 dona polietilen paketlarga oʻralgan, kukunsimon, oʻtkir hidli moddalar borligi aniqlandi.

    Markaziy bojxona laboratoriyasining ekspertiza natijalariga koʻra, jami ogʻirligi 4,3 kg tashkil etuvchi mazkur moddalar “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.