Havodan paydo boʻlgan qarzdorlik yopildi

    Uchkoʻprik tumani Yangiyoʻl MFY Yangiyoʻl qishlogʻida yashovchi bir guruh fuqarolar nomidan I.Mirzahmedov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Uchkoʻprik tumani Xalq qabulxonasiga ichimlik suvdan asossiz hisoblangan qarzdorlik yuzasidan murojaat qildi.

    Ushbu murojaat Uchkoʻprik tumani isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha oʻrganib chiqildi.

    Murojaatda aytilishicha, 2021-yilning aprel oyida ushbu qishloqdagi 41 ta xonadonga “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Uchkoʻprik tumani boʻlimi tomonidan suv hisoblagichlar oʻrnatilgan. Suv hisoblagich oʻrnatilgungacha boʻlgan qarzdorlik boʻyicha isteʼmolchilar bilan toʻliq hisob-kitob qilingan. Lekin suv hisoblagich oʻrnatilgani va bazaga kiritilgani haqidagi hujjatlar isteʼmolchilarga salkam bir yil vaqt oʻtgunga qadar ham taqdim etilmagan hamda suv hisoblagichi yoʻqligi sababli oʻrta toʻlovda qarzdorlik hisoblangan.

    Murojaat Uchkoʻprik tumani jamiyati hamda soha mutaxassislari tomonidan oʻrganilganda haqiqatan ham ushbu manzildagi 41 ta xonadonga suv hisoblagichlar oʻrnatilgani, lekin oʻrnatilgan ular “Oʻzsuvtaʼminot” AJ “Fargʻona suv taʼminoti” MCHJ Uchkoʻprik tumani boʻlimi bazasiga kiritilmagani va isteʼmolchilarga hujjatlar taqdim etmagani aniqlandi.

    Oʻrganuv davomida ushbu isteʼmolchilarning xonadonlariga oʻrnatilgan suv hisoblagichlar bazaga kiritildi hamda ularning har biriga hisobga kiritilgani haqidagi hujjatlar berildi. 9 nafar isteʼmolchilarning foydalanilgan ichimlik suvdan haqdorligi ularning abonent raqamlariga oʻtkazildi va kelgusida ham foydalanilgan ichimlik suv uchun badalni oʻz vaqtida toʻlab borishi zarurligi tushuntirildi, deyiladi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi axborot xizmati xabarida.