Haydovchi YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatda avtomobil kabinasidan chiqishi shartmi?

    Bilasizmi? 14 Avgust 2020 4435

    Qonunchilikka koʻra, YPX xodimi haydovchi yoki yoʻlovchilardan transport vositasi kabinasidan chiqishini faqat quyidagi hollarda talab qilishga haqli:

    transport vositasidagi texnik nosozlikni va yuk tashish qoidasi buzilganligini bartaraf etish maqsadida;

    haydovchi transport vositasini mast holda boshqarayotgan deb hisoblashga yetarli asoslar mavjud boʻlganda;

    transport vositasining dvigatel va agregat qismlari raqamlarini roʻyxatlash hujjatlarida yozilgan raqamlar bilan farq aniqlangan taqdirda bevosita haydovchi ishtirokida solishtirish maqsadida;

    transport vositasiga tegishli hujjatlar yoki unda olib ketilayotgan yuk hujjatlari mavjudligini tekshirish zarurati yuzaga kelganda;

    haydovchi yoki yoʻlovchi jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotganda;

    haydovchining transport vositasi kabinasida boʻlishi yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga tahdid solishi mumkin boʻlgan hollarda (haydovchining ruhiy holatiga, yoshiga, sezgirlik va eʼtiborni susaytiradigan dori vositalari taʼsirida, yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soladigan darajadagi charchoqlik va betoblik holatida, transport vositasini boshqara olishiga shubha boʻlganda).

    Jismoniy nuqsoni sababli haydovchining transport vositasi kabinasidan chiqish imkoniyati cheklangan holatlar bundan mustasno.

    Yoʻl harakati qatnashchilari mazkur holatlardan tashqari transport vositasi kabinasidan chiqmasdan, YPX xodimi bilan oʻzaro munosabatga kirishishga haqli.