Haydovchilik guvohnomasini almashtirishni oxirgi bir oyga qoldirmang!

    Joriy yilning fevral-mart oylarida davlat xizmatlari markazlarida eski haydovchilik guvohnomasini yangi turdagi guvohnomalarga oʻzgartirish istagida boʻlgan fuqarolarning hayratlanarli oqimi kuzatildi, deya keltirilmoqda Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabarida.

    Xabarda qayd etilishicha, iloji boricha koʻproq fuqarolarga xizmat koʻrsatish maqsadida davlat xizmatlari markazlari uzaytirilgan ish vaqti asosida “soʻngi mijozga qadar” tartibida, baʼzilari esa umuman dam olish kunlarisiz ishladi.

    Natijada yangi turdagi haydovchilik guvohnomasi joriy etilganidan (2017-yil oktyabr) bugungi kunga qadar 3,8 milliondan ortiq xususan, bir milliondan ortiq guvohnoma 2022-yilning mart-aprel oylarida yangilandi.

    Shu bilan birga, 2,2 milliondan ortiq haydovchi hali ham eski namunadagi haydovchilik guvohnomalar bilan harakatlanmoqda. Shu bois joriy yilning 12-aprel kuni Vazirlar Mahkamasining eski haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni almashtirish muddatini 2023-yilning aprel-dekabr oylarigacha uzaytirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilindi.

    Eslatib oʻtamiz, dastlab haydovchilik guvohnomalari va transport vositalari roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni almashtirishni 2020-yil 31-dekabrgacha yakunlash rejalashtirilgan edi. Jumladan, 2020-yilning bahorida muddat bir yilga, 2021-yilning noyabrida esa 2022-yilning oxirigacha uzaytirildi. Davlat xizmatlari markazlari faoliyati monitoring qilinganda, haydovchilik guvohnomalarini almashtirish boʻyicha murojaatlar soni uzaytirishdan soʻng sezilarli darajada kamayganini koʻrsatdi.

    Misol uchun, guvohnomalarni almashtirish muddati mart oyigacha belgilanganida Chilonzor tumani davlat xizmatlari markaziga kuniga 500-700 nafar fuqaro murojaat qilgan. Biroq, guvohnomalarni almashtirish muddati uzaytirilishi bilanoq, haydovchilar oqimini 10 barobardan koʻproq kamayishiga olib keldi. Bu, ayniqsa, Andijon tumani Davlat xizmatlari markazi misolida yaqqol koʻzga tashlanadi. Agar fevral oyida 2577 nafar fuqaro, mart oyida esa 2723 nafar fuqaro markazga murojaat qilgan boʻlsa, aprel oyida ularning soni 1103 nafarni, may oyining birinchi yarmida esa atigi 100 nafarni tashkil etgan.

    Bugungi kunda haydovchilik guvohnomalarini almashtirish jami 74 ta punktda, shundan, 25 tasi Davlat xizmatlari markazlarida, 49 tasi yoʻl harakati xavfsizligi xizmatlarida faoliyat koʻrsatmoqda.

    Hisob-kitoblarga koʻra, 2023-yilning apreliga qadar har kuni oʻrtacha 120-150 kishi xizmatga murojaat qilgan taqdirda, qolgan eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini almashtirishni navbatlarsiz, qogʻozbozliksiz va xodimlar ishlash samaradorligini saqlab yakunlash mumkin boʻladi.

    Fuqarolarni haydovchilik guvohnomasini almashtirishni oxirgi bir oyga qoldirib, muddat tugashini kutmaslikka, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishga chaqiramiz!

    Maʼlumot uchun: eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yoʻl harakati xavsizlik xizmati boʻlimlari, shuningdek, Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax, Qoʻqon, Navoiy, Namangan, Termiz, Fargʻona, Xiva va Chirchiq shaharlari, shuningdek, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari, Jizzax viloyatining Doʻstlik tumani, Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumani, Andijon viloyatining Andijon tumani va Fargʻona viloyatlarining Soʻx tumani davlat xizmatlari markazlarida yoki onlayn ariza berish orqali ham almashtirish imkoniyatlari yaratilgan.