Qarorga koʻra, 2023-yil 15-apreldan milliy haydovchilik guvohnomasini, shu jumladan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi.
Bunda:
- milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi maʼlumotlari joylashtiriladi, agar axborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi maʼlumotlari mavjud boʻlmagan taqdirda ariza beruvchilar oʻzlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi;
- milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boʻyicha arizalar ariza beruvchilarning YAIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qatʼi nazar, 24 soat davomida yuborilishi mumkin;
- yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.
2023-yil yakunigacha barcha mavjud haydovchilik guvohnomalari jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamiga bogʻlangan holda raqamlashtiriladi.