Haydovchilik guvohnomasini yoʻqotgan taqdirda qanday harakat qilish kerak?

    Bilasizmi? 24 Fevral 2025 2435

    Vazirlar Mahkamasining 31.05.2018-yildagi 408-son qaroriga asosan, haydovchilik guvohnomasini yoʻqotgan taqdirda quyidagi harakatlarni amalga oshirish kerak.

    Ariza beruvchi DYHXX organi (Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati) yoki Davlat xizmatlari markaziga oʻzi kelib murojaat qilishi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) roʻyxatdan oʻtishi kerak.

    Avtomototransport vositalarini oxirgi oʻn ikki oy davomida boshqargan shaxslarning milliy haydovchilik guvohnomalari tegishli imtihonlarsiz almashtiriladi.

    Quyidagilar avtomototransport vositalarini oʻn ikki oy mobaynida boshqarganligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi:

    a) ishlayotgan haydovchilar uchun mehnat daftarchasidan koʻchirma yoki ishlayotgan joyida unga biriktirilgan avtomototransport turi koʻrsatilgan maʼlumotnoma (buyruqdan koʻchirma);
    b) shaxsiy avtomototransport vositalari haydovchilari uchun ularga tegishli boʻlgan avtomototransport vositasining roʻyxatdan oʻtganligi haqidagi qayd etish guvohnomasi;
    v) ishonchnoma yoki ijara shartnomasi bilan avtomototransport vositasini boshqargan shaxslar uchun avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va uni boshqarish uchun notarial idora tomonidan tasdiqlangan ishonchnoma yoki ijara shartnomasi;
    g) transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari uchun avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma va transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisi.

    Ariza beruvchi elektron shakldagi soʻrovnomani toʻldiradi. Soʻrovnomaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

    — eski namunadagi haydovchilik guvohnomasi va/yoki talonining rasmi (orqa hamda old tomoni) (agar mavjud boʻlsa).

    Ariza beruvchi yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasi oʻrniga yangi guvohnoma olish uchun murojaat qilganda, uning avtomototransport vositasini boshqarishga boʻlgan huquqi mavjudligi yoki bu huquqdan mahrum etilmaganligi Tizimda tasdiqlanadi.

    Agar ariza beruvchining yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasi haqidagi maʼlumotlar Tizimda aniqlanmasa, ariza beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish boʻyicha Nizom asosida DYHXX organlariga umumiy tartibda murojaat qiladi.

    Yoʻqotilgan haydovchilik guvohnomasi oʻrniga yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomasini berish uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida toʻlov undiriladi.

    Toʻlov amalga oshirilgandan soʻng, DYHXX organi yoki Davlat xizmatlari markazi xodimi taqdim qilingan hujjatlarni koʻrib chiqadi hamda milliy haydovchilik guvohnomasini rasmiylashtiradi.

    Ariza beruvchi xohishiga koʻra, milliy haydovchilik guvohnomasini pochta aloqasi orqali olishi mumkin. Bunda pochta xarajatlari ariza beruvchi hisobidan qoplanadi.

    Agar ariza beruvchi oʻzi kelib olishni xohlasa, shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan soʻrovnomada koʻrsatilgan DYHXX organi yoki Davlat xizmatlari markaziga kelib milliy haydovchilik guvohnomasini olib ketishi mumkin.

    Shuni taʼkidlash kerakki, agar ariza beruvchi berish rad etilgan kundan boshlab oʻttiz ish kuni mobaynida davlat xizmatini koʻrsatish uchun yigʻim toʻlamasdan koʻrsatilgan kamchilikni bartaraf etgan holda takroran murojaat qilish huquqiga ega.