AQSHdagidiplomatik missiyamiz xabar berganidek, “Uzbekistan Airways” AJ ning maxsus charter reysi mamlakatimiz Hukumati tomonidan davlatimiz rahbarining chet ellardagi barcha yurtdoshlarimizni pandemiya vaqtida vatanga qaytarish haqidagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

Navbatdagi mazkur toʻrtinchi reysda Oʻzbekistonga 256 nafar yoʻlovchilarni, jumladan 238 fuqaro va ular orasidagi 4 nafar chaqaloq, shuningdek 18 nafar amerikalik diplomatlar — AQSHning Toshkentdagi Elchixonasi xodimlari va ularning oila aʼzolari uchib keldilar. Barcha yoʻlovchilar belgilangan tartibda 10 kunlik karantini davrini oʻtaydilar. Ulardan xohlaganlari mehmonxona majmualarida oʻtashlari mumkin.

Qayd etish joizki, Oʻzbekistonning Vashingtondagi Elchixonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulligi qoshida tashkil etilgan tunu-kun ishlaydigan tezkor shtablar tomonidan mart oyidan beri Shimoliy va Janubiy Amerikada qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarimizning ularni vataniga qaytarishi soʻralgan 1 841 ta murojaati qabul qilingan. Iyun oyidan beri “Uzbekistan Airways” AJ ning maxsus charter reyslarida Nyu-Yorkdan Toshkentga olib kelingan yoʻlovchilar soni 1 026 kishini tashkil etadi.

AQSHdagi diplomatlarimiz xabarlariga koʻra, 31-iyul holatiga oʻzlarining Oʻzbekistonga qaytarilishini yana 815 kishi kutib turibdi. Mamlakatimizning Vashingtondagi Elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulligi fuqarolarimiz bilan muntazam aloqani ushlab turibdi. Navbatdagi charter reyslarda vatanga uchish xohishidagi yoʻlovchilarning roʻyxati har kuni yangilanib turibdi, deb xabar beradi «Dunyo» AA/

Eslatib oʻtamiz, 16-martdan Oʻzbekiston Hukumati qarori bilan barcha xalqaro yoʻnalishlardagi aviaqatnovlar, jumladan, Toshkent-Nyu-York-Toshkent yoʻnalishida uchadigan reyslar ham toʻxtatilgan.