Har birimiz qo'ni-qo'shnichilik an'analari davom etayotgan, odamlari orasida samimiylik, bir-biriga yelkadoshlik fazilatlari yo'qolmagan mahalla atalmish muqaddas maskanda tug'ilib o'sdik. Bizni jamiyat bilan uyg'un yashashga o'rgatgan ana shu tabarruk go'shani o'zimizga “Vatan ichra kichik Vatan”, deb bildik.
Bugun ham yosh avlodni tarbiyalash, barkamol inson qilib voyaga yetkazishda qishloqlar, mahallalarning alohida o'rni bor. So'nggi to'rt-besh yilda yurtimizda mahalla tizimi nafaqat shaklan, balki ijtimoiy-iqtisodiy hayotda egallagan o'rni jihatidan ham ulkan o'zgarishlarga yuz tutdi. Qishloq va mahallalarni obod qilish, xalqning turmush darajasini oshirish bo'yicha keng ko'lamli islohotlar amalga oshirildi.
Davlatimiz rahbari vazifasiga kirishgan ilk palladanoq bu dolzarb masalani alohida e'tiborga olib, xalqimiz hayotini yaxshilash, hududlarni obod qilish, odamlarga munosib turmush sharoiti yaratishga kirishdi. Mamlakatimiz rahbarining 2018 yildagi farmoni bilan qabul qilingan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 5 millionga yaqin yurtdoshimiz yashaydigan 1 ming 200 ta mahalla va qishloqdagi sharoitlar yaxshilandi.
Biroq o'tgan yilgi murakkab pandemiya sharoiti bu borada boshlangan ishlarni vaqtincha to'xtatib qo'ydi. Shu sabab bugungi kunda yurtimizda sharoiti og'ir bo'lgan 796 ta qishloq va shahardagi 188 ta mahalla, elektr ta'minoti qoniqarsiz ahvolda bo'lgan 4 mingdan ziyod maskanni obod qilish, aholisini qiynayotgan barcha muammolarni hal etish vazifasi oldimizda turibdi.
Joriy yil 24 mart kuni Prezidentimiz raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida bu boradagi amaliy ishlar muhokama qilinib, bajarilishi lozim bo'lgan muhim vazifalar belgilandi. Xususan, qishloq joylarda zarur shart-sharoitlar yaratib berish, aholining turmush darajasi va yashash sharoitini yaxshilash, yo'llar, ijtimoiy ob'ektlar, maktab, bog'cha, poliklinikalarni ta'mirlash va boshqa shu kabi masalalar uchun tashqi qarz jalb etmasdan, jami 21 trillion so'm yo'naltirilishi xalqimizning uzoq kutilgan orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish, yangilanishlar ostonasiga qadam qo'yishiga zamin yaratdi, desak mubolag'a emas.
Bu maqsadlar uchun O'zbekiston tarixida buncha katta mablag' ajratilmagan. Demak, endi bu mablag'larni loyiha bilan, halol-pok ishlatib, odamlarga munosib sharoit yaratish, ayniqsa, qishloq aholisining eng katta muammolaridan bo'lgan ichimlik suv, yo'l, elektr energiyasi bilan bog'liq birlamchi hayotiy masalalarini hal qilib berish lozim bo'ladi.
Qishloqlarga infratuzilma borsagina, hayot sifati o'zgaradi, tadbirkorlik rivojlanadi. Shu jihatdan joriy yil “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari yangi yondashuvlar asosida shakllantirildi. Aholi talablaridan kelib chiqib, 206 ta tuman va shahar hokimlari, yo'l, elektr ta'minoti, kommunal xizmat va tadbirkorlikka mas'ul rahbarlar bilan birma-bir gaplashilib, 8 mingta mahallada bajarilishi lozim bo'lgan ishlar belgilab olindi. Bunda obodonchilik bilan bir qatorda ish o'rinlari tashkil etish, aholini kambag'allikdan chiqarish masalalari ham ko'zda tutilgan.
Yig'ilishda bundan buyon “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga qaysi mahalla yoki qishloq kirishini mahalliy kengashlar belgilashi, tuman va shahar hokimining iqtisod, qurilish va mahalla masalalari bo'yicha o'rinbosarlari zarur mablag'lar va amalga oshiriladigan ishlarni aniq hisob-kitob qilib, mahalla raisi bilan birga hududiy kengashlarda himoya qilishi aytildiki, bu inson manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan mutlaqo to'g'ri va nihoyatda oqilona qarordir.
Boisi, ular doim xalqning ichida yuradi, eng quyi tizimdagi ahvolni yaxshi biladi, odamlarni nima qiynayotgani, qaysi ko'chaning yo'li ta'mirga muhtoj, qaysi mahallada bog'cha yo'q, elektr energiyasi, gaz ta'minoti qoniqarli ahvolda emasligidan xabardor. Mahalliy kengashlar har bir mahalla kesimida ijtimoiy soha, ichimlik suv, yo'l-transport va infratuzilma obyektlari manzilli dasturini tasdiqlashi ko'plab muammolar yechimiga xizmat qiladi.
Yig'ilishda Vazirlar Mahkamasi va viloyat hokimliklariga o'n kun muddatda dasturga kiritilgan barcha qishloq va mahallalarda qurilish ishlarini boshlash vazifasi qo'yildiki, bu qishloq joylarda yashovchi ming-minglab fuqarolarimizning ko'nglini tog'day ko'tardi, ularni mamnun etdi. Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og'ir 325 ta qishloq va 71 ta mahallani kompleks rivojlantirish uchun ularda ichimlik suv va elektr tarmoqlari, ichki yo'llar, ijtimoiy obyektlar qurish hamda ta'mirlash uchun 3 trillion 300 milliard so'm ajratilishi ko'plab oilalarga baxt, quvonch, shodlik olib kirishi aniq. Shuningdek, 2 ming 721 ta mahalladagi 10 ming kilometrdan ortiq ichki yo'llarni ta'mirlashga 2 trillion so'm, 500 ta mahallaga 4 ming kilometrdan ortiq ichimlik suv tarmog'i tortish uchun 1 trillion so'm ajratilishi yangi O'zbekistonda odamlarning orzu-umidlarini ro'yobga chiqarish uchun barcha chora-tadbirlar ko'rilayotganidan dalolatdir.
Elektr ta'minotini yaxshilash dolzarb ekanini hayotning o'zi ko'rsatmoqda. Negaki, elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolar uzoq yillar davomida to'planib qolgan, xalqning eng ko'p noroziligiga sabab bo'layotgan edi. Yashirishning hojati yo'q, yaqin-yaqingacha aksariyat joylarda, olis qishloq va mahallalarda elektr ta'minotida tinimsiz uzilishlar kuzatilar, bunday holat hatto kunduz kunlari ham ro'y berardi. endi bunday muammolar yuzaga kelmaydi. Oxirgi to'rt-besh yilda yurtimizda elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlash borasida katta qadamlar tashlandi. Birgina joriy yilda 5 ming 377 ta mahalladagi 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari hamda 4 mingdan ortiq transformatorni yangilash belgilanayotgani, ushbu chora-tadbirlarga qariyb 2 trillion 100 milliard so'm yo'naltirilishi ayni muddaodir.
Yana bir muhim jihat, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida qilinishi lozim bo'lgan ishlar faqat qishloq va mahallalarni obod qilish yoki ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan binolarni zamonaviy qiyofaga keltirish emas. Dasturda asosiy e'tibor hududdagi ishsizlik bilan bog'liq muammolarga yechim topishga ham qaratilgan. Bu jarayonda, birinchi navbatda, ijtimoiy himoyaga muhtoj, eng og'ir sharoitda yashayotgan nogironligi bor shaxslar, kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalar, ishsiz insonlarning muammosini hal qilishga katta kuch tashlanadi. Ularga tayyor uy berish yoki uyini ta'mirlash yo'li bilangina emas, balki imkoniyati darajasida ishlab hayotda o'z o'rnini topishi uchun sharoitlar yaratish yo'li bilan ham ko'maklashiladi. Kasb-hunarga o'qishi, kafolatlangan ish bilan band bo'lishi va uyda tadbirkorlikni yo'lga qo'yishi uchun barcha imkoniyatlar yaratiladi. Bu esa “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlarini dunyoda o'xshashi yo'q, noyob va yangi tizim deyish uchun yetarlicha asosdir.
Tadbirkorlik va bandlik dasturlarini mahallaga bog'lab, 500 ming nafar yosh va 200 ming ayolni ish bilan ta'minlash, “Temir daftar”ga kiritilgan 300 ming aholini kambag'allikdan chiqarish maqsad qilib qo'yilgan. Birgina joriy yilning o'zida oilaviy tadbirkorlik dasturlari uchun 9 trillion so'm resurs yo'naltirilishi, shuningdek, 1 trillion so'm mablag' evaziga 128 ta mahallada kichik sanoat zonalari tashkil etilishi qanchadan-qancha ishsiz yoshlar va xotin-qizlarning bandligini ta'minlashga xizmat qiladi. Bu borada Bosh vazir o'rinbosarlari, Savdo-sanoat palatasi raisi va Biznes ombudsmanga tadbirkorlar bilan muntazam uchrashuvlar o'tkazib, muammolarini hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Dasturlarda ijtimoiy sohalarni rivojlantirish chora-tadbirlari ham belgilangan. Xususan, “Obod qishloq” dasturi doirasida 379 ta maktab, 171 ta maktabgacha ta'lim va 161 ta tibbiyot muassasasini, “Obod mahalla” dasturi doirasida 57 ta maktab, 37 ta bog'cha va 15 ta tibbiyot maskanini qurish-ta'mirlash ishlari olib boriladi. Sog'liqni saqlash vazirligiga “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kirgan aholi punktlarining “tibbiy xaritasi”ni shakllantirish vazifasi qo'yildi. Sektor rahbarlari o'z hududida bajarilayotgan ishlar bo'yicha mahalliy kengashlarda hamda ommaviy axborot vositalari orqali aholiga hisobot berishi zarurligi aytildi.
Yig'ilishda davlat mablag'larini talon-toroj qilish hamon og'riqli masala bo'lib qolayotgani bejiz ta'kidlanmadi. Haqiqatan ham, keyingi paytda davlat mablag'lari o'zlashtirilgani haqidagi xabarlarga ko'p duch kelyapmiz. Bu borada zarur choralar ko'rilayotgan bo'lsa-da, xalqning pulini o'zlashtirish holatlari kamaymayapti. SHuning uchun endi bu masalada qat'iy tartib o'rnatish darkor.
Prezidentimiz Bosh prokuror o'rinbosariga har haftada bittadan viloyatdagi ishlar ahvolini o'rganib, natijasi bo'yicha axborot kiritish yuzasidan topshiriq berdiki, bu deputatlar zimmasidagi mas'uliyatni ham yanada oshiradi. Bundan buyon ular mamlakatimiz hududlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida davlat tomonidan yo'naltirilayotgan katta hajmdagi mablag'larning to'g'ri va unumli ishlatilishi ustidan parlament va deputatlik nazoratini o'rnatadi.
Bugun yangi O'zbekistonda islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgani uchun hayotimizda har kuni qandaydir bir muhim o'zgarish, yangilik bo'lyapti. Yig'ilishda belgilangan vazifalardan so'ng bunday o'zgarishlar endi jadallashishiga qat'iy ishonch hosil qildik. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan g'oyat ezgu tashabbus — “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlardan ko'zlangan pirovard maqsad shahar va qishloqlarda birdek zamonaviy shart-sharoit yaratish, odamlarning hayotdan rozi bo'lib yashashiga erishishdir.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri o'rinbosari