Hayotimiz farovonligi asosi

    Fikr 19 Yanvar 2021 4163

    2020-yilga koronavirus pandemiyasi sharoiti, tabiiy va texnogen falokatlar oqibatida yuzaga kelgan muammolarni eslab nazar soladigan boʻlsak, nafaqat sinovlarni yengib oʻtganimiz, balki qator yutuqlarga erishganimizni ishonch bilan ayta olamiz. Bu jihatlar Prezidentimiz Murojaatnomasida oʻz ifodasini topdi.

    Oʻtgan yildagi barcha murakkab holatlar obyektiv xususiyatga ega ekaniga qaramasdan, davlatimiz rahbari oʻzining “Inson manfaatlari — hamma narsadan ustun” degan tamoyiliga sodiq qoldi. Davlatlararo chegaralar yopilgan ­boʻlsa-da, 600 mingdan ortiq vatandoshimiz yurtimizga olib kelindi. Buning uchun diplomatik, sanitar-epidemiologik, transport-logistik va boshqa zarur resurslar safarbar qilindi.

    Albatta, buni birdaniga amalga oshirishning imkoni boʻlmadi. Lekin fuqarolarimiz chet mamlakatlarda oʻz holiga tashlab qoʻyilmadi, 100 mingga yaqin yurtdoshlarimizga yordam berildi. Bundan tashqari, xorijiy davlatlardagi elchixonalarimiz va oʻz yordamlarini ayamagan volontyorlar tomonidan qiyin vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi.

    Pandemiya sababli qiynalib qolgan oddiy fuqarolar va tadbirkorlar ham eʼtibordan chetda qolmadi. Ularga turli soliq imtiyozlari taqdim qilindi, kredit qarzlarini toʻlash muddatlari uzaytirildi va 66 trillion soʻmdan iborat moliyaviy koʻmak koʻrsatildi. Butun xalqimizni birlashtirgan “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati doirasida 800 mingdan ziyod kam taʼminlangan oilalarga 1 trillion soʻmdan ortiq moddiy yordam berildi.

    Albatta, ehtiyojmandlarning barcha muammolarini birdaniga hal qilish qiyin. Moddiy yordam taqsimlanishi jarayonida Bosh prokuratura qonun buzilishi holatlarini ham aniqladi. Biroq insonlarning manfaatlari davlat uchun eng muhim ustuvorlikka egaligi shubhasiz.

    Eʼtiborlisi, pandemiya va u bilan bogʻliq masalalar Murojaatnomada eng koʻp tilga olindi. Yutuqlar haqida soʻz ketganida, diqqatga sazovor bir nechta omillarni qayd etish oʻrinli boʻlardi.

    Birinchidan, koronavirus epidemiyasi obyektiv ravishda nazoratga olindi. Prezidentimizning qatʼiy topshirigʻi va tavsiyalari asosida epidemiyaning dastlabki davrida yuzaga kelgan sarosimani yengib oʻtib, sogʻliqni saqlash tizimida toʻla safarbarlikni yoʻlga qoʻyishga erishildi. Qisqa muddat ichida bemorlarga malakali tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadida 30 mingga yaqin oʻrin tashkil qilindi.

    200 mingdan ortiq tibbiyot xodimlari va 150 nafar xorijiy mutaxassis jalb qilindi. Hozirda kasallanishning kunlik oʻsish koʻrsatkichi 70 tadan oshmayapti. Bu dunyodagi eng past koʻrsatkichlardan biridir.

    Ikkinchidan, yana bir jihatni alohida aytish kerak. Yaʼni, oʻtgan yilda 1 milliard dollar miqdorida meva va sabzavot eksport qilindi. 2020-yilda paxtaning hosildorligi ham 10 foizga oshdi. Binobarin, oldingi yillarda biz paxta tolasining eksportidan bunday koʻrsatkichga erishmaganmiz. Bunda xususiy xoʻjaliklar va klasterlarning xizmati beqiyos. Ahamiyatlisi, bunday natijaga talaba va byudjet idoralari xizmatchilarini jalb qilmasdan, davlat tomonidan maxsus imtiyoz hamda preferensiyalar berilmasdan erishildi. Aksincha, yangi ish oʻrinlari yaratildi, mamlakatga suv va energiyani ortiqcha sarflamaydigan, ekologik toza mahsulot yetishtirish imkonini beradigan yangi qishloq xoʻjaligi texnikalari, texnologiyalar olib kelindi.

    Bu agrar sohada amalga oshirilgan islohotlar dastlabki natijalarining oʻta muhim koʻrsatkichlaridir. Zero, buning zamirida oʻtgan bir necha oʻn yillar davomida bozor iqtisodiyoti mantigʻiga toʻgʻri kelmaydigan, minglab odamlarni dalalarga olib chiqish va faqat paxta xomashyosini yetishtirishga ixtisoslashgan tizim oʻrniga yangi, bozor munosabatlari hamda zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yondashuv mavjud.

    Uchinchidan, yoshlarimizni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 25 foizgacha yetkazildi. Toʻrt yil oldin mazkur koʻrsatkich 9 foizdan oshmas edi. Mamlakat bu indikator boʻyicha dunyoda eng oxirgi oʻrinda boʻlib, fuqarolar urushi davom etayotgan Afgʻoniston bilan yonma-yon edi.

    Mamlakatda yangi oʻquv muassasalari va yetakchi xorijiy oliy taʼlim muassasalarining filiallari tashkil qilinmoqda. Bu uzoq vaqt mobaynida obyektiv tarzda yuzaga kelgan oʻta muhim vazifalardan biri, yaʼni, turli sohalarda yetuk mutaxassislar zaxirasini shakllantirishga qaratilgan.

    Toʻrtinchidan, sudlar mustaqilligi taʼminlanishi natijasida 2020-yilning oʻzida 719 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarildi. Eslatib oʻtish kerak, 4 yil oldin bu kabi oqlov hukmlari mavjud emas edi. Albatta, bu koʻrsatkich sudlarimiz toʻliq mustaqillikka erishdi, degani emas. Ammo bu boradagi statistika koʻp jihatlarni oydinlashtiradi. Agar ilgari tadbirkorlarimiz va fuqarolar davlat idoralariga nisbatan sud jarayonlarida kamdan-kam holatlarda gʻolib boʻla olgan boʻlsa, bugungi kunda raqamlar buning aksini koʻrsatmoqda. 2017-yildan boshlab maʼmuriy sudlar tomonidan qariyb 70 foiz ishlar fuqaro va tadbirkorlar foydasiga qanoatlantirilgan.

    Beshinchidan, yurtimizda kechayotgan yangilanishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmoqda va Oʻzbekistonning global maydondagi nufuzini oshirmoqda. Tarixda birinchi marta Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzosi etib saylandi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston AQSH Davlat departamentining diniy erkinlik sohasidagi maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar roʻyxatidan chiqarilishi amalga oshirilayotgan keng koʻlamli demokratik islohotlarimizga berilgan yuqori baho boʻldi.

    Shu bilan birga, Prezidentimiz oʻz Murojaatnomasida nafaqat bajarilgan ishlar sarhisobiga toʻxtaldi, balki keyingi islohotlar uchun keng koʻlamli dasturni eʼlon qildi. Uning oʻziga xos xususiyati oʻta aniq va qatʼiy natijalarga qaratilganida namoyon boʻladi.

    Jumladan, davlatimiz rahbari Murojaatnomada 150 dan ortiq tashabbus va takliflarni ilgari surdi. Bu jarayonda birorta ham soha eʼtibordan chetda qolmadi.

    Murojaatnomada ilgari surilgan vazifalarni moliyalashtirish koʻlami ham katta ahamiyatga ega. Iqtisodchilarning hisob-kitoblariga koʻra, Murojaatnoma doirasida eʼlon qilingan tashabbuslar, loyihalar hamda vazifalarga 25,6 trillion soʻm va 1,4 milliard dollar miqdorida mablagʻ ajratish rejalashtirilgan.

    Prezidentimiz Murojaatnomasining asosiy mazmuni ijtimoiy rivojlanishdir. Xalq farovonligi, odamlarning turmush darajasini har tomonlama yaxshilash masalalari koʻp bor taʼkidlandi.

    Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi mutaxassislari lingvistik tahlili davlatimiz rahbari Murojaatnomasida ijtimoiy sohaga boʻlgan eʼtiborning evolyutsiyasini yaqqol namoyon etadi. Agar 2017-yilda ijtimoiy mavzularga oid soʻzlar nutqning 11 foizini tashkil qilgan boʻlsa, 2020-yilda ushbu koʻrsatkich 28 foizga yetdi.

    Ushbu anʼana bu yil ham davom ettirilib, Prezident ilgari eʼlon qilgan rivojlanish yoʻliga sodiq qoldi. Murojaatnomaning eng katta va muhim qismi ijtimoiy muammolar va iqtisodiy rivojlanish masalalariga bagʻishlandi. Umuman olganda, Prezidentimiz aholini ijtimoiy himoya qilish samaradorligi hamda fuqarolar turmushi farovonligini oshirish va ularning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan 70 dan ortiq tashabbuslarni eʼlon qildi.

    Kambagʻallikni qisqartirish Murojaatnomaning asosiy maqsadidan biriga aylandi. Prezident ushbu masalalar yechimiga batafsil toʻxtaldi. Xususan, birinchi navbatda, bandlikni taʼminlash masalasiga alohida urgʻu berildi. Bu borada mahallalarda 1000 dan ortiq kasb-hunar taʼlimi markazlarini tashkil etish loyihalarini taʼkidlash lozim. Oʻquv kurslarini tugatgan va xususiy tadbirkorlik bilan shugʻullanishni istaganlarning barchasi zarur uskunalarni sotib olishi uchun 7 million soʻmgacha subsidiyalar olishi mumkin. Bundan tashqari, aholining ehtiyojmand qatlamlarini ish bilan taʼminlash uchun bandlikka koʻmaklashish va Jamoat ishlari jamgʻarmalariga 500 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

    Aholi Murojaatnomadan oʻzlarini oʻylantirib kelayotgan savollarga batafsil javob topdi. Bu borada ham davlatimiz rahbarining oddiy xalq bilan toʻgʻridan-toʻgʻri uchrashuvlari, oʻzaro muloqoti taʼsirini yaqqol sezish mumkin. Bu Shavkat Mirziyoyevning hududlarga tashrifi davomida yoki tadbirlardagi ishtirokida oʻzgarmas amaliyotga aylanib ulgurgan. Prezidentimiz xalq va yoshlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot orqali barcha “ogʻriqli nuqtalar” va mavjud kamchiliklar haqida bevosita tasavvurga ega boʻladi.

    Shu sababli, Murojaatnomada keng qamrovli manzilli choralar koʻrsatilgan. Yoshlarni, kam taʼminlangan, eʼtiborga muhtoj oilalar farzandlarini, yetim bolalarni, oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash, maktablar, bolalar bogʻchalari qurish, teatrlar, muzeylar, madaniyat, sport muassasalarini bunyod etish, rekonstruksiya qilish, shaharu qishloqlarda yoʻllar qurish va taʼmirlash shular jumlasidan. Oddiy odamlar ehtiyoj va talablariga nisbatan bunday yondashuv, shubhasiz, Prezidentimizning xalq fikr-mulohazalarini tinglab, ularni qiynayotgan savollarga oʻz vaqtida javob berishini, ayni paytda muntazam tegishli chora-tadbirlar qoʻllayotganini namoyon qiladi.

    Bu borada aholini gaz bilan uzluksiz taʼminlash masalasida zudlik bilan koʻrilgan chora-tadbirlarni alohida qayd etish lozim. Jumladan, davlatimiz rahbari bu muammoning yechimi sifatida qoʻshimcha gaz talabining 35 foizi eksport resurslarini ichki bozorga yoʻnaltirish, qolgan qismi import hisobidan qoplanishini belgilab berdi. Bundan tashqari, 2021-yildan tabiiy gaz yetkazib berishda monopoliyaga barham berish rejalashtirilgan. Ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilar gazni birjada sotish imkoniga, ulgurji isteʼmolchilar esa uni sotib olish huquqiga ega boʻladi. Suyultirilgan gaz bozorida xususiy sektorning ishtiroki kengaytiriladi va uni import qilishda boj toʻlovlari bekor qilinadi.

    Murojaatnomada jamiyatda eng koʻp muhokamalarga sabab boʻlgan mavzu —avtomobillar bozoridagi monopoliya masalasi ham koʻtarildi. Ushbu sohada raqobatni kuchaytirish maqsadida korxonalarga teng imkoniyatlar yaratish va avtomobil sanoati ishlab chiqaruvchilari sonini koʻpaytirish koʻzda tutilmoqda.

    Korrupsiya muammosi boʻyicha Moliya vazirligiga davlat organlarining byudjetdan tashqari jamgʻarmalar daromadi va xarajati, davlat ishtirokidagi tashkilotlar xaridlari, shuningdek, davlat subsidiyalari hamda grantlari toʻgʻrisidagi maʼlumotni chop etish amaliyotini yoʻlga qoʻyish koʻrsatib oʻtildi.

    Bu tizim orqali davlat muassasalari faoliyatining ochiqligini yuqori darajada taʼminlashga erishiladi. Bu, oʻz navbatida, davlat idoralari faoliyati jamoatchilikning qatʼiy nazoratida boʻlishiga zamin yaratadi.

    Murojaatnomada, shuningdek, yoshlar va taʼlimga boʻlgan alohida eʼtiborni ham taʼkidlash lozim. Jahon tajribasi shuni koʻrsatadiki, inson ishtirokisiz hech qanday olgʻa siljishni amalga oshirishning imkoni yoʻq. Aynan odamlar mamlakatning asosiy ustunligi va kapitalidir.

    Joriy yilning “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi ushbu mantiqqa toʻla mos keladi.

    Prezidentimiz yoshlar bilan uchrashib, bevosita muloqot qilish orqali yigit-qizlarimizda jamoat ishlariga kirishish, islohotlarni “yuqoridan pastga” tamoyili boʻyicha amalga oshirilishini kutish emas, aksincha, tashabbusni quyidan koʻrsatishga tayyor ekanini koʻra oldi. Yoshlardagi faollik va ishga boʻlgan yondashuv koʻplab amaldorlarda yetishmasligini davlatimiz rahbari tanqidiy qayd etib oʻtdi.

    Kreativ, erkin, ilmli yoshlar islohotlar jarayonining asosiy drayveri, Oʻzbekistonning raqobatbardosh ustunligi boʻla oladi va shunday boʻlishi ham lozim. Buning uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda, shuningdek, taʼlim olish, ijod qilish va yosh avlodni mamlakat hayotida ishtirok etishi uchun sharoit yaratilmoqda.

    Xususan, oliy taʼlim muassasalaridagi davlat granti uchun ajratilgan oʻrinlar 25 foizga, shu jumladan, ehtiyojmand oilalar qizlari uchun ikki barobarga oshiriladi. Bu yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrovi darajasini yana-da oshirish imkonini beradi.

    Oliygohlar va ilmiy muassasalarda doktorantlar sonini 4,5 minggacha yetkazish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda byudjetdan qoʻshimcha 240 milliard soʻm ajratiladi. 2021-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi doirasida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga taʼlim olish uchun yuboriladigan yoshlar soni birdaniga besh barobarga oshiriladi.

    Shubhasiz, ushbu sohaga qaratilayotgan eʼtibor va ajratilayotgan mablagʻlar kelajak uchun kiritilgan eng yaxshi investitsiyadir. Zero, mashhur amerikalik siyosatchi Benjamin Franklin taʼkidlaganidek, bilimga kiritilgan sarmoya eng yaxshi natija beradi.

    Butun Yevropaning iqtisodiy oʻsish dvigateli hisoblangan Germaniya taʼlim va ilmiy tadqiqotlar uchun xarajatlarni yildan-yilga barqaror oshirib bormoqda. Oʻz navbatida, Xitoyda aniq fanlar va informatikani chuqurlashtirib oʻrganishga boʻlgan saʼy-harakat mamlakatda yangi turdagi — innovatsion iqtisodiyot shakllanishida muhim rol oʻynadi. Bugun Xitoy Global innovatsiyalar indeksida 14-oʻrinni egallaydi va ushbu yoʻnalishda yetakchilardan biri hisoblanadi.

    Prezidentimiz tomonidan Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili uchun bildirilgan tashabbuslar roʻyobga chiqishi yoshlarning oʻz qobiliyatini namoyon qilishida ularni qoʻllab-quvvatlash, salohiyatini roʻyobga chiqarish imkonini beradi.

    Murojaatnoma islohotlarimiz boshida har bir inson, uning manfaatlari va farovonligi turganini yana bir bor koʻrsatib berdi. Bu davlatimiz rahbarining asosiy maqsadidir.

    Eldor ARIPOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo

    tadqiqotlar instituti direktori