Hayrat va unutilmas tassurotlarga boy sayohat

    Toshkent viloyati purviqor tog'lariyu, yashillikka burkangan kengliklari, nabotot olami bilan o'ziga xos jozibador tabiatga ega. Aslida hudud ohanrabosi ham shunda.

    Toshkent viloyati purviqor togʻlariyu, yashillikka burkangan kengliklari, nabotot olami bilan oʻziga xos jozibador tabiatga ega. Aslida hudud ohanrabosi ham shunda. Yilning toʻrt faslida ham sayyohlarning qadami uzilmaydi. Eʼtiborlisi, tashrif buyuruvchilar safi yildan-yilga kengayib bormoqda.

    Keling, birgina viloyat misolida turizm rivojining aholi real daromadlari oshishi, bandlikni taʼminlash hamda iqtisodiy salohiyati yuksalishidagi ahamiyatini, bunga zamin hozirlagan omillarni tahlil qilib chiqsak.

    Tashrif buyuruvchilar oqimi qariyb 12 barobar ortdi

    — Hududimiz sayyohlik sohasida keng imkoniyatlarga ega, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari — turizm va sport bosh boshqarmasi boshligʻi Jamshid Bobojonov. — Shu bois, mazkur sohani yanada rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Ayniqsa, soʻnggi yillarda infratuzilmani yaxshilash, sayyohlik yoʻnalishlarini koʻpaytirish, mehmonlarning mazmunli madaniy hordiq chiqarishlari uchun xalqaro standartlar asosida sharoitlar yaratish borasida katta ishlar amalga oshirildi.

    Bu kabi saʼy-harakatlar amalda oʻz samarasini bermoqda. Agar 2017-yildagi va hozirgi koʻrsatkichlarni solishtirsak, farq juda katta ekani koʻrinadi. Oʻsha paytda mehmonxonalar, hostellar hamda oilaviy mehmon uylari soni 152 tani tashkil etgan boʻlsa, bugungi kunga kelib, 1007 taga yetdi. Yaʼni hozir 97 ta mehmonxona, 765 ta oilaviy mehmon uyi, 30 ta hostel, 30 ta bolalar dam olish oromgohi, 59 ta vazirlik va idoraning oromgohlari, 26 ta sanatoriy va boshqa sogʻlomlashtirish obyektlari faoliyat yuritmoqda.

    Yana bir misol. 2017-yilda viloyatimizga 128 ming 300 mahalliy, 14 ming 600 xorijiy sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, 2021-yilning 8 oyi mobaynida 1 million 850 ming mahalliy va 50 ming nafar chet ellik kelgani sohada qanday ulkan oʻsish roʻy berganini anglatadi.

    Kelgusi besh yilda Toshkent viloyatiga sayyohlar oqimini 10 barobar oshirish borasida jadal harakatlar olib borilmoqda. Shuningdek, 50 ta mehmonxona, 1000 ta oilaviy mehmon uyi, 60 ta hostel, 60 ta dam olish maskani, 10 ta sanatoriy va boshqa sogʻlomlashtirish obyektlari barpo etilishi rejalashtirilmoqda.

    “Sizga bir sirni ochaymi?”

    Parkentning Kumushkon qishlogʻidagilar Antonina Madaliyevani yaxshi tanishadi. Asli rus millatiga mansub Antonina opa oʻzbek xonadoniga kelin boʻlib tushganida 17 yoshda edi.

    — 63 yoshdan oshganimda oʻz xonadonimda oilaviy mehmonxona tashkil etib, tadbirkorlar safiga qoʻshildim, — deydi A.Madaliyeva. — Bankdan 30 million soʻm kredit oldik. Sohani yaxshiroq bilishim uchun onlayn kursda oʻqib, sertifikat ham oldim. Biznes yoʻl-yoʻrigʻini puxta egallash uchun yoshning farqi yoʻq. Turmush oʻrtogʻim, farzandlarim koʻmagida ham mehmonxona, ham moʻjazgina uy-muzeyi tashkil etdik. Muzeyimizni “Ali bobo” deb nomladik. Hovlimizga tashrif buyurgan sayyohlar noodatiy bezaklarga boy xonalarimizni koʻrib, zavqu shavqqa toʻladi. Muzeyni tomosha qilganlarning hayratini koʻrib, oʻzimning ham shavqim oshadi.

    Nega deysizmi? Chopondan tortib, paranji-chachvon, qadimiy doʻppilar, poyondozu gilamlar, turli taqinchoqlar, oʻtgan asrlarda ishlangan misgarlik va kulollik buyumlaridan tortib, nodir va noyob sopol buyumlarni ajib bir qiziqish bilan tomosha qilish baribir boshqacha-da!

    Sizga yana bir sirni ochaymi? Yaqinda poytaxt muzeylaridan tomoshaga kelgan mutaxassislar: “Opa, qadimiy buyum va jihozlaringiz koʻp ekan, bizga sotmaysizmi?”, deb soʻradi. Men “Yoʻq” dedim. Xudo xohlasa, muzeyimni yanada kengaytiraman.

    Samimiy chehrasidan tabassum arimaydigan Antonina opaning hovlisida oʻzgacha fayzu tarovat hukmron. Gulu rayhonlar yon-atrofga yoqimli iforlar taratib turibdi. Ikki qavatli moʻjazgina mehmon uyida esa barcha shart-sharoitlar ­muhayyo.

    Ovjazsoy — tadbirkorlar qishlogʻi

    Qurama togʻ tizmasida joylashgan Ovjazsoyda bundan uch-toʻrt yil ilgari nari borsa 3 yoki 4 ta tadbirkor boʻlardi. Ular ham savdo-sotiq bilan shugʻullangan. 1,5 mingdan ziyod aholining asosiy tirikchiligi ­chorvachilik va dehqonchilikdan iborat edi.

    Bugun esa qishloq ahlining koʻpchiligi sayyohlik sohasida tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqda.

    Oʻrozali Sherov ana shunday ishbilarmonlardan biri. 2018-yilda u mehmon uyi ochib, togʻ yonbagʻridagi tabiiy buloq suvidan bahramand boʻlishni istovchilar uchun xonadonida qulay shart-sharoit yaratdi.

    — Bundan uch yil oldin Gʻazalkentdagi tanishlarimning sayyohlar uchun chiroyli joylar bunyod qilayotganiga guvoh boʻldim. Shundan soʻng men ham qiziqib qoldim, — deydi u. — Oila aʼzolarim bilan maslahatni bir joyga qoʻyib, bankdan kredit oldik. Tumanimizdagi Davlat xizmatlari markazi xodimlari bizga yoʻl-yoʻriq koʻrsatdi. Mehmonlarni qanday kutib olish, ularga sharoitlar yaratish, xullas, bilmaganimizni oʻrgandik. Biznes deganining oʻzi boʻladimi?! Mahalla va tuman mutasaddilari yordamida hash-pash deguncha ishlarimiz yurishib ketdi. Mana, hozir oilaviy mehmon uyimiz bor. Daromadimiz havas qilsa arzigulik. Oilamiz toʻkin, birovdan kam joyimiz yoʻq.

    Oʻrozali akaning mehmon uyida boʻlganimizda moʻjazgina hayvonot bogʻiga koʻzimiz tushdi. Quyon, tipratikan, ilon, tustovuq singari ellikka yaqin jonzot parvarishlayotgan tadbirkor xonadonidan shuning uchun ham sayyohlar qadami uzilmaydi. Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Belarus va boshqa koʻplab xorijiy davlatlardan sayyohlar kelib, Oʻrozali akaning mehmoni boʻlib ketdi.

    Bugungi kunda Ovjazsoyda 2 ta dam olish maskani, 10 dan ortiq mehmon uyi faoliyat koʻrsatmoqda.

    Biznes boshlash uchun yoshning ahamiyati yoʻq

    Angrenlik Oysha Oʻrolova 20 yoshida biznes olamiga dadil qadamlar bilan kirib kelgan. Hozir 26 yoshda. Oysha ham oʻz biznesini sayyohlik yoʻnalishida tashkil etgan. Unga tegishli “Istiqbol” mehmonxonasi nafaqat yurtdoshlarimizga, balki xorijlik sayyohlarga ham birday manzur boʻlyapti.

    — Tadbirkorlikka qiziqishim kollejda boshlangan. Turli yangi gʻoyalarni tuzishda tashabbuskor edim. Yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar menga asqatdi. Kollejni tugatish arafasida ustozim Shohista Madiyorova yordamida oʻz loyihalarim bilan kirib biznes olamiga keldim, — deydi Oysha Oʻrolova. — Ustozim menga koʻmakdosh va hammaslak boʻldi. Bilmaganimni oʻrgatdi. Hozir 3 ta mehmonxona va bitta oilaviy mehmon uyimiz mavjud. Davlatimiz tomonidan biz, yoshlarga yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar bugun oʻz mevasini bermoqda. Bundan cheksiz minnatdorman. Oddiygina oilada 4 farzandni voyaga yetkazayotgan ota-onam qarorimni qoʻllab, menga qanot boʻldi, uch singlim va ukam eng yaqin koʻmakchilarim.

    Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ajratib bergan oʻn million soʻm mablagʻ yosh tadbirkorning oʻz biznesini yoʻlga qoʻyishida mustahkam zamin boʻldi. Soʻngra 100 million, keyin 200 million soʻm kredit olib, faoliyatini kengaytirib bordi. Endi esa Oysha bankdan 1,5 milliard soʻm kredit olib, yanada katta marralarni koʻzlamoqda.

    Toshkentning “Oltin halqa”si

    Qabul qilingan qator farmon va qarorlar viloyat turizm salohiyatining yuksalishida muhim turtki boʻldi.

    Xususan, Oʻzbekiston Prezidentining 2020-yil 27-avgustdagi “Boʻstonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-dekabrdagi “2019-2021-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini jadal rivojlantirish toʻgʻrisida”gi hamda 2020-yil 10-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasida turizm sohasini tiklash va rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari ijrosi doirasida viloyatning Boʻstonliq, Ohangaron, Parkent, Boʻka, Chinoz, Zangiota tumanlari va Angren shahrini “Oltin halqa” turizm konsepsiyasi asosida rivojlantirish belgilangan.

    Shuningdek, Parkent tumanida Kumushkon turizm qishlogʻi tashkil etilishi ham rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda ushbu qishloqda 50 ta mehmon uyi, 1 ta mehmonxona va 1 ta sogʻlomlashtirish markazi bunyod etildi. Oʻz navbatida, qishloq aholisi va xorijiy investorlarni tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 34371 ga yer maydoni ajratilgan.

    Muxtasar aytganda, sayyohlik sohasida viloyatda qoʻlga kiritilgan bu natijalar hali boshlanishi. Iqtisodiy oʻsishlar yuksalishi doimo bardavom boʻlaversin. Buning uchun esa barcha imkoniyatlar yetarli.

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri