— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni, “Yetim bolalar  va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish choratadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari aynan ana shu shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ularda bolalar huquqini himoya qilishning mukammal institutsional, tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, bolalarga taʼlim, uy-joy, mehnat qilish va sogʻligʻini saqlash boʻyicha imtiyozlar berish tizimi qamrab olingan.

Ushbu hujjatlarning mazmuni va muhimligi nuqtayi nazaridan fikr yuritganda, milliy davlatchiligimiz taraqqiyotida bu kabi farmon va qarorlar birinchi marta qabul qilingan tarixiy hujjatlar ekanini taʼkidlash oʻrinli.

Bu meʼyoriy hujjatlarda belgilangan imtiyozlar, birinchi navbatda, bolalar huquqini himoya qilishning tashkiliy institutsional yoʻnalishini yaratish hamda davlatning bolalar va ayniqsa, yetim bolalarga gʻamxoʻrligini taʼminlashga qaratilgan. Xususan, 2021-yil 9-avgustdagi “Bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni asosida bolalar huquqini ishonchli himoya qilishning institutsional asoslarini tubdan takomillashtirish hamda bolalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida dunyo hamjamiyatida yangi tuzilma — Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili (Bolalar ombudsmani) instituti taʼsis etildi. Yetim bolalar huquqini yetarli darajada himoya qilish uchun Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalariga Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi masʼul etib belgilandi.

Yetim bolalar huquqini himoya qilishni doimiy taʼminlash va nazoratini olib borish uchun Milliy gvardiyada alohida qoʻmondon oʻrinbosari lavozimi va alohida boshqarma, Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida “Harbiy vatanparvarlik, maʼnaviy-maʼrifiy tarbiya va yoshlar bilan ijtimoiy ishlash” kafedrasi tashkil etilib, ular bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, Milliy gvardiyaning harbiy qismlari, poligonlari, “chavandozlar maktablari”da harbiy texnikadan foydalanish, ot sportiga oʻrgatish vazifalari bilan shugʻullanadi.

Bolalar huquqini himoya qilishning institutsional asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida yangi tuzilma — Bolalar masalalari boʻyicha milliy komissiya, Bolalar masalalari boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda tuman (shahar) komissiyalari (hududiy komissiyalar) tashkil etildi.

Milliy komissiyaning asosiy vazifasini bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, uning sogʻlom turmush tarzini taʼminlash, bolalarning jismoniy, intellektual, maʼnaviy va axloqiy kamol topishiga koʻmaklashish, bolaning ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlishining oldini olish choralarini koʻrish kabilar tashkil etadi.

Ushbu meʼyoriy hujjatlarda belgilangan imtiyozlar bolalarning taʼlim olish huquqini takomillashtirishga qaratilgan. Chunonchi, tarbiyalanuvchilar Mehribonlik uyini bitirganda Milliy gvardiyaning tavsiyasi asosida oliy oʻquv yurtlariga qoʻshimcha kvota asosida oʻqishga qabul qilinadi, ularning iqtidorli talabalari stipendiyasi 50 foizga oshirilgan holda toʻlanadi.

Endilikda yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning taʼlim olishini qoʻllab-quvvatlash maqsadida 2021/2022 oʻquv yilida SOS — bolalar mahallalari va oilaviy bolalar uylari bitiruvchilariga, shuningdek, yigirma besh yoshgacha boʻlgan vasiylikka, homiylikka yoki oilaga tarbiyaga olingan (patronat) yetim bolalarga qoʻshimcha kvotalardan foydalanish imkoniyati taʼminlanadi.

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Turizm va sport vazirligi tomonidan har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalariga 2 tadan oliy taʼlim muassasasi va sport maktablari biriktiriladi. Biriktirilgan OTM rektori Mehribonlik uylariga tarbiyachilar tayyorlash, bolalarni axborot texnologiyalari, xorijiy tillarni oʻrgatish va ularni kelgusida oliygohlarga kirishiga koʻmaklashish muhitini shakllantirishga masʼul va javobgardir.

Yetim bolalar huquqini taʼminlash boʻyicha mazkur farmon va qarorlarda belgilangan imtiyozlar tizimida moddiy va mulkiy taʼminot masalasi alohida oʻrin tutadi. Chunonchi, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni uy-joy bilan taʼminlashning yangicha tartibi oʻrnatildi.

Unga binoan, oʻzlariga biriktirilgan turar joyga ega boʻlmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ular 18 yoshga toʻlgan yilda koʻp kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 1 xonali, voyaga yetgan yetim bolalar oʻrtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam boʻlmagan 2 xonali kvartira ajratiladi.

Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar kollej, akademik litsey, texnikum va oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan davrida kommunal xizmatlar uchun toʻlovlarning 50 foizi tegishli tuman va shahar mahalliy byudjetlarining qoʻshimcha manbalari hisobidan kompensatsiya qilinadi.

Yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga beriladigan i mtiyozlardan yana bir yoʻnalishi ularning bandligini taʼminlash hisoblanadi. Oʻquv-tarbiya muassasalarini tamomlagan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar yirik ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish korxonalarida har yili amaliyot oʻtaydi. Texnikum, kollej yoki oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirmagan hamda kasb egallash istagidagi yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar “ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlarida kasb-hunarga oʻqitiladi. “Hap bir oila — tadbirkor” dasturida belgilangan mablagʻlar va tartiblar doirasida yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga ularning biznes loyihalarida koʻzda tutilgan maqsadlarga kreditlar navbatga qoʻyilmagan holda ajratiladi.

Muhim imtiyozlardan biri, shu toifa bolalarning sogʻligʻini saqlashga qaratilgan chora-tadbirlardir. Masalan, ogʻir kasallikka chalingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning respublikada yoʻlga qoʻyilmagan jarrohlik amaliyoti boʻyicha xorijiy davlatlardagi jarrohlik operatsiyalari bilan bogʻliq xarajatlar Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Onkogematologik va davolash qiyin boʻlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʻlomlashtirish jamgʻarmasi hisobidan toʻliq miqdorda kompensatsiya qilinadi.

Eng muhim imtiyozlardan biri, yetim bolalarning tarbiyasiga yoʻnaltirilgan. Jumladan, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimi joriy etildi. Unga koʻra, Milliy gvardiyaga bolalarni moddiy, hyqyqiy va psixologik-pedagogik qoʻllabquvvatlash, oʻquv-tarbiya muassasalarida sifatli taʼlim va tarbiya jarayonini yoʻlga qoʻyish, maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar tashkil etish, zamonaviy usul va shakllardan foydalangan holda jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va dunyoqarashi keng yoshlarni shakllantirish, bolalarni sport turlariga qiziqtirish va jalb etish, shuningdek, ularni ota-onasi yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslarga qaytarish vazifasi yuklatildi.

Xulosa qilib aytganda, ushbu tarixiy hujjatlar bolalarimiz, ayniqsa, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni bilimli, intellektual salohiyatli, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sadoqatli barkamol shaxs sifatida kamol toptirishga, ularning taʼlim olishi, oʻz iqtidorini namoyon qilishi uchun institutsional, tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar tizimini yaratishga, bu tizim orqali kelgusida ushbu oʻgʻil-qizlar orasidan “Temurbeklar maktabi” oʻquvchilari, Jamoat xavfsizligi universiteti tinglovchilari, Vatanimizning chinakam posbonlari, yangi Oʻzbekistonni barpo etuvchi shijoatli yoshlar boʻlib yetishishiga xizmat qiladi