Hech qachon bunchalik hayajonga tushmagandim

    Avvaliga hech narsaga tushunmadim. Tadbirda ishtirok etishim uchun test topshirishimni aytishdi.

    Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlanganlar orasida Toshkent shahridagi “Fastechnika” mas'uliyati cheklangan jamiyatining dizayn bo'limi boshlig'i Sadokat Kazieva “SHuhrat” medali sohibasi bo'lganini ko'rib, to'g'risi, o'zim taqdirlanganday quvonib ketdim. Tirishqoqligi, o'z ustida tinimsiz ishlashi bilan yoshlarga ibrat bo'la oladigan 35 yoshli Sadoqat haqida gazetamizda bejiz yozmagan ekanmiz, degan fikrda unga bog'lanib, samimiy qutladim. U minnatdorlik tarzida to'lqinlanib gapira boshladi.

    ***

    “Shuhrat” medaliga munosib ko'rilganim hayotimda kutilmagan va hech qachon unutilmaydigan quvonchli voqea bo'ldi. Avvaliga hech narsaga tushunmadim. Tadbirda ishtirok etishim uchun test topshirishimni aytishdi. Vazirlar Mahkamasida bayram arafasida taqdirlanishimni eshitib, qattiq hayajonlanganimda, hali undan ham hayajonli xabar oldinda ekanini bilmagandim.

    8 mart kuni nufuzli davlat tadbirida qatnashishim, Prezidentimizni ko'rishimni eshitganimda to'g'risi, O'zbekistonda nufuzli maktabda o'qiganim, shuning samarasi o'laroq, Amerikadagi taniqli kompaniyada muvaffaqiyatga erishganim, qo'yingki, shu erga kelguncha qilgan harakatlarim go'yo kino lentasidek ko'z oldimdan o'ta boshladi. Davlat rahbarining qo'l uzatgandagi to'lqinlanishni-ku asti so'ramang. O'sha kuni har bir ayolning qalbida kuchli hayajon bo'lgani aniq. Ularning ko'zidagi quvonch, yuzidagi tabassum, ham bayramona kayfiyat har qanday kishini ruhlantiradigan darajada edi. Ayollarga bo'lgan hurmat, e'tibor O'zbekistonda nihoyatda yuksak ekani, jamiyatdagi o'rni, qadrini his etish ayolga katta kuch berishini Prezidentimiz chuqur his qilishiga guvoh bo'ldim. Bunday e'tirofga erishgan ayollar albatta buyog'iga nimalar qila olaman, bor imkoniyatimni ishga solishim kerak, deydi. O'z-o'zidan yangi qirralarini kashf etishga kirishadi.

    Mendan nega Amerikani, “APPLE”ni tashlab keldingiz, deb ko'p so'rashadi. Tadbirda ham shu savolni berganlar bo'ldi. To'g'ri, Amerika o'ziga xos diyor, texnika taraqqiy etgan etuk davlat. Ammo interv`yularimda aytganimdek, yana bir bor ta'kidlaymanki, bugun O'zbekistonda IT sohasini rivojlantirish bo'yicha katta harakat bo'lyapti. Va bu harakat shu sohaga dahldor har bir kishini ham harakatga keltiradi. O'zbekistonga kelib, yangi loyihalarni yo'lga qo'yishimizga ham shunday sa'y-harakatlar turtki bo'lgandi, aslida. Ammo inson har qanday ishni boshlashdan avval uning istiqboli ne chog'li bo'lishi haqida o'ylaydi. Mabodo, rejalarimiz biz kutgandek amalga oshmasa, yana ortga qaytamiz, degan niyat ham yo'q emasdi. Xayriyatki, bugungi O'zbekiston IT mutaxassislarni ko'klarga ko'taryapti. Ayniqsa, qizlarni ham shu sohaga jalb etishga katta e'tibor qaratilayotgani shu erning o'zida boshqa loyihalarni ham tezkor ishlab chiqishni taqazo etdi. endi biz Womenandtech.uz loyihamiz orqali qiz va ayollarni axborot texnologiyalari bo'yicha professional rivojlanishga chorlaymiz. Shuningdek, mukammal bilimga ega bo'lganlarning boshqa ayollarga yordam berishi tarafdorimiz. Ya'ni ularni rivojlanishda birlashishga chorlaymiz. Bu borada master klaslar, onlayn kurslar tashkil etish, xullas, hamma-hammasi rejalashtirilgan. Zero, shu orqali zanjir tizimi hosil bo'lsa, loyihalar kengayib, sohani o'rgatishga doir katta-katta markazlar, maktablar paydo bo'ladi. Nasib qilsa, loyihalarimiz uchun grand olishga muvaffaq bo'lsak, bor salohiyatimizni butun respublikada zamonaviy bilimlarni ommalashtirishga qaratamiz. Shu o'rinda alohida aytishni istardimki, bu shunchaki havoyi gaplar emas. Zero, davlatimiz ko'rsatayotgan yuksak ehtirom, e'tibordan minnatdorligimiz maqsadlarimizning amaldagi ifodasidagina yaqqol ko'rinishi mumkin.

    ***

    Sadoqat tom ma'noda o'z sohasida o'ziga xos maktab yaratishga qodir. Buni uning har bir harakatiyu ezgu niyati aytib turibdi. eng muhimi, u biz bilan ikki oy avval suhbatlashgan, taqdirlanishi xayoliga kelmagan paytda ham hozirgidek yonib turgandi. Qahramonimiz amal qiladigan — o'zingda borini boshqalarga ham ulash shiorining o'zi ko'plab ezgu maqsadlarni qamrab oladi. U nafaqat xotin-qizlarga, balki yordam bera olishi mumkin bo'lgan barcha-barcha bilan o'z mahorati, tajribasini bo'lishishga tayyor.

    Darvoqe, bir oycha bo'ldi, Sadoqat Toshkent viloyatidagi Astrum akademiyasida IT rekruting proekti bo'yicha faoliyat boshladi. Aslida akademiyaga o'z loyihasi bilan borgan, loyiha doirasida qizlarni texnologiyaga jalb etuvchi master klaslar o'tkazish taklifini bergan fidoyi ayol aynan o'sha joyga kerakli mutaxassis bo'lib chiqdi. Rekruting bilan shug'ullangani, bu borada etarli tajribaga ega ekanini eshitgan akademiya rahbariyati uni shu kunning o'zidayoq ishga taklif qildi. Yurtimizda IT sohasida munosib vakillar tayyorlashga o'z hissasini qo'shishga qaror qilgan Sadoqat bunday taklifni albatta bajonidil qabul qildi. Ayni paytda u akademiyaning biznes strategiyalariga ham yaqindan yordam beryapti. O'ylaymizki, yaqin kelajakda Sadoqat Kazieva respublikamizda mavjud shu kabi maktablarning barchasiga o'zining yangicha yondashuvlari, sohadagi muammolarga munosib echimlari bilan kirib boradi.

    Munojat Mo'minova,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri