Bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 150 dan oshiq yogʻ-moy korxonalari faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy qismi xususiy sektor vakillari tomonidan tashkil etilgani ham quvonarli hol, albatta.

Biroq masalaning yana bir tomoni borki, oʻsimlik yogʻi doimiy isteʼmol qilinadigan mahsulot boʻlgani bois, uning ekologik tozaligi, belgilangan sifat koʻrsatkichlariga muvofiqligi aholi salomatligida muhim oʻrin tutadi.

Xoʻsh, oʻsimlik yogʻi ishlab chiqarish bilan shugʻullanayotgan 150 dan ortiq korxonaning hammasi mahsulot sifati belgilangan talablarga muvofiq boʻlishiga eʼtibor qaratayaptimi? Barchasida mahsulot sifati birdek kafolatlanganmi?

Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida koʻplab qonunbuzilish holatlari qayd etilmoqda.

Xususan, ayni paytga qadar mavjud 150 dan ortiq ta yogʻ-moy korxonasining 65 tasida inspeksiya vakolati doirasida nazorat tadbirlari olib borildi.

Natijada bir qator korxonalarda turli koʻrinishdagi qonunbuzilish holatlari aniqlandi.

Misol uchun, Shahrisabz tumanidagi “Boqiy quyosh”, “Shomuxamad Sodiq”, Kitob tumanidagi “Xalilov Rasul” va Qarshi shahridagi “Amin sof baraka biznes” oilaviy korxonalari monitoring qilinganida, korxonalarning paxta texnik chigitini toʻliq texnologik sikl (magʻizni yanchish, gidrotermik ishlov berish, ekstraksiyalash, rafinatsiyalash, dezodoratsiyalash va qadoqlash sexlari) mavjud emasligi ayon boʻldi. Bundan koʻrindiki, ishlab chiqarish jarayoni belgilangan talablar asosida emas ekan, demak mahsulotning sifatiga ham kafolat boʻlmaydi. Shunga qaramay, ushbu korxonalar faoliyat koʻrsatib kelmoqda va ishlab chiqarilgan mahsulotni ichki bozorga yoʻnaltirayapti.

Qolaversa, “Boqiy quyosh” hamda “Xalilov Rasul” oilaviy korxonalarining omborida noqonuniy tarzda texnik chigit saqlanayotganligi aniqlanib, ushbu holatga huquqiy baho berish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Qashqadaryo viloyat boshqarmasiga bu haqda maʼlumot kiritildi.

Shuningdek, Shahrisabz tumanidagi “Shomuxammad Sodiq” oilaviy korxonasi ham toʻliq texnologik sikl bilan taʼminlanganiga qaramay, joriy yilning yanvar - fevral oylarida Surxondaryo viloyatidagi “Muzrobod” paxta tozalash korxonasidan 55 tonna, Toshkent viloyatidagi “Alimkent” paxta tozalash korxonasidan 226 tonna paxta chigitini xarid qilgan.

Tekshirish jarayonida mazkur korxona omborida 25 tonna texnik chigit, 3,5 tonna qayta ishlashdan olingan paxta yogʻi va 15 tonna kunjara mahsuloti mavjud ekanligi aniqlanib, toʻplangan hujjatlar vakolat doirasida huquqiy baho berishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborildi.

Umumiy hisobda, aniqlangan kamchiliklari yuzasidan prokuratura organlariga 5 ta, maʼmuriy sudlarga 2 ta material kiritildi. Bundan tashqari, ushbu korxonalarga faoliyatini qonun asosida yoʻlga qoʻyish boʻyicha tegishli ogohlantirishlar berildi.

Oybek HAKIMOV,

“Oʻzagroinspeksiya”ning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

katta inspektori