Hech qanday taʼsir, bosim va provakatsiyalar yoʻq, xalq oʻz ovozini erkin bermoqda – Xorijlik ekspert

    Ikkita saylov uchastkasida elektron ovoz bergan yoshlarni uchratdik. Ular zamon bilan hamnafasligi, yangilikka intilishi koʻrinib turibdi. Bu juda yaxshi tajriba.

    Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi boʻlib oʻtmoqda.

    Saylov jarayonini xalqaro kuzatuvchilar, xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari bevosita kuzatib bormoqda.

    Saylovni kuzatib borayotgan Rossiya jamoat va siyosiy arbobi, tadbirkor, Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Davlat dumasi raisining oʻrinbosari Vladislav Davankov oʻz fikrlarini bildirdi.

    – Rossiyadan deputatlar katta guruhi bilan Oʻzbekistondagi saylov jarayonlarini kuzatishga saylov kunidan sal oldinroq kelganmiz, – dedi V.Davankov. – Chunki saylovga tayyorgarlik jarayonlarini ham koʻzdan kechirdik. Eʼtirof etish kerakki, saylovga yuqori darajada, sifatli tayyorgarlik koʻrilgan. Buni Buxoro, Samarqand viloyatlaridagi saylov uchastkalarini koʻrib, bevosita guvoh boʻldik.

    Saylov kuni esa Toshkent shahridagi saylov uchastkalarida boʻlib, jarayonni kuzatib boryapmiz. Ertalabdan beri 6 ta uchastkaga bordik. Aholi saylovda faol ishtirok etmoqda. Birorta qonunbuzarlik holatiga koʻzimiz tushmadi. Saylovchilar oila aʼzolari bilan birga kelib, ovoz bermoqda.

    Ikkita saylov uchastkasida elektron ovoz bergan yoshlarni uchratdik. Ular zamon bilan hamnafasligi, yangilikka intilishi koʻrinib turibdi. Bu juda yaxshi tajriba. Aytib oʻtishim kerakki, nomzodlarning qirq foizi xotin-qizlardan iborat ekani ijobiy koʻrsatkich. Ayollar har jabhada, siyosatda ham faollik koʻrsatishadi.

    Bugun boʻlib oʻtayotgan saylov demokratik talablarga toʻla javob beradi. Chunki, hech qanday taʼsir, bosim va provakatsiyalar yoʻq. Xalq oʻz ovozini erkin bermoqda.