Buxoro va Samarqand Somoniylar davlatidagi asosiy ilm-fan markazlaridan biri boʻlgan. Ayniqsa, Buxoro shahri madaniy taraqqiyot jihatidan davlatning eng muhim shahri sanalgan. Buxoro vasfida buxorolik mashhur olimlardan biri “Yatimatud dahr” kitobining sohibi Abu Mansur Saolabiy quyidagilarni yozadi: “U ulugʻvorlik yurti, saltanat qiblasi, zamon ulugʻlari yigʻilgan makon, yer ahli adiblari yulduzlarining chiqar joyi va zamon fozillari toʻplangan yerdir”. Shuning uchun ham Buxorodan koʻra aholisi ilm ahliga ehtiromliroq biror shahar koʻrilmagan. Somoniylar davrida Buxoro shahridagi ilmiy yuksalish koʻplab ilmiy muassasalar faoliyatida namoyon boʻlgan. U yerda ahli ilmlar munozara uchun Buxorodagi ilmiy muassasalarda toʻplanishar, bunday ilmiy munozaralar baʼzi hollarda amirning qarorgohida ham oʻtkazilardi. Rivoyat qilinishicha, amir Ismoil ibn Ahmad olimlarni oʻziga yaqin tutar, ularning munozaralarini diqqat bilan tinglar edi.

Samarqand shahriga kelsak, u ham ulkan ilmiy taraqqiyotning guvohi boʻlgan koʻhna zamindir. Samarqand diyorida yuksalgan ilmlar va Abu Mansur Moturidiy, Lomishiy Samarqandiy, Alouddin Samarqandiy, Alouddin Usmandiy Samarqandiy, Badruddin Samarqandiy, Saʼdiddin Taftazoniy, Mirzo Ulugʻbek, Ali Qushchi singari bu zamindan yetishib chiqqan dunyoga mashhur allomalar Samarqandni ham Buxoro kabi tolibi ilmlar uchun qibla boʻlganiga dalolat qiladi.

Movarounnahr mintaqasi islom ummatining koʻplab koʻzga koʻringan ulamolarini yetishtirdi. Ularning turli fanlar boʻyicha yozgan asarlari bu diyordagi ulkan ilmiy muhitning samarasi edi. Xususan, oltita ishonchli hadis toʻplamlari ichidan uchtasining sohiblari Movarunnahr diyorida tugʻilganligi va shu yerda yashab ijod qilganligi yuqoridagi fikrimizning yaqqol isbotidir.

Shubhasiz, Oʻzbekiston qadimdan ilm-maʼrifat diyori boʻlgan. Oʻzbekiston hozirgi kunda jahon hamjamiyati tomonidan tan olingan va hamisha genetik ilmiy salohiyati yuksak eʼtirof etiladigan ana shunday ulugʻ maqomni saqlab qolishga, yuksak taraqqiyot choʻqqisini qayta zabt etishga intilmoqda. Men birinchi bor Oʻzbekistonga 2020-yilning mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Imom Abu Mansur Moturidiy va moturidiya taʼlimoti: oʻtmish va bugun” mavzuidagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun tashrif buyurgan edim. Tashrif davomida davlat tomonidan ilmiy-maʼrifiy sohaga berilayotgan eʼtiborni koʻrib hayratlandim va menda kelgusi ilmiy faoliyatimni Oʻzbekistonda davom ettirish istagi tugʻildi. Ushbu anjumandan keyin Oʻzbekiston Prezidenti qaroriga asosan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilayotganligi haqida xabardor boʻldim va ilmiy faoliyatimni Oʻzbekistonda davom ettirishga qaror qildim. Taʼkidlashim zarurki, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi olamshumul voqea boʻlib, bu yangilikni dunyo afkor ommasi, taniqli ulamolar katta mamnuniyat bilan qarshi oldilar. Chunki bugungi kunda Imom Moturidiyning ilmiy merosini oʻrganishga nafaqat Oʻzbekistonda, balki, butun dunyoda katta qiziqish bildirilmoqda.

Moturidiylik taʼlimoti sunniylik yoʻnalishidagi ikki yirik maktabning biri boʻlib, ushbu taʼlimoti X asrdan bugungi kunga qadar oʻzining moʻtadilligi bilan ajralib turadi. Buning asosiy sababi Imom Moturidiy oʻz taʼlimotini oʻsha davrning ijtimoiy-siyosiy jihatlarini ham hisobga olgan holda yaratgan. Shuning uchun ham moturidiylik taʼlimotini oʻrganishga qiziqish katta. Moturidiylik taʼlimoti dunyoning koʻplab yirik taʼlim muassasalarida, xususan, al-Azhar universitetida ham oʻqitiladi. Bugungi kunga qadar al-Azhar universitetida moturidiylik taʼlimoti boʻyicha 150 dan ziyod ilmiy ishlar chop etilgan boʻlib, ayni paytda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar soni bundan bir necha borabar ziyoddir. Alohida qayd etish kerakki, Buyuk Britaniyaning nufuzli Oksford taʼlim muasasasida moturidiylik taʼlimotini bugungi ahamiyati juda katta ekanligi alohida eʼtirof etilgan.

Oʻzbekistondagi Imom Moturidiy ilmiy-tadqiqot markazi islom dinining insonparvarlik mohiyatini, maʼrifiy jihatlarini ilmiy asosda oʻrganadigan va tadqiqotlar olib boradigan, tadqiqot natijalarini xalqaro jamoatchilikka yetkazadigan nufuzli xalqaro markazlardan biri boʻlishiga ishonaman. Shuningdek, hozirgi vaqtda islom olami Imom Moturidiyning ilmiy merosi, moturidiylik taʼlimoti va ushbu taʼlimotning ezgu gʻoyalarini targʻib qiladigan ana shunday ilmiy Markazga katta ehtiyoj sezmoqda. Oʻzbekiston bu sohada katta tajribaga ega. Chunki Oʻzbekiston qadimdan ilm-maʼrifat markazi boʻlgan, ishonchim komilki, bundan keyin ham ana shu yuksak maqomni saqlab qoladi.

Biz Imom Moturidiy taʼlimotini keyingi avlodlarga sof holda yetkazishimiz zarur. Moturidiylik maktabi aqida va kalom ilmi borasida dunyodagi eng kuchli maktablardan biri boʻlgan. Bu maktabning tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Xususan, moturidiylik taʼlimoti islom tarixidagi zabardast olim Abu Hanifadan oʻtib kelayotgan ulkan meros hisoblanadi. Hozirda moturidiylik maktabi ilmiy merosini tiklash vaqti keldi. Chunki moturidiylik maktabi taʼlimotlaridan uzoqlashish natijasida turli gʻarazli kuchlar va ekstremistik oqimlar faoliyati kuchaya boshladi. Taʼkidlash joizki, hozirda dunyo miqyosida diniy ixtiloflar murakkablashib, mutaassib oqimlarning faoliyati tobora kuchayib bormoqda. Ana shunday mafkuraviy kurash jarayonida yoshlarni islomning anʼanaviy taʼlimotiga zid boʻlgan yot gʻoyalardan himoya qilish, xususan, aqida masalalarida ilgari surilayotgan notoʻgʻri aqida va tushunchalarni moturidiylik taʼlimoti asosida tuzatish dolzarb ahamiyatga ega. Bu borada Imom Moturidiyning “Kitab at-tavhid”, “Taʼvilot ahl as-sunna” asarlarini tarjima qilish, oʻrganish va yoshlarga yetkazish orqali ularni turli gʻarazli kuchlarning yot gʻoyalari xurujidan saqlab qolish mumkin.

Hozirgi vaqtda dunyo musulmonlarining taxminan 40 foizi ushbu taʼlimot vakillari sanaladi. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Moturidiyning ilmiy merosini chuqur oʻrganishga va keng miqyosda targʻib qilishda nihoyatda katta imkoniyat ega. Qolaversa, Oʻzbekiston hukumati mazkur xalqaro Markaz faoliyati uchun barcha imkoniyatlarni yaratib bergan. Mening istagim dunyodagi barcha musulmon ummati fiqh, aqida va tasavvuf ilmlarini Oʻzbekistondagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati orqali oʻrganishlari kerak. Bu mening orzuyim, men ushbu orzuyimni amalga oshishini istayman va bunga ishonaman.

Bu markaz nafaqat Oʻzbekistonda, balki, butun islom olamida ulkan ilmiy taraqqiyot poydevori boʻlib xizmat qiladigan markaz boʻlib qolishiga tilakdoshman.

Ahmad DAMANHURI,

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi,

Misr Arab Respublikasining al-Azhar universiteti doktori