Xalqaro tog'larni kompleks rivojlantirish markazi (ICIMOD) hisobotiga ko'ra, 2011-2020-yillarda muzliklar avvalgi o'n yillikdagiga qaraganda 65 foizga tezroq erigan.
Himoloy mintaqasidagi Hindikush muzliklari tog'li hududlarda 240 million kishi va daryo vodiylarining quyi oqimida 1,65 milliard kishi uchun asosiy suv manbai hisoblanadi. Ular dunyodagi eng yirik daryo tizimlarini, jumladan Gang, Hind, Xuanxe, Mekong va Iravadini suv bilan ta'minlaydi.
Olimlarning ta'kidlashicha, hatto optimistik ssenariy ostida ham, muzliklar asr oxiriga kelib o'z hajmining uchdan bir qismini yo'qotadi. Agar hozirgi erish tezligi davom etsa, yo'qotishlar 80 foizgacha bo'ladi. Klimatologlarning fikricha, kriosferada salbiy o'zgarishlar allaqachon yuzaga kela boshlagan, deb xabar beradi mir24.tv.