Geosiyosiy ziddiyatlar, savdo cheklovlari, energiya bozoridagi o‘zgarishlar, logistika yo‘nalishlarining qayta shakllanishi va ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bir hududda yuz bergan mojaro yoki tabiiy ofat minglab kilometr uzoqlikdagi bozorlarda narxlar, yetkazib berish muddati va ishlab chiqarish rejalariga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Globallashuv mamlakatlar va bozorlarni yaqinlashtirgani sayin iqtisodiy o‘zgarishlarning ta’sir doirasi ham kengayib bormoqda.
Bunday vaziyatda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash faqat tashqi xatarlarni hisobga olish bilan cheklanmaydi. Mamlakatlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoit yaratish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini oshirishga intilmoqda. Tashqi muhit qanchalik o‘zgaruvchan bo‘lmasin, uning ta’sirini yumshatish ko‘p jihatdan ichki iqtisodiy salohiyat va biznes muhitining barqarorligiga bog‘liq. Shu bois, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlar uchun barqaror shart-sharoit yaratish bugungi iqtisodiy siyosatning muhim vazifalaridan.
Mamlakatimizda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilib, biznes muhitini yaxshilash va uning oldidagi tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda. Davlatimiz rahbari boshchiligida o‘tkazib kelinayotgan ochiq muloqotlar shu siyosatning amaliy mahsulidir. O‘tgan besh yilda tadbirkorlar ko‘targan minglab masalalar yuzasidan 84 ta qonun, 861 ta farmon va qaror qabul qilindi. Xivadagi muloqotda esa yangi vazifalar belgilab berildi: endi biznesni boshlashga sharoit yaratish bilan bir qatorda uni kengaytirish, kapitalni ko‘paytirish, yangi bozorlarga chiqish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘l ochish muhim. So‘nggi yillarda biznesga ajratilgan kredit portfelining qariyb uch karra oshib, 450 trillion so‘mga yetgani, tadbirkorlar 650 trillion so‘mlik soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalangani, asosiy kapitalga investitsiyalar uch karra ko‘paygani shu maqsadning amaliy ko‘rinishidir.
Erkinlik bo‘lmagan joyda rivojlanish bo‘lmaydi
Har qanday investitsiyaning birinchi sharti — mablag‘dan oldin ishonch. Zavod qurish uchun qurilish materiallari, yangi sex ochish uchun kredit kerak. Lekin bularning barchasidan oldin tadbirkorda ertangi kunga ishonch bo‘lishi lozim. U yangi ishchilarni ishga qabul qilar ekan, korxonasining ertaga ham barqaror ishlashini tasavvur qila olishi darkor. Shu ma’noda, ochiq muloqotda aytilgan “xotirjamlik bo‘lmagan joyda erkinlik ham, rivojlanish va yangilikka intilish ham bo‘lmaydi” degan fikr iqtisodiy mazmun kasb etadi.
Tadbirkor uchun xotirjamlik, avvalo, nazorat maqsadi va chegaralari aniqligi, qoidalarning tushunarliligi, davlat bilan munosabatlarning adolatli qurilishida namoyon bo‘ladi. Har bir yangi investitsiya ortidan qanday ma’muriy to‘siq paydo bo‘lishini o‘ylab ish tutadigan tadbirkor kapitalini kengaytirishga ham ehtiyotkorlik bilan yondashadi. Ortiqcha tekshiruv va hujjatbozlik ko‘paygan sari yangi mahsulot, texnologiya va ish o‘rinlariga yo‘naltiriladigan mablag‘ kamayadi. Shuning uchun tadbirkorlar ko‘targan masalalar bo‘yicha ochiq muloqotda ilgari surilgan yangi tashabbuslarning beshinchisi biznesga ma’muriy bosimni keskin kamaytirishga qaratildi. Bir necha yil mehnat qilib korxona ochgan, kredit olgan va odamlarni ish bilan ta’minlagan tadbirkor vaqtini tekshiruvlarga emas, ishlab chiqarish, yangi buyurtmalar va bozorni kengaytirishga sarflashi kerak.
Faoliyati tahlil qilingan 5000 tadbirkorlik subyektining yarmidan ko‘pida bir yil ichida ikki-uch marta, 21 foizida esa to‘rt martadan soliq tekshiruvi o‘tkazilgani muammoning ko‘lamini ko‘rsatadi. Bunga yong‘in xavfsizligi, qurilish, sanitariya, karantin va energiya nazorati bilan bog‘liq takroriy tekshiruvlar ham qo‘shilishi mumkin. Bunday vaziyatda tadbirkorning e’tibori bozor va ishlab chiqarishdan hujjatbozlikka ko‘chadi. Iqtisodiy energiya esa yangi mahsulot va ish o‘rinlari yaratish o‘rniga samarasiz ma’muriy jarayonlarga sarflana ¬boshlaydi.
Kichik biznesda inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatiga daxl qilmaydigan tekshiruvlarga uch yillik moratoriy joriy etilishi tadbirkorga berilgan muhim kafolatdir. Takroriy tekshiruvlarni Biznes-ombudsman ruxsati bilan o‘tkazish tartibi ham ish jarayonini ortiqcha uzilishlardan asraydi. Tadbirkorning tekshiruvga sarflagan har bir kuni korxona uchun yo‘qotilgan vaqt, kechikkan buyurtma va boy berilgan daromaddir. O‘rta va yirik biznes uchun ixtiyoriy profilaktik audit esa muammoni oldindan aniqlash va o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini beradi. Kamchiliklar tuzatilsa, shu davr uchun soliq tekshiruvi o‘tkazilmaydi va jarima qo‘llanmaydi. Nazoratning asosiy vazifasi — biznesning barqaror ishlashi, qonunga rioya etishi va tadbirkorning erkin faoliyat yuritishi uchun sharoit yaratishdir.
“Soya”dan chiqayotgan tadbirkorlik
Soliq siyosatidagi o‘zgarishlarga ham shu nuqtayi nazardan qarash mumkin. So‘nggi o‘n yilda yashirin iqtisodiyot ulushi 50 foizdan 26 foizga tushdi. Bu — katta siljish. Ammo iqtisodiyotning “soya”da qolgan qismini qisqartirish uchun tadbirkorning oldida qonuniy ishlash yo‘li ravshan bo‘lishi kerak. Talablar tushunarli, hisob-kitoblar sodda, rasmiy faoliyatning manfaati aniq bo‘lgan muhitda tadbirkor ham o‘zini yashirishga sabab izlamaydi. Qonuniy ishlashning o‘zi qulay yo‘lga aylangan sari “soya”ning hududi torayadi.
Jarima masalasi ham shu manzaraning bir qismi. Bugun 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega. Bu vakolatning iqtisodiy natijasi qanday bo‘lishi ham muhim. Agar jarima idora uchun daromad manbaiga aylanib qolsa, nazoratning asosiy maqsadi — qoidaga rioya ettirish va qonun buzilishining oldini olish — ikkinchi o‘ringa tushib qolishi mumkin. Tadbirkor esa har bir xato ortidan qancha mablag‘ to‘lashini emas, qanday qilib xatoga yo‘l qo‘ymaslikni o‘ylashi kerak. Shuning uchun barcha turdagi jarimalar miqdorini o‘rtacha ikki barobar kamaytirish tashabbusi jazoni og‘irlashtirishdan ko‘ra profilaktikaga urg‘u berishga qaratilgan.
Tadbirkor bilan davlat o‘rtasidagi ishonchning yana bir mezoni — pulning o‘z vaqtida qaytishi. Masalan, davlat korxonasi tadbirkordan mahsulotni qabul qilib oldi, lekin to‘lov muddatini kechiktirdi. Tashqaridan qaraganda bu oddiy hisob-kitob masalasidek ko‘rinadi. Aslida esa kechikkan har bir to‘lov kichik biznesning butun aylanmasini siljitadi. Bugun olinmagan pul — ertaga ishchiga kechikkan maosh, bankka uzilmagan kredit, yetkazib beruvchiga to‘lanmagan qarz, qabul qilinmagan yangi buyurtma bo‘lishi mumkin. Shu sababli, qabul qilingan tovar bo‘yicha garov pulini avtomatik qaytarish tizimining joriy etilishi oddiy texnik yangilik emas. U tadbirkorning aylanma mablag‘ini o‘z vaqtida harakatga keltirish, ishlab chiqarish zanjirini uzmaslik va biznesdagi ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bu tashabbuslarning huquqiy asosi davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida o‘z ifodasini topdi. Hujjatda “Tadbirkorning haqligi prezumpsiyasi” tamoyilining belgilanishi davlat va biznes o‘rtasidagi munosabatlarda muhim chegarani belgilaydi. Endi davlat organi tadbirkorni aybdor deb hisoblasa, buni sudda asoslashi kerak. Tadbirkorning har bir idora oldida o‘zini oqlab yurishiga yo‘l qolmasligi huquqiy muhitdagi ishonchni mustahkamlaydi.
“Birinchi xato uchun — ogohlantirish” qoidasi ham shu mantiqni davom ettiradi. Birinchi qoidabuzarlik inson hayoti, sog‘lig‘i yoki mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, tadbirkorga kamchilikni tuzatish uchun o‘n kun beriladi. Bu yondashuvda jazodan ko‘ra tuzatishga ustuvorlik berilmoqda. Chunki bir xato sabab korxonani jarimaga botirish oson, uning ish o‘rni va ishlab chiqarishini saqlab qolish esa iqtisodiyot uchun ancha qimmatli.
“Sukut — rozilik” tamoyili
Davlat organlarining suddagi mas’¬uliyatini oshirish ham shu tizimning muhim bo‘g‘inidir. Tadbirkor sudda o‘z haqligini isbotlaganidan keyin ham ishning yuqori instansiyalarga olib chiqilishi uning vaqti va mablag‘ini yana sarflaydi. Nazorat organlariga keyingi sud bosqichlarida davlat bojini to‘lash talabining belgilanishi qaror qabul qiluvchi idora zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi. Bu yerda gap faqat sud xarajati haqida emas. Masala davlat organining har bir qarori oqibati uchun javob berish madaniyatini shakllantirishda.
Tadbirkor uchun vaqtning o‘zi ham iqtisodiy resurs. Davlat xizmatlarining 50 foizini “sukut — rozilik” tamoyiliga o‘tkazish shu nuqtayi nazardan muhim. Belgilangan muddatda javob ololmagan tadbirkorning haftalab idorama-idora yurishi biznes uchun yo‘qotishdir. Bir kechikkan ruxsatnoma yangi shartnomani, bir kechikkan qaror esa butun investitsiya rejasini orqaga surishi mumkin.
Litsenziya va ruxsatnomalarni qisqartirish choralari ham ana shu muammoning amaliy yechimiga qaratilgan. 30 dan ziyod faoliyat turi bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalarning bekor qilinishi, 35 tasida berish muddatining ikki-uch barobar qisqartirilishi, 10 tasining xabardor qilish tartibiga o‘tkazilishi tadbirkorni ortiqcha ma’muriy jarayonlardan xalos qiladi. Ovqat eksportida uchta alohida ruxsatnoma o‘rniga “Yagona salomatlik sertifikati” joriy etilishi davlat xizmatlarini tadbirkorning ish jarayoniga moslashtiradi.
Yangi litsenziya va ruxsatnomalarni olti oy davomida uchta hududda sinab ko‘rish talabi esa boshqaruvdagi muhim o‘zgarishni ko‘rsatadi. Qaror qabul qilishdan oldin uning hayotdagi ta’sirini ko‘rishga urg‘u berilmoqda. Chunki kabinetda tuzilgan qoida bilan sexda ishlaydigan qoidaning farqi bor. Hujjatda qulay ko‘ringan talab ishlab chiqarish jarayonini murakkablashtirsa, uning iqtisodiy samarasi shubha ostida qoladi. Shu ma’noda, islohotning eng to‘g‘ri mezoni tadbirkorning ishi qanchalik yengillashganidir.
Aniq qoida va adolatli raqobat
Yangi bosqichning yana bir muhim yo‘nalishi texnologiya va yuqori qo‘shilgan qiymat yaratishga borib taqaladi. “Kelajak tadbirkori” dasturida elektronika, robototexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, zamonaviy kimyo, energiya va suv tejovchi texnologiyalarga e’tibor qaratilishi bejiz emas. Jahon bozorida raqobat arzon mehnat yoki xomashyo bilan cheklanib qolmayapti. Kim ko‘proq bilim, texnologiya va innovatsiya yaratsa, qiymat zanjirining yuqoriroq pog‘onasiga ko‘tariladi. Shu nuqtayi nazardan, xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni tayyor mahsulotga aylantirish mamlakat uchun ancha katta iqtisodiy imkoniyat ochadi.
Investorning tanlovi ham shu mantiqqa quriladi. U mamlakatga kirishda bozor hajmi bilan birga qoidaning aniqligi, mulk himoyasi, sud tizimi va raqobat muhitiga qaraydi. Kapital uchun ishonch iqtisodiy qarorning eng muhim shartlaridan biriga aylanmoqda. Demak, tadbirkor uchun mamlakat ichida yaratilayotgan muhit faqat ichki biznes masalasi bo‘lib qolmay, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotidagi raqobat mavqeiga ham ta’sir ko‘rsatadi.
Xorazm misoli bu jarayonning amaliy natijalarini ko‘rsatadi. Xivadagi muloqotda viloyatga so‘nggi yillarda 4 milliard dollar xorijiy investitsiya kiritilgani, 10 mingta yangi quvvat ishga tushirilgani, iqtisodiyotning 72 foizini kichik biznes yaratayotgani va eksportda uning ulushi 81 foizga yetgani qayd etildi.
Tadbirkorlikning jamiyatga ta’siri ham shu yerda namoyon bo‘ladi. Bir korxona ishga tushganda uning ta’siri korxona devorlari bilan cheklanmaydi. Ishchi maosh oladi, oila ro‘zg‘ori yaxshilanadi, mahallada talab ortadi, yangi xizmatlar va buyurtmalar paydo bo‘ladi. Bir kichik ustaxona katta ishlab chiqarishga, bir oilaviy xo‘jalik eksport loyihasiga aylanishi mumkin. Iqtisodiy o‘sish ko‘pincha ana shu kichik harakatlarning katta zanjiri orqali yuzaga keladi.
Shu nuqtayi nazardan, davlatning vazifasi ham aniq ko‘rinadi. Tadbirkorning ishlashi uchun ishonchli maydon yaratish muhim. Dunyo iqtisodiyotida tashqi xavflar kuchayib, bozorlar tez o‘zgarayotgan bir paytda barcha xatarlarni to‘xtatib qo‘yishning iloji yo‘q. Lekin mamlakat ichida mustahkam tayanch yaratish mumkin. Aniq qoida, himoyalangan huquq, qadrlangan vaqt va adolatli raqobat ana shu tayanchning ustunlaridir. Ular qanchalik mustahkam bo‘lsa, tashqi iqtisodiy zarbalarga bardosh ham shunchalik ortadi.
Yunusjon ISOMIDDINOV,
falsafa fanlari doktori, professor,
Aziz MIXLIYEV,
mustaqil tadqiqotchi