Unda soʻzga chiqqanlar Hindistonning mustaqillik yillarida amalga oshirilgan ishlar xususida maʼlumot berishdi. Xususan, Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Manish Prabxat bu xaqda shunday fikrlarni ifoda etdi:

– Bugun Hindiston oʻzining eng katta bayramini 75-marotaba nishonlamoqda. 1947-yil 15-avgustda Hindiston mustaqil davlatga aylangani haqidagi akt kuchga kiritilgan va Dehli shahrining Red Fort qalʼasi devori ustidan uch rangli mustaqillik davlat bayrogʻi koʻtarilgan. Mustaqillik bayramini har bir davlat fuqorosi oʻzining diniy va milliy kelib chiqishiga qaramasdan katta bayram qiladi.

Oʻzbekiston ham yana bir necha kundan soʻng oʻz Mustaqilligining 30 yilligini keng nishonlaydi. Uzoq tarixga ega ikki davlatning barcha sohadagi aloqalari mustaqqillik yillarida yana-da rivojlandi. 2020-yil yanvar-avgust oylarida Hindiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 198,4 million dollarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil shu davr oraligʻidagi xamkorlik koʻlami 250 million dollardan iborat boʻldi. Oʻzbekiston Respublikasi hududida hind kapitali ishtirokidagi 277 korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 175 tasi yakka tartibdagi tadbirkorlar va 102 ta qoʻshma korxonalar.

Yevropa Ittifoqi tomonidan Oʻzbekistonga GSP+ benefitsiar mamlakat maqomini berilgani, uning Markaziy Osiyodagi ulkan iqtisodiy salohiyati va yirik isteʼmol bozoriga ega ekani hindistonlik sarmoyadorlar va ishbilarmonlarni mavjud imkoniyatlardan faol foydalanishga yordam berayapti. Ilm-fan, madaniy va gumanitar aloqalar koʻlami ham ikki mamlakatning faol hamkorligi uchun zamin yaratmoqda. Har yili 120 dan ortiq Oʻzbekistonlik mutaxassislar Aytek dasturi orqali Hindistonda oʻz malakalarini oshirib keladi.

Shuningdek, Toshkentdagi Laʼl Baxodur Shastri nomidagi Hindiston madaniyati markazida “Hindistonning kecha va buguni” mavzusida oʻtkazilgan yigʻilishda mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amaliy samarasi va Oʻzbekiston bilan amaliy xamkorlikdagi saʼy-xarakatlar boʻyicha fikr-muloxazalar bildirildi. Shundan soʻng ushbu markaz hovlisida Mustaqillik kuniga bagʻishlangan fotokoʻrgazma xam ochildi.

Nodira NORMURODOVA