O'zbekiston elchixonasi ma'lumotiga ko'ra, Sunita Dvivedi bir necha marta mamlakatimizga va Markaziy Osiyodagi tarixiy shaharlarga tashrif buyurib, o'z sayohati yakunlari bo'yicha «Buddha in Central Asia» kitobini yozgan. Sayohatnoma shaklida yozilgan mazkur kitob hind o'quvchilari orasida keng ommalashgan.

Taqdimot marosimida mamlakatimizning Hindistondagi elchisi Dilshod Axatov ishtirok etib, O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi madaniy aloqalar tarixi va bugungi kundagi holati, respublikamizdagi buddaviylikka oid tarixiy-madaniy meros va uni muhofazasi bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida to'xtaldi.

Ishtirokchilar e'tiboriga O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan 2021 yilda YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida "Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida" mavzusida xalqaro forumni o'tkazish tashabbusi bo'yicha batafsil ma'lumot etkazildi. Boy ilmiy-madaniy merosga ega bo'lgan Markaziy Osiyo mintaqasida bugungi kundagi do'stlik va hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirish, xalqaro ilmiy-akademik doiralarning mavjud madaniy merosni o'rganishga bo'lgan qiziqishini yanada oshirishda mazkur xalqaro forumning ahamiyatining salmoqliligi ta'kidlandi.

Markaziy va Janubiy Osiyoning ko'plab tarixiy shaharlarida saqlanib qolgan buddaviylik merosi bugungi kunda davlatlar o'rtasida nafaqat madaniy ko'prik bo'lib xizmat qilishi, balki mazkur mamlakatlar turizm salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar manbai ekanligi tadbir ishtirokchilari tomonidan e'tirof etildi.