Hindiston Xitoyni ortda qoldirib, dunyoning eng koʻp aholisi boʻlgan davlatiga aylandi. Bu haqda BMT prognozlari boʻyicha oʻzining tahliliga tayanib, MarketWatch xabar bermoqda.

World Population Review (WPR) mustaqil tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 17-aprel holatiga koʻra, Hindistonda 1 425 937 441 kishi, Xitoyda esa 1 425 744 008 fuqaro istiqomat qiladi.

Qayd etilishicha, Hindiston ulkan iqtisodiy salohiyatining qudrati nafaqat aholi miqdori, balki tarkibiga ham bogʻliq. Shunday qilib, mamlakatda 100 nafar mehnatga layoqatli aholiga 47 nafar mehnatga layoqatsiz fuqaro toʻgʻri keladi, bu koʻrsatkich 25 yil avval 68 tani tashkil etgan, deb yozadi MarketWatch.

Avvalroq Hindiston global taʼminot zanjirlarida oʻz oʻrniga ega boʻlishni va Xitoyni jahon ishlab chiqarish markazidan mahrum qilmoqchi ekanligi xabar qilingandi. Hindiston moliya vaziri Nirmal Sitxaraman taʼkidlaganidek, mamlakat sanoatning 13 ta sohasini, shu jumladan yarimoʻtkazgich sanoatini ragʻbatlantirish rejasi orqali dunyoning eng yaxshi ishlab chiqaruvchisi maqomi uchun raqobatlashmoqchi.