Aynan shu asar butun dunyoda hind pozision tizimining tarqalishiga zamin yaratdi. Evropaliklar al-Xorazmiyni avval matematika olamiga hind hisob tizimiga asoslangan arifmetikani olib kirgan olim sifatida tanigan bo'lsa, keyinchalik o'z davrining daho mutafakkiri, algebra asoschisi bo'lib tarixga muhrlandi.
Ikki mamlakat o'rtasidagi bugungi munosabatlar, o'z navbatida, ilm-fan va innovasiyalar sohasida bilimlar almashinuviga, qo'shma ilmiy loyihalarni amalga oshirishga hamda sun'iy intellekt, nanotexnologiyalar, robototexnika, qishloq xo'jaligi, farmasevtika kabi sohalarni eng ilg'or texnologiyalar yordamida rivojlantirishga xizmat qilmoqda. 11 noyabr` kuni ikki davlat rahbarlari tomonidan o'tkazilgan onlayn sammitda davlatlarimiz o'rtasida keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ko'p qirrali hamkorlikni rivojlantirishda katta yutuqlarga erishilayotgani qayd etildi.
O'zbekiston rahbarining Hindistonga oliy darajadagi tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlarni bajarish bo'yicha amalga oshirilayotgan qator ishlar, Prezident Shavkat Mirziyoev hamda Bosh vazir Narendra Modining so'nggi uchrashuvi bu hamkorlik ko'lamining yanada kengayishiga xizmat qilishi shubhasizdir. O'zbekiston Innovatsion rivojlanish vazirligi hozir sun'iy intellektni rivojlantirish va innovasion texnologiyalarni transfer qilish bo'yicha Hindistonning “Routern.com” kompaniyasi bilan aloqalarni yo'lga qo'ygan bo'lib, mazkur kompaniya direktori Chandranata Sharma Innovasion rivojlanish vazirligining Hindistondagi elchisi etib tayinlangan.
Hindiston Fan va texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda qo'shma ilmiy loyihalar tanlovi ham o'tkazilmoqda. Tanlovda 137 ta loyiha ko'rib chiqilib, 23 ta istiqbollisi 2021 yilning 1-choragida fan va texnika sohasidagi hamkorlik bo'yicha o'zbek-hind qo'shma qo'mitasi doirasida moliyalashtiriladi. Biotexnologiya, farmasevtika, katta hajmli ma'lumotlar sohalarida faoliyat yuritayotgan 20 nafar yosh olim va tadqiqotchi ushbu hamkorlik doirasida Hindistonga stajirovkaga borishiga kelishilgan. Hindiston madaniy aloqalar kengashi (ICCR) tomonidan taqdim etiladigan stipendiyalar va Hindiston texnik va iqtisodiy hamkorligi dasturi (ITEC) bo'yicha beriladigan grantlar asosida Hindistonning nufuzli universitetlariga talabalarni o'qishga va tajriba almashishga yuborish ishlari amalga oshirilmoqda.
Urug'chilikni rivojlantirish har bir mamlakat uchun strategik masalalardan biridir. Oziq-ovqat xavfsizligiga bog'liq mazkur sohani rivojlantirishda ham hind hamkorlarimiz bilan aloqalar o'rnatilgan. “Nath Bio-Genes” kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida 20 gektar er maydonida yuqori texnologiyalar asosida elita urug' ishlab chiqarishni tashkil etish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.
Qo'shma akselerasiya dasturini amalga oshirish doirasida Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazi hamda “DEVX” kompaniyasi o'rtasidagi hamkorlik memorandumi asosida 2020 yilning 27-31 yanvar` kunlari ushbu kompaniya vakillaridan tashkil topgan delegasiya Toshkentga tashrif buyurdi. Unda yurtimiz kichik va o'rta biznes vakillarining tashqi bozorga chiqish imkoniyatlarini baholash, prognozlash va bunga sharoitlar yaratishga qaratilgan akselerasiya dasturi ishlab chiqildi. Shuningdek, yurtimiz texnoparklari rezidentlarini keng jamoatchilik va potensial mijozlarga taqdim etishga qaratilgan roud-shoular tashkil etiladi. Bunday tadbirlarni o'tkazishda hind hamkorlarimizning boy tajribasidan foydalanish orqali mahalliy mahsulotlarning eksportini oshirish, investisiyalarni kengroq jalb qilishga erishish mumkin.
Hindiston tadbirkorlikni rivojlantirish instituti (Entrepreneurship Development Institute of India) bilan hamkorlikda 15 nafar o'zbek startapchisini tajriba almashish uchun Hindistonga yuborish bo'yicha muzokaralar o'tkazilmoqda.
Hindistonning “iCreate” kompaniyasi va Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg'or texnologiyalar markazi o'rtasida startap ekotizimni yaratish bo'yicha qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, onlayn tarzda startaplar o'rtasida “Ideaton” tanlovi o'tkazildi. Mazkur tanlovning 10 nafar g'olibi Hindistonga ikki haftalik stajirovkaga yuboriladi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2019-2020 yillar davomida Andijon viloyati bilan Gujarat shtati o'rtasida muvaffaqiyatli sheriklik o'rnatildi. Andijon davlat universitetida 24-25 fevral` kunlari Hindiston va Janubiy Koreya kompaniyalari ishtirokida hududiy qishloq xo'jaligi sohasidagi minitexnologiyalar va innovasion ishlanmalar ko'rgazmasi o'tkazildi. Ko'rgazma Farg'ona vodiysida qishloq xo'jaligida faoliyat yurituvchi korxona va tashkilotlar qatnashib, 50 ta korxona tomonidan jami 100 dan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etildi.
Innovasion rivojlanish vazirligi hindistonlik olimlar va tadqiqotchilar, hind ilmiy markazlari va tashkilotlari bilan yana qator loyihalar ustida ishlashni rejalashtirgan. Xususan, Hindistonning O'simliklar genetik resurslari milliy byurosi bilan O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Qishloq xo'jaligi vazirligi tasarrufidagi o'simliklar genofondi kolleksiyalari bo'yicha ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari o'rtasida hamkorlik o'rnatish o'ta muhimdir. Shu munosabat bilan O'zFAning Genomika va bioinformatika markazi huzurida Germoplazma markazini tashkil etish masalasi o'rganilmoqda. Germoplazma, ya'ni urug' yoki hujayra kabi tirik genetik resurslardan o'simliklar va hayvonlarni ko'paytirish, saqlash va tadqiq etish uchun foydalaniladi. Germoplazma markazi o'simliklar genofondini saqlashga qaratilgan strategiyamizning asosiy qismlaridan biri bo'lishi kutilmoqda.
Hozirgi kunda dunyoda 1 750 ta gen banki mavjud bo'lib, ularda 7,4 million namuna saqlanadi. Ularning aksariyati davlat genobanklaridir. O'zbekistonda ham ilmiy-tadqiqot institutlarida turli o'simliklarning urug'lari, xususan, g'o'zaning 32 ming 580 ta namunasi saqlanmoqda. Lekin ular saqlanayotgan sharoitni qoniqarli deb bo'lmaydi. Bu esa olimlar tomonidan yillar davomida yaratilgan noyob o'simlik navlari yo'qolib ketiishi xavfini tug'diradi. Shu bois, Germoplazma markazi tashkil etilishi ularni saqlash sharoiti yaxshilanishiga olib keladi, ikkinchi tomondan, ushbu namunalarning katalogi ham tuziladi.
Iqtisodiyotning turli sohalarini tadqiq etishni mana shunday kataloglarsiz, katta ma'lumotlar bazalarisiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Hozir oldimizda mana shu katta ma'lumotlarni o'zlashtirish va tahlil qilish muammosi turibdi. O'zbekiston ilm-fanining xalqaro darajadagi raqobatbardoshligini kuchaytirish, sanoat tarmoqlarining ilm-fan bilan aloqalarini mustahkamlash orqali korxonalar samaradorligini oshirish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Katta ma'lumotlarni tahlil qilish markazini (Big Data Analytics) tuzish zarur. Ushbu yo'nalishda Hindiston bosib o'tgan yo'lni o'rganish, ularning mutaxassislari tajribasidan foydalanish, texnologiyalarni qo'llash yoki yaratish istiqbolli loyihalardan biri bo'ladi, deb hisoblaymiz.
Umuman olganda, O'zbekiston va Hindiston o'rtasidagi ilmiy hamkorlik, startaplarni rivojlantirish yo'lidagi o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish ikki davlat xalqlari farovonligi va ravnaqiga hissa qo'shadi. Mamlakatimiz Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri ishtirokidagi sammit ilm-fan va texnologiyalar sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar, shuningdek, startaplarning birlashishiga, qo'shma tadqiqotlarga qaratilgan loyihalarni ilgari surishga yangi turtki bo'ladi.
Ibrohim Abdurahmonov,
innovatsion rivojlanish vaziri, akademik