Hindistonning Faridabod shahrida xalqaro hunarmandchilik yarmarkasi davomida fojiali hodisa sodir boʻldi. Maʼlum qilinishicha, yarmarka hududida oʻrnatilgan attraksion odamlar bilan birga qulab tushgan.
The Hindu nashrining yozishicha, hodisa 7-fevral kuni taxminan soat 18:00 larda roʻy bergan. 26 nafar odamni aylantirayotgan “Top Spin” attraksionining bir uchi oʻz oʻqi atrofida aylanishni yakunlagandan soʻng toʻsatdan ajralib ketgan va qattiq zarb bilan yerga qulagan. Oqibatda kamida 13 nafar kishi turli darajada tan jarohati olgan.
Maʼlumot uchun, “Top Spin” (ayrim joylarda “Tsunami” deb ham ataladi) — kattalar uchun moʻljallangan, yuqori tezlikda harakatlanuvchi xavfli mayyatniksimon attraksion boʻlib, u oldin-orqaga tebranib, bir vaqtning oʻzida oʻz oʻqi atrofida aylanish orqali “ulkan toʻlqin” harakatini taqlid qiladi.
Shu munosabat bilan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qoʻmitasi mamlakatimiz hududidagi madaniyat va istirohat bogʻlari hamda koʻngilochar maskanlarda oʻrnatilgan attraksionlar holatiga befarq boʻlmaslikka chaqirmoqda. Agar texnik nosoz yoki shubhali attraksionlarga duch kelinsa, “attraksion_nazorati” elektron mobil platformasi yoki Qoʻmitaning 71 203-02-39 ishonch telefoni orqali murojaat qilish soʻralmoqda.