Hindistonda Oʻzbekiston turizm va hunarmandchilik salohiyati namoyish etilyapti

    Turizm 8 Fevral 2023 1617

    Hindistonning Xaryana shtatida “Surajkund International Crafts Mela” 36-Xalqaro hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtyapti.

    Mazkur festivalda hunarmand, qoʻshiqchi va sozandalardan tashkil topgan Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etyapti va mamlakatimizning turizm salohiyati, boy hunarmandchiligi va madaniyatini targʻib qilyapti.

    Taʼkidlash kerakki, festivalda Oʻzbekiston pavilyoniga mahalliy va xorijlik sayyohlar tomonidan katta qiziqish bildirilyapti. Oʻzbekiston davlat filarmoniyasi raqqosalari ijrosidagi “Lazgi” ashula va raqs ansambli ham xorijlik turistlarni befarq qoldirmadi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.

    Qayd etish joizki, festivalda har yili Hindistonning barcha mintaqalari va dunyoning 50 dan ortiq mamlakatlari vakillari, shuningdek, 1,5 milliondan ortiq sayyohlar va mahalliy fuqarolar ishtirok etadi. Mazkur tadbir hunarmandchilik sohasidagi dunyodagi eng yirik festival-yarmarkalardan biri sanaladi.

    Festival joriy yil 20-fevraliga qadar davom etadi.