Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 27-avgustdagi “Davlat moliyaviy nazorati tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6300-sonli Farmonida:
- Tashqi audit faoliyatida masofaviy nazoratlar oʻtkazish,
- Byudjet toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilishi sodir etilganligi xavfi mavjudligini aniqlashga qaratilgan masofaviy nazorat oʻtkazish uchun yagona dasturiy majmua yaratish vazifasi belgilangan.
Shu bois, hozirda Hisob palatasi masofaviy nazorat jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Bu esa shakllanayotgan maʼlumotlar bazasi vositasida tekshirish obyektlarini aniqlash yoʻli bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish hamda byudjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Ushbu islohotlar natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish, byudjet qonunchiligi buzilishining profilaktikasini kuchaytirish va masofaviy moliyaviy nazoratni kengaytirish, shuningdek, davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida Hisob palatasida “Masofaviy nazorat” markazi tashkil etildi.
Markazning asosiy vazifasi – byudjeti xarajatlarining samaradorligini oshirish, byudjet qonunchiligi buzilishini proaktiv tarzda oldini olish va qonunbuzilishlar profilaktikasini kuchaytirish.
Markazni tashkil etishda qator vazirlik va idoralarning auditlari takliflari ham inobatga olingan.
Unda 28 ta vazirlikning 115 turdagi maʼlumotlari shakllantirildi.
Markaz 3 ta yoʻnalishda faoliyatini amalga oshiradi:
- Ichki faoliyat nazorati;
- Davlat tashkilotlarining ichki audit nazorat tizimi;
- Tashqi va ichki manbaalar, “Masofaviy audit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi.
Markaz kiberxavfsizlik talablari asosida zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan.
Markazning ishga tushirilishining dastlabki bosqichida joyiga chiqib auditorlarni hamda davlat idoralarining vaqtini olishga sababchi boʻlgan 25 xildagi nazorat tadbirlarini bevosita zamonaviy dasturiy komplekslar yordamida tahlil qilish va qonunbuzilishlarni oldini olish imkonini berdi.
Hisob palatasi bundan keyin ham masofaviy nazorat jarayonlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanishni davom etadi.