Uchrashuvda 100 nafardan ortiq yoshlar ishtirok etib, ular tomonidan 30 dan ortiq muammo va takliflar bildirildi. Bildirilgan muammo va takliflarning kariyb 70 foizini ish bilan taʼminlash masalasi tashkil etgan boʻlsa, qolgan 30 foizi tadbirkorlik va boshqa masalalarni oʻzida qamrab oldi.
Buxoro shahar yoshlari bilan boʻlib oʻtgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida bir qator yoshlarning muammolari uchrashuv zalining oʻzida yechim topdi.
Jumladan, uchrashuvda 31 ta turli masalalardagi murojaatlar kelib tushgan boʻlsa, ishga kirish borasida murojaat qilgan yoshlardan 12 nafarini ishga joylashtirish boʻyicha uchrashuvning oʻzidayoq yoʻllanmalar toʻldirildi.
– Koʻpdan beri ishsiz edim, – deydi uchrashuvda ishtirok etgan Lobar Axrorova. – Bugungi uchrashuv men uchun samarali boʻldi. Doimiy ish joyiga ega boʻldim. Endi men ham oilamga moddiy tomondan yordam beradigan boʻldim. Juda ham xursandman. Shu joyning oʻzida mutahassisligim boʻyicha ishga yoʻllanma oldim.
Shuningdek, 3 ta masala boʻyicha tushuntirish berilgan boʻlsa, 16 ta masalani hal qilish boʻyicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shu bilan birga, uchrashuvda boʻsh ish oʻrinlari mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi. Unda viloyatning turli korxona va tashkilotlari 500 dan ortiq boʻsh ish oʻrinlari bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, uchrashuvda shahar yoshlarining 5 ta muhim tashabbus asosida yaratilgan ijodiy ishlari koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Uchrashuv soʻngida bir guruh shahar yoshlari tashkilotchilarning diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.