Birinchi holatda Pop tumani hokimining mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi yordamchisi 1988-yilda tugʻilgan fuqaroga 49-yil muddatga dehqon xoʻjaligi yuritish uchun ajratib berilgan 30 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xususiy mulk sifatida rasmiylashtirib berishni va uning 6 sotix qismida qurilgan uy-joy uchun kadastr hujjatlarini tayyorlab berishni vaʼda qilgan. Bu xizmatlar evaziga u 2 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida hokim yordamchisi oldindan 1000 AQSH dollarini 1990-yilda tugʻilgan tanishi orqali olgan paytda ushlanib, noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ikkinchi holatda esa Davlat kadastrlari palatasining Pop tuman filiali ishchisi davlat zaxirasidagi 10 sotix yer maydoni va unda qurilgan uy-joyni mansabdor tanishlari orqali fuqaro nomiga shaxsiy mulk sifatida rasmiylashtirib berish evaziga 900 AQSH dollari va 4,8 million soʻm olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.
Hozirda kadastr ishchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom etmoqda.