Ilgari fuqarolarimiz asosan 2-3 ta davlatga borib ishlagan boʻlsa, hozir tashkiliy migratsiya asosida 30 dan ortiq davlatda mehnat qilayotgani taʼkidlandi.

Misol uchun, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya kompaniyalari mutaxassislarga talabidan kelib chiqib, Oʻzbekistonda oʻquv kurslarini tashkil etdi.

Yaponiya kompaniyasi qurilish, haydovchilik, mehmonxona va restoran xizmati yoʻnalishlarida “10 ming nafar oʻzbek mutaxassisini jalb qilish” loyihasini boshladi. Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarni yuborish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.

Lekin qolgan mamlakatlardagi elchilar bunday tajribani boshqa davlatlar bilan yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashabbus koʻrsatmayotgani qayd etildi.

Masalan, chetdan ishchi kuchini faol jalb etayotgan Avstriya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Chexiya, Saudiya Arabistonidagi elchilarning mazkur yoʻnalishdagi ishlari qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda Shvetsiya, Daniya va Norvegiyada 300 ming ishchilarga ehtiyoj bor.

Norvegiyalik ish beruvchilar bu yilning o‘zida 3 ming fuqaroni o‘zlari o‘qitib, ularga Yevropa standartlari asosida sertifikat berishga tayyor. Yoki Shvetsiya grant ajratib, ijtimoiy xodimlarni tayyorlash va joriy yilning o‘zida 500 nafarini ishga olish taklifini bermoqda.

Mutasaddilarga Shvetsiya, Daniya va Norvegiya bilan kelishuvga erishib, fuqarolarimizni yuqori daromadli ish o‘rinlariga yuborish muhimligi ta’kidlandi.

Umuman, Shvetsiya va Latviyadagi elchilar bilan birgalikda Nordik davlatlar bilan tashqi mehnat migratsiyasi borasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish topshirildi.