Ayni vaqtda gazni hisobga olish qurilmalari isteʼmol koʻrsatkichi va debitorlik qarzi yuqori boʻlgan hamda gaz taqsimlash tarmoqlarini modernizatsiya qilish zarurati mavjud boʻlgan 77 ta shahar/tumanlarga oʻrnatilmoqda.

Hozirda GNHAT loyihasini amalga oshirish Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota va Qibray tumanlarida, Fargʻona viloyatining Margʻilon shahrida, Navoiy viloyatining Karmana tumanida toʻliq yakunlandi. Butun mamlakat boʻylab 991 mingdan ziyod yangi “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatib boʻlindi va ularda qayd etilayotgan maʼlumotlar avtomatik ravishda “BillingGaz” tizimiga yuborilmoqda.

“Aqlli” hisoblagichlarni oʻrnatish ishlari jadal davom etayotganidan kelib chiqib, “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan ilgari isteʼmolchilarning gaz hisoblagichlaridagi koʻrsatkichlarni yigʻish hamda tizimga kiritish bilan shugʻullangan inspektor lavozimi bekor qilindi. Qabul qilingan qaror gaz yetkazib beruvchi va abonent oʻrtasida oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarni oʻrnatish, shuningdek, GNHAT tizimiga ulanmagan hamda avval oʻrnatilgan gaz hisoblagichlaridan tabiiy gaz isteʼmoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “BillingGaz” tizimiga kiritishda inson omilini qisqartirishga imkon beradi.

“Hududgaztaʻminot” AJ “sotuvchi va xaridor” munosabatlaridagi yangi shartlarga muvofiq hamda abonent va tabiiy gaz yetkazib beruvchisi oʻrtasidagi amaldagi kelishuvga binoan, isteʼmol qilingan “zangori yoqilgʻi” uchun toʻlovlarni har oyning 10-kunigacha amalga oshirish kerakligini eslatadi. Yetkazib berilgan tabiiy gaz uchun toʻlov shartnomada belgilangan muddatlarda, oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda, isteʼmolchi yetkazib beruvchiga gaz yetkazib berish shartnomasiga muvofiq, toʻlovi kechiktirilgan har bir kun uchun toʻlov miqdorining 50 foizidan koʻp boʻlmagan holda, 0,1 foiz miqdoridagi penya toʻlaydi.

Fursatdan foydalanib, “Hududgaztaʻminot” AJ isteʼmolchilardan xonadonlariga oʻzlarini gaz taʼminoti tashkilotlarining inspektori sifatida tanishtirib kelgan shaxslar bilan aloqaga kirishmasliklarini va ularni GNHAT tizimiga ulanmagan gaz hisoblagichlaridagi koʻrsatkichlarni taqdim etmaslikni, shuningdek, toʻlovlarni mobil telefon orqali elektron tizimlar yoki bank kassalariga murojaat qilgan holda amalga oshirishlarini soʻraydi. Yaqin kunlarda isteʼmolchilar GNHAT tizimiga ulanmagan, isteʼmoldagi gaz hisoblagichlarining koʻrsatkichlarini yuborishlari uchun maxsus telegram bot hamda ilova ham ishga tushiriladi.

Barcha savol va takliflar yuzasidan, 1104, 712000804, 712021104 telefon raqamlari orqali yoki “Facebook” ijtimoiy tarmogʻidagi “Gaz taʼminoti muammolari va ularni hal etish yoʻllari” guruhiga murojaat eting.

“Hududgaztaʻminot” AJ matbuot xizmati