Imzolanish jarayonida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutasaddilari, tegishli mutaxassislar va ishchi-xodimlar hamda universitet vakillari ishtirok etdi.

Jamiyat Boshqaruv raisining birinchi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov bugun izchil rivojlanayotgan iqtisodiyotimiz, xususan elektr energetikasi tizimi uchun malakali muhandis va xodimlar yetishtirish masalasi dolzarb ekanligini taʼkidladi.

Shu maʼnoda bugun imzolangan memorandum “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ uchun yetuk malakali kadrlar tayyorlash masalasida “Tashkent International University of Education” bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyilishi qayd etildi.

Oʻz navbatida bugungi kunda mamlakatimizda yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim jarayoniga raqamli va pedagogik texnologiyalar hamda zamonaviy usullarni keng joriy etishga alohida eʼtibor qaratilayotgani eʼtirof etildi.

Elektr energetikasi tizimini yanada rivojlantirish borasida soha oldida turgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega yuqori malakali kadrlarni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq sifatli tayyorlash, ushbu jarayonga ilgʻor taʼlim texnologiyalari joriy etish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borishda respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, mazkur hujjat orqali tomonlar texnologik muammolar doirasida ilmiy-tadqiqotlar tashkil etish va ularda ishtirok etish, oʻquv-sayyor mashgʻulotlari va malakaviy amaliyotlarni oʻtkazish hamda muntazam ravishda sohaga oid adabiyotlar va boshqa nashrlar almashinish kabi yoʻnalishlarda ham hamkorlik olib boriladi, deb xabar beradi Energetika vazirligi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ maʼlumotiga tayanib.