Mamlakatimizda hududlarni kompleks iqtisodiy rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash, daromadi va turmush farovonligini oshirishga strategik yoʻnalish sifatida eʼtibor qaratilib, soʻnggi yillarda izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, xalqimizning hayot darajasi va sifatini yana-da oshirishga qaratilgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan uchrashish va muloqot qilish maqsadida viloyatlarga tashrifida, birinchi navbatda, hududlar iqtisodiyotidagi oʻsish nuqtalarini belgilash va shu orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, shu yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi davomida Boysun, Sariosiyo, Sherobod tumanlarini qurilish materiallari, Qiziriqni yengil sanoat, Oltinsoyni oziq-ovqat, Angorni charm, Bandixon va Muzrabot tumanlarini mahalliy sanoatga ixtisoslashtirib, klasterlar tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Xususan, Sariosiyoda qurilish materiallari ishlab chiqarish innovatsion industrial zonasi tashkil etilishi, Oltinsoy, Uzun, Bandixon, Denov, Jarqoʻrgʻon, Muzrabot, Termiz va Sariosiyo tumanlarida zaytun plantatsiyalari, Sherobod, Muzrabot va Qiziriqda anorzorlar barpo etilishi zarurligi alohida taʼkidlandi.

Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasiz hududlar taraqqiyotiga erishish imkonsiz. Shundan kelib chiqqan holda 2018-yilda boshlangan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani yaxshilash orqali hududlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini taʼminlashda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Birgina 2021-yilda barcha tuman va shahardagi jami 7 ming 794 ta qishloq va mahallada umumiy qiymati 20,8 trillion soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish hamda aholini uy-joy bilan taʼminlash chora-tadbirlarini moliyalashtirish belgilangani yaqin istiqboldagi taraqqiyotga xizmat qiladi.

Hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanishni ragʻbatlashtirish va daxldorlikni kuchaytirish maqsadida mahalliy byudjetlar daromad bazasini mustahkamlashga qaratilgan mahalliy davlat organlari vakolati kengaytirilmoqda. Ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishni rivojlantirish hisobiga qoʻshimcha soliq tushumlariga erishish, hududlarni subvensiyadan chiqarish va umumdavlat soliqlarini mahalliy byudjetlarda qoldirish kabilar bevosita mahalliy byudjetlar daromadining oshishiga, bu esa, oʻz navbatida, hududlarning turmush farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada 2018-yildayoq barcha mahalliy byudjetlar subvensiyadan toʻliq chiqarildi va bugungi kunda tartibga soluvchi byudjetlararo transfertlar qoʻllanmoqda.

Jahon iqtisodiyotidagi ilgʻor tajribalarga koʻra, hududlar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirishda erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalari faoliyati muhim ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda mamlakatimizda 23 ta erkin iqtisodiy zona faoliyat olib borayotgan boʻlsa, ularning 20 tasi 2016-yildan keyin tashkil etildi. Bu oʻrinda umumiy erkin iqtisodiy zonalardan tashqari alohida sohalar, jumladan, turizm, farmatsevtika kabi muhim jabhalarda erkin iqtisodiy zonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilganini alohida qayd etish zarur.

Faoliyat koʻrsatayotgan erkin iqtisodiy zonalar, texnoparklar va kichik sanoat zonalari faoliyatini umumiy tartibga solish nuqtayi nazaridan 2020-yil 17-fevralda Oʻzbekiston Respublikasining “Maxsus iqtisodiy zonalar toʻgʻrisida”gi qonuni qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-oktyabrdagi “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni asosida barcha erkin iqtisodiy zonalar maqomi, imtiyozlari tenglashtirildi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 3-maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish toʻgʻrisi”dagi farmoniga binoan farmatsevtikaga ixtisoslashgan va sohani rivojlantirishga qaratilgan yettita erkin iqtisodiy zona tashkil etildi. Umuman, 2016-yildan buyon erkin iqtisodiy zonalar faoliyatiga doir oʻndan ortiq farmon va qaror qabul qilindi.

Shuningdek, tumanlarni ham kompleks iqtisodiy rivojlantirish maqsadida bugungi kunga qadar 348 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilib, faoliyatini davom ettirmoqda. Natijada erkin iqtisodiy zonalarda umumiy qiymati 2,6 milliard dollarlik 453 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 36 mingga yaqin ish oʻrni yaratilgan. Kichik sanoat zonalarida esa 5 trillion soʻmlik 1 ming 497 ta loyiha ishga tushirilib, 36 mingdan ziyod kishining bandligi taʼminlangan.

Mamlakatimizdagi har bir hudud oʻziga xos sayyohlik imkoniyatlariga ega. Bu jihat xalqaro jamoatchilik tomonidan ham muntazam eʼtirof etilmoqda. Mavjud yuqori turizm imkoniyatidan har tomonlama samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida qator qaror va farmonlar qabul qilindi.

2016-yil 2-dekabrdayoq turizm sohasini har tomonlama rivojlantirishga masʼul Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Turizm industriyasi mehmonxona biznesini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Mamlakatimizda turizm va sport sohalarini yana-da rivojlantirish, aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, infratuzilmani yaxshilash, turizm salohiyati yuqori boʻlgan hududlarning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash orqali sayyohlik uchun qulay shart-sharoit yaratish, madaniy merosni muhofaza qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotganidan kelib chiqqan holda shu yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tashkil etildi.

2016-yildanoq mamlakatimizda turizm sohasi iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida belgilandi. Qabul qilingan farmon va qarorlar asosida sohadagi imkoniyatlar kengaytirildi. Fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi. 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi. Turizm sohasini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Yurtimiz turizm salohiyatidan samarali foydalanish, milliy madaniy merosni milliy va xalqaro jamoatchilikka keng targʻib qilish, ziyorat turizmi, ekologik turizm, gastronomik turizmni hamda ularning infratuzilmasini rivojlantirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Faqatgina davlat byudjeti mablagʻlari yoki bank kreditlari hisobidan hududlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini moliyalashtirish asosida mintaqalar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish mushkul masala. Shu bois, bu borada xususiy sektorning ijtimoiy masʼuliyatini oshirish, davlat va xususiy sektor hamkorligi asosida loyihalarni amalga oshirish ham oldimizda turgan strategik vazifalar ijrosida muhim oʻringa ega. Ayni imkoniyatlardan foydalangan holda energetika, kommunal xizmatlar, sogʻliqni saqlash, suv xoʻjaligi, taʼlim, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish kabi sohalarda hududlar boʻyicha qariyb 2,2 milliard AQSH dollariga teng qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

Tahlillardan ayon boʻlmoqdaki, energetika sohasida Navoiy, Sirdaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida amalga oshirilayotgan loyihalar istiqbolda hududlarning ham iqtisodiy, ham ijtimoiy taraqqiyotiga xizmat qiladi. Chunki energetika sohasi rivojisiz nafaqat ijtimoiy soha, balki biznes taraqqiyotini ham tasavvur qilish qiyin. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, suv xoʻjaligi va boshqa sohalarda amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari ahamiyati borasida yuqoridagi fikrlarni takrorlash mumkin.

Xulosa sifatida taʼkidlash lozimki, mintaqalar iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish orqali ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni jadallashtirish borasida hukumatimizning kompleks yondashuvi allaqachon oʻzining natijalarini berish bilan birga istiqboldagi jadal taraqqiyotimizga ham xizmat qiladi. Bu jarayonda eng asosiysi integratsiyalashgan va muvozanatli ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot orqali aholi turmush farovonligi taʼminlanadi.

Samariddin ELMIRZAYEV,

Toshkent moliya instituti kafedra mudiri,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor