Prezidentimiz shu yil 18-mart kuni tibbiyot xodimlari bilan boʻlib oʻtgan ochiq muloqotda sogʻliqni saqlash tizimida oʻz yechimini kutayotgan qator muammo va kamchiliklar borligi, shu sababli aholi ushbu sohadan hali toʻliq rozi emasligini alohida taʼkidladi edi. Oʻz navbatida, ushbu masalalarni samarali hal etish maqsadida 7 ta muhim yoʻnalish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Ushbu ustuvor vazifalar, birinchi navbatda, joylarda tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirishni koʻzda tutadi. Bu orqali yurtdoshlarimizning shifo maskanlarida uzundan-uzoq navbat kutib, turli byurokratik toʻsiqlarga duch kelib, ovorayu sarson boʻlishiga chek qoʻyish hamda kerak boʻlsa, shifokorlarimizning oʻzi bemorlar huzuriga borib, ularning salomatlgini tiklashi maqsad qilingan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan, mana, uch oydirki, joylarda ana shunday xalqchil tizimni bosqichma-bosqich hayotga tatbiq etishga kirishilgan. Xususan, mart oyi oxiridan boshlab vazirlik, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot yoʻnalishidagi oliy taʼlim muassasalarining yetakchi shifokorlari boshchiligida hududlarda sogʻlomlashtirish aksiyalarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.

Natijada oʻtgan qisqa davrda Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Fargʻona, Toshkent va Buxoro kabi qator viloyatlarda oʻtkazilgan shunday sogʻlomlashtirish aksiyalarida bu mexanizm sinovdan muvaffaqiyatli oʻtdi. Sogʻlomlashtirish aksiyalari ikki bosqichda tashkil etildi. Ularning har biriga Sogʻliqni saqlash vazirligining 150 nafardan ortiq yetakchi mutaxassislardan iborat guruh jalb etildi.

Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida yuqorida sanab oʻtilgan viloyatlarning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni oʻrganib, fuqarolar oʻrtasida sogʻlom turmush tarziga amal qilish, kasalliklar profilaktikasi boʻyicha targʻibot tadbirlarini oʻtkazdi. Davolanishga muhtoj boʻlgan aholi toifasining hududlar kesimidagi roʻyxati shakllantirilib, ogʻirlik darajasi boʻyicha tasniflanib, kasalliklar balansi yaratildi.

Yuqori texnologik amaliyotlarga muhtoj boʻlgan bemorlar Davlat tibbiy sugʻurtasi va tegishli fondlar mablagʻlari hisobidan operatsiyaga tavsiya etildi. Umuman, uch oyga yaqin vaqt mobaynida aksiya doirasida 100 ming nafardan ziyod aholi qamrab olingan chuqurlashtirilgan tibbiy koʻriklar tashkil etildi. Joylardagi tibbiyot muassasalarida poytaxtdan jalb etilgan yetakchi mutaxassislar ishtirokida jami 2000 ga yaqin yuqori texnologik operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarildi. Yana bir yangilik shundaki, sogʻlomlashtirish aksiyalari davomida yurtimizda birinchi marta buyrak transplantatsiyasi tuman darajasida amalga oshirildi.

Eng muhimi, ana shu yuqori texnologik operatsiyalar yillar davomida ogʻir xastalikdan aziyat chekayotgan va poytaxtda davolanish uchun imkoniyat topolmayotgan yuzlab yurtdoshlarimiz uchun ayni muddao boʻldi.

Sogʻlomlashtirish aksiyalarining yana bir oʻziga xos tomoni, ularning doirasida hududlarda Sogʻliqni saqlash vaziri va vazir oʻrinbosarlari boshchiligida sayyor tibbiy qabullar oʻtkazilgani boʻldi. Qabul davomida vazirlik rahbariyati aholi murojaatlarini tinglab, ularning muammoli masalalarini joyida hal etish choralarini koʻrdi. Murakkab jarrohlik amaliyotlari talab etiladigan, biroq davolanishga imkoni yoʻq bir guruh bemorlarga esa shu yerning oʻzida orderlar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, muhtoj fuqarolarga ehtiyojiga koʻra, nogironlik aravachalari, tibbiyot va dori-darmon vositalari bepul taqdim etildi. Bemorlar bilan muloqotda ularning salomatligini tiklash bilan bogʻliq muammoli masalalariga joyida yechim topish yuzasidan soha mutasaddilariga tegishli topshiriq hamda koʻrsatmalar berildi.

Muhimi, sayyor tibbiy qabul ishtirokchilari dard bilan kelib, quvonch va ishonch bilan uyiga qaytdi. Bu xayrli tadbir yuzlab bemorlarga qayta hayot, minglab qalblarga umid va ishonch bagʻishladi. Sogʻlomlashtirish aksiyasining ikkinchi bosqichida vazirlikning maxsus guruhi tomonidan yangi oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokor punktlarini tashkil etish, zarur hududlarda konteyner shaklidagi tibbiy punktlar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, tez tibbiy yordam xizmatini maqbullashtirish boʻyicha ham zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Ayni paytda Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan boshlangan sogʻlomlashtirish aksiyasini yurtimizning qolgan hududlarida ham navbati bilan oʻtkazish rejalashtirilgan.