Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari hududlarda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini baholadi.

Hozirgi kunda sayyoramizda 2 milliarddan oshiq kishi toza ichimlik suv taʼminotiga ega emas. Shuningdek, 3,6 milliard kishi yil davomida kamida bir oyda bir marotaba suvdan yetarli darajada foydalana olmaslik muammosiga duch kelmoqda.

Jahon tabiiy resurslar instituti (WRI) va Britaniyaning “Economist Intelligence Unit” tashkiloti tadqiqotlariga koʻra, 2040-yilga borib suv tanqisligiga eng koʻp duch kelishi taxmin qilinayotgan 33 ta mamlakat orasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan Oʻzbekiston ham bor.

Iqtisodiyot tarmoqlarida foydalaniladigan suv resurslarining 21,5 foizini respublika hududidagi, 78,5 foizini qoʻshni mamlakatlar hududidagi suv resurslari tashkil etadi. Ular asosan Amudaryo va Sirdaryo (61 foiz), ichki kichik daryo va soylar (35 foiz), yerosti suv zaxiralari (1 foiz) hamda kollektor va drenaj tizimlaridan (3 foiz) olinadigan suv resurslari hisobiga shakllangan.

Tadqiqot doirasida 1 gektar yerni sugʻorish uchun sarflanadigan suv miqdori, oʻrtacha 1 kub metr suv hisobiga yetishtiriladigan mahsulot, hududlarda suvni tejovchi texnogiyalar qoʻllaniladigan maydonlarning kengayishi kabi samaradorlikni aks ettiruvchi koʻrsatkichlar asosida hududlarda suvdan foydalanish samaradorligi indeksi hisoblab chiqildi.

Natijalarga koʻra, Andijon va Samarqand viloyatlari suvdan foydalanishda yuqori samaradorlikka erishgan boʻlsa, Toshkent, Jizzax, Navoiy, Namangan hamda Fargʻona viloyatlarida nisbatan oʻrtacha koʻrsatkich qayd etilgan.

Soʻnggi yillarda tejamkorlik borasida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida suvni tejaydigan texnologiyalar qoʻllaniladigan maydonlar Navoiy (28 foiz), Andijon (23,6 foiz), Jizzax (21,9 foiz) viloyatlarida kengayib bormoqda.

Hisob-kitoblarga koʻra, Oʻzbekistonda YAIMning har 1000 AQSH dollariga teng qiymatdagi ulushi uchun sarflanadigan suv miqdori AQSHdagi shu koʻrsatkichdan 9,1 marotaba, Yaponiyadagidan 8,6 marotaba, Germaniya va Ispaniyadagidan 8,9 marotaba, Rossiya va Xitoydagidan 8,4 marotaba yuqori. YAIMning suv sigʻimkorligi – bu maʼlum birlikdagi yalpi ichki mahsulotni yaratish uchun sarflangan suv resurslari miqdori. Bu esa oʻz navbatida, respublikamizda suv resurslaridan foydalanish samaradorligi ahcha past ekanligi hamda hududlarda yaratilgan mahsulot va tovarlar hajmiga qaraganda koʻproq suv sarflanishini anglatadi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, suvdan foydalanish samaradorligi bevosita tejamkor texnologiyalarni qoʻllash, suv sarfini kamaytirgan holda koʻproq va sifatli mahsulot olish chora-tadbirlarini qoʻllash bilan bogʻliq. Shuningdek, hududlarda aholining suvdan foydalanish madaniyatini yanada oshirish, suv tejamkor texnologiyalarni hududning xususiyatidan kelib chiqqan holda toʻgʻri qoʻllash zarur.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti