Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida ajratilgan davlat byudjeti mablagʻlarining toʻgʻri va samarali sarflanishini Jizzax viloyatida nazorat-tahlil tartibida oʻrganmoqdalar. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati maʼlum qildi.

Deputatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mabalagʻlari hisobidan subsidiya va grantlar hamda Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlarining sarflanishini tahliliy oʻrganmoqdalar. 2020-yilda Jizzax viloyatida ish beruvchilarga xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun 8 ta korxonalarga 96 nafar aholi bandligiga koʻmaklashish hududiy markazlari(ABKM) yoʻllanmasi boʻyicha ishga qabul qilgan xodimlari uchun 91,2 mln soʻm subsidiya ajratilgan.

Shuningdek, pandemiya davrida hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali kambagʻallikni qisqartirish maqsadida tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtish, kredit olishda sugʻurta polisi toʻlovi uchun 359 nafar ishsiz fuqarolarga davlat roʻyxatidan oʻtish uchun 79,1 mln soʻm subsidiya mablagʻlari berilgan. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan oilalarda istiqomat qiluvchi ishsiz fuqarolarga yengil tipdagi issiqxonalar qurish, tomorqasida dehqonchilik qilishi uchun urugʻ, koʻchatlar va sugʻorish vositalarini xarid qilish uchun 2362 nafar ishsiz fuqarolarga 4227,5 mln soʻm subsidiya mablagʻlari ajratilgan.

Deputatlardan tashkil topgan ishchi guruhi Baxmal va Gʻallaorol tumanlarida ajratilgan mablagʻlardan foydalanish holatlarini joyiga chiqib oʻrgandilar. Mazkur jarayonlarda maʼlum boʻldiki, Baxmal tumanida 302 nafar fuqaroga 652,4 mln soʻmlik subsidiya berilgan. Jumladan 85 nafar tomorqasi mavjud boʻlgan kambagʻal oilalarga issiqxona uchun 187,0 mln soʻm, 188 nafar fuqaroga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 404,5 mln soʻm, 29 nafar fuqarolarga sugʻorish vositalari uchun 60,9 mln soʻm subsidiya ajratilgan.

Gʻallaorol tumanida esa, 148 nafar fuqaroga 274,3 mln soʻmlik subsidiya ajratilgan. Shulardan, 67 nafar tomorqasi mavjud boʻlgan kambagʻal oilalarga issiqxona uchun 194,0 mln soʻm, 5 nafar fuqaroga urugʻlik va koʻchatlar xarid qilish uchun 6,9 mln soʻm, 76 nafar fuqaroga sugʻorish vositalari uchun 73,4 mln soʻm subsidiya berilgan.

Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlarining ishlatilishi boʻyicha 2020-yilda Baxmal tumanida jami 2 937 nafar fuqaroga 2 289, 2 mln. soʻm mablagʻ sarflangan. Gʻallaorol tumanida esa, jami 3 558 nafar fuqarolarga 2 719,6 mln, soʻm mablagʻ sarflangan,

Oʻrganish davomida subsidiya mablagʻlari hisobiga band qilingan aholining ushbu subsidiya hisobiga tashkil etilgan issiqxonadan foydalanishi, daromad olishi mahalla fuqarolar yigʻini bilan hamkorlikda monitoring qilib borilishi tushuntirildi.

Jamoat ishlari jamgʻarmasidan jamoat ishlariga jalb etilgan ishsiz aholi bilan faqat bir oy muddatga shartnoma tuzilayotganligi maʼlum boʻldi. Tartib boʻyicha olti oygacha muddatga shartnoma qilish belgilangan. Jamoat ishlariga ishsizlarni jalb etishda shartnoma muddatini maksimal belgilash toʻgʻrisida tavsiyalar berildi.