Nizomga koʻra, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan sektorlar faoliyatini baholash bir yilda bir marotaba – hisobot yilidan keyingi yilning 1-fevraliga qadar amalga oshiriladi.
Natijasi boʻyicha tahliliy maʼlumotnoma Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi va xalq deputatlari Kengashlariga kiritiladi.
Baholash natijasiga koʻra tuman, shahar sektorlari oʻrtasida respublika darajasida – “eng namunali sektor” hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri darajasida – “eng tashabbuskor sektor” nominatsiyalari boʻyicha gʻoliblar aniqlanadi va ragʻbatlantiriladi.
Baholash quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
“Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” bilan ishlash natijadorligi;
“mahallabay” ishlash tizimining yuritilishi holati;
iqtisodiy rivojlanish va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish darajasi;
tadbirkorlikni rivojlantirish;
jinoyatchilikni kamaytirish va ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish;
murojaatlar bilan ishlash samaradorligi.
Shunga koʻra, gʻolib boʻlgan sektorlar quyidagicha ragʻbatlantiriladi:
“Eng namunali sektor” nominatsiyasida:
▪️ 1-oʻrin – BHMning 500 baravari;
▪️ 2-oʻrin – BHMning 400 baravari;
▪️ 3-oʻrin – BHMning 300 baravari miqdorida pul mablagʻi.
“Eng tashabbuskor sektor” nominatsiyasida:
▪️ 1-oʻrin – BHMning 200 baravari;
▪️ 2-oʻrin – BHMning 150 baravari;
▪️ 3-oʻrin – BHMning 100 baravari miqdorida pul mablagʻi.
Qarorga koʻra, sektorlar faoliyati samaradorligi koʻrsatkichlarini hisoblash va baholash boʻyicha “sektor.reyting.uz” avtomatlashtirilgan onlayn axborot tizimi ishga tushiriladi.