Yigʻilishda tijorat banklari, agentliklar va sugʻurta kompaniyalari rahbarlari qatnashdi. Viloyat darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari videokonferensiya orqali ishtirok etdilar.
Yigʻilishning asosiy mavzusi mamlakatda tadbirkorlikni amaliy qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish masalalari, xususan, biznesni moliyalashtirish va kreditlash masalalari boʻldi.
Yigʻilishga valyuta siyosatini liberallashtirish chogʻida milliy valyutaga nisbatan xorijiy valyuta kursining oʻzgarishi bilan bogʻliq xarajatlardan zarar koʻrgan 20 ga yaqin tadbirkor taklif etildi.
Har bir tadbirkor oʻz masalasini bayon etdi va ular komissiya aʼzolari tomonidan batafsil koʻrib chiqildi. Har bir muammoli masala boʻyicha aniq yechimlar ishlab chiqildi hamda tegishli tijorat banklari rahbarlari masʼul ijrochilar sifatida belgilanib, ishlab chiqilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari qayd etildi.
Korxonalar faoliyatini sogʻlomlashtirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rahbar xodimlarini har bir tadbirkorga bir yil muddatga biriktirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Ularning vazifasi tadbirkorlarning faoliyatini “qoʻllab-quvvatlash” va yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda har tomonlama amaliy yordam berishdan iborat boʻladi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati
Shuningdek, uchrashuvda qatnashgan tadbirkorlar investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash hamda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha oʻz savol va takliflarini berish imkoniga ega boʻldi.