Unda Qoʻmita aʼzolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoʻmita ekspertlar kengashi aʼzolari hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Majlis ishtirokchilar homilador va reproduktiv yoshdagi ayollar hamda goʻdaklarga koʻrsatilayotgan tibbiy yordam holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalarini dastlabki tarzda koʻrib chiqdi.

Taʼkidlanganidek, Hukumatning parlament soʻroviga yuborgan javobiga koʻra, 2021-yil davomida reproduktiv yoshdagi ayollar orasida kasallanishni kamaytirishga va ularni sogʻlomlashtirish yuzasidan 8,9 million nafardan ziyod tugʻish yoshidagi ayollarning 8,8 million nafari (98,2%) tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. Ulardan 3,9 million nafarida (44,3%) ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlardan 3,5 million nafari (91,8%) sogʻlomlashtirilgan va ulardan 3,2 million nafari (91,5%) ambulator, 300,6 ming nafari (8,4%) statsionar sharoitda sogʻlomlashtirilgan.

Shuningdek, 2021-yil davomida hududlardagi tuman markazlaridan uzoqda joylashgan togʻli, choʻl va borish qiyin boʻlgan qishloqlarda “Koʻchma vrachlik brigadalari” yordamida 658,5 ming tugʻish yoshidagi ayollar tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan va ularning 275,6 ming nafarida (41,9%) turli xil kasalliklar aniqlangan. Kasallik aniqlanganlarning 93,7 foizi sogʻlomlashtirilgan.

Parlament soʻrovida koʻrsatib oʻtilgan 2019–2023-yillarda reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan tibbiy yordam sifatini oshirish va koʻlamini kengaytirishga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar dasturi ijrosi nazoratga olinib, kechiktirilgan vazifalarni amalga oshirish choralari koʻrilyapti.

Majlisda Davlat byudjetining 2021-yil yakunlari boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot hamda Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2022-yil birinchi choragidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobot ham birlamchi tarzda koʻrib chiqildi.

Majlis yakunida Qoʻmitaning tegishli qarori tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.