Huquqbuzarlik sodir etgan xodimga 12 000 000 soʻm jarima jazosi tayinlandi

    Oʻtkazilgan tekshirishga asos boʻlgan hujjatlar (taʼsir choralar) hamda tekshiruvlarning natijalari “Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi”ga kiritilmaganligi aniqlandi.

    Xabaringiz bor, Prezidentimizning 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilingan. Unga asosan 2019-yil 1-apreldan boshlab tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar oʻtkazilishining qonuniyligi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

    Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2019-yil 15-martdagi “Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshiruvlar oʻtkazish sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini nazorat qilish Vakilga yuklatilgan.

    Oʻrganishlar Adliya vazirligidan 2018-yil 7-sentyabrda 3067-son raqami bilan roʻyxatdan oʻtgan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va oʻtkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik Nizom”ga asosan oʻtkaziladi.

    Xususan, Chilonzor tumani DSI soliq nazorat boʻlimi sayyor soliq tekshiruvlari shoʻbasi Davlat soliq katta inspektori U.Melayev tomonidan 2022-yil 6-avgustda Chilonzor tumani 16-mavze 10-uyda joylashgan “The-optical” MCHJda tekshiruv oʻtkazilgan. Oʻrganish chogʻida oʻtkazilgan tekshirishga asos boʻlgan hujjatlar (taʼsir choralar) hamda tekshiruvlarning natijalari “Tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimi”ga kiritilmaganligi aniqlandi.

    Shuningdek, DSIning masʼul xodimi tomonidan tekshiruv davomida chekni bermagan xodim deb sotuvchi I.Usmanovga nisbatan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Aslida chekni N.Nizamova bermaganligiga ahamiyat qaratilmasdan, boshqa shaxsga nisbatan notoʻgʻri maʼmuriy bayonnoma qilingan. Soliq organi tomonidan tasdiqlangan dasturda koʻrsatilmagan holda sotuvchi I.Usmanovning ishga kirganlik buyrugʻi va tushuntirish xatlarini olganligi maʼlum boʻldi.

    Vaholanki, “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatida oʻtkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va oʻtkazish tartibi haqidagi vaqtinchalik Nizom”ning 20-bandida tekshiruv oʻtkazish jarayonida nazorat qiluvchi organning masʼul xodimlari oʻz vakolatlari va tekshiruv dasturida belgilangan masalalar doirasidan chetga chiqmasligi belgilangan.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 2-maydagi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 39-moddasi 4-xatboshiga muvofiq, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining oʻtkazilgan tekshiruvlari natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar tugatilgandan keyin uch kun ichida tekshiruvlarni elektron roʻyxatga olish yagona tizimiga kiritilishi koʻrsatilgan.

    Chilonzor tumani DSI soliq nazorat boʻlimi Sayyor soliq tekshiruvlari shoʻbasi Davlat soliq katta inspektori U.Meliyev oʻzining bu harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasining “Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida”gi kodeksining 2412-moddasida koʻrsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Yaʼni, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirishning va moliya-xoʻjalik faoliyatini taftish qilishning belgilangan tartibini buzish, xuddi shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini qonunga xilof ravishda tekshirish tashabbusi bilan chiqish va oʻtkazishda nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etganligi maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun asos boʻladi.

    Ushbu huquqiy tartibga koʻra masʼul xodim maʼmuriy javobgarlikka tortilib, unga bazaviy hisoblash miqdorining 40 (qirq) baravari miqdorida, yaʼni 12 000 000 (yigirma toʻrt million) soʻm jarima jazosi tayinlandi.

    Doniyor MAXMUDOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining

    huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil devonining yetakchi inspektori