Huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati koʻrib chiqildi

    Xavfsizlik 5 Avgust 2022 1876

    Senatning yigirma toʻqqizinchi yalpi majlisida ichki ishlar vazirining 2022-yilning birinchi yarim yilligida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

    Taʼkidlanganidek, Senatning 2022-yil 19-martdagi tegishli qaroriga muvofiq koʻrilgan choralar natijasida oʻz faoliyati davomida jinoyatlarni jilovlash borasida ishlarni toʻgʻri tashkil etmagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʻllanilgan.

    Qayd etilishicha, joriy yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlanib, bedarak yoʻqolgan 203 nafar shaxs topilgan.

    2021-yil davomida ochilmay qolib ketgan jinoyatlarning 1 079 tasi, avvalgi yillarda ochilmagan jinoyatlarning 151 tasi fosh etilishi taʼminlangan.

    Mahallalarda jinoyatchilikni oldini olishda salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

    Joriy yilning birinchi yarmida jami mahallalarning 53 foizida jinoyat sodir etilmagan va 14 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan.

    Jinoyatlar koʻpaygan 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, qoʻshma patrullik yoʻnalishlari tashkil etilgan.

    Erishilgan natijalar bilan birga ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʻliq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi qayd etildi.

    Xususan, shu yilning 6 oyida roʻyxatga olingan jami jinoyatlarning salmogʻi Toshkent shahrida, Fargʻonada, Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yuqoriligicha qolayotganligiga eʼtibor qaratildi.

    Profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududlarida sodir etiladigan jinoyatlarni bartaraf etishda ishlar sust olib borilyapti. Shu bois, oldini olish mumkin boʻlgan ayrim turdagi jinoyatlar koʻpayishiga sharoit yaratilgan.

    Sogʻliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarning 93 foizi, giyohvandlarning 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan boʻlsa, spirtli ichimlikka ruju qoʻyganlarning atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallarning 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan, xolos.

    Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning soni ayrim hududlarda yuqoriligicha qolgan.

    Respublika hududida sodir etilgan yoʻl-transport hodisalarining oldini olish ishlari ham bugungi kun talabi darajasida tashkil etilmagan.

    Xususan, joriy yilning oʻtgan 6 oyida bolalar bilan bogʻliq 595 ta yoʻl-transport hodisasi sodir etilib, ularda 529 nafar bola jarohatlangan, 97 nafari halok boʻlgan.

    Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.