“Huquqingiz bor” risolalari – sodda soʻzlar bilan qiyin masalalarni hal etamiz

    Bilasizmi? 27 Yanvar 2021 1746

    Aksariyat hollarda insonlarning oddiy, hayotiy huquq va majburiyatlarini bilmasliklari koʻplab muammo sabab boʻladi. Bu esa, ortiqcha vaqt va harajat talab etadigan holatlarni yuzaga keltiradi.

    Aynan shu kabi holatlarning oldini olish, yurtdoshlarimizning huquqiy ongi va madaniyatini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan “Huquqingiz bor” loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

    Yangi loyiha doirasida kundalik hayotimizda duch kelishimiz mumkin boʻlgan dolzarb va qiziqarli mavzularda huquqiy-ommabop risolalar nashr etilib, xalqimiz, ayniqsa, chekka hududlarda yashovchi aholiga yetkazilmoqda.

    Ayni paytga qadar TDYUUning yetakchi mutaxassislari, professor-oʻqituvchilari, shuningdek yosh olimlari tomonidan tayyorlangan, aholining huquq va erkinliklarini amalga oshirishda yuzaga kelgan muammoli vaziyatlarni ijobiy hal etish borasida malakali yuridik maslahatlar berish, ayollarning tazyiqlardan himoyalanish bilan bogʻliq huquq va erkinliklarini tushuntirish va himoya qilish, gender tengligini taʼminlash, joylardagi inson huquq va erkinliklarini amalga oshirish sohasida hayotiy vaziyatni oʻrgangan holda yuridik fan va huquqni qoʻllash amaliyotining uygʻunligini taʼminlash borasida zarur tavsiya va koʻrsatmalar berilgan, nikoh, aliment, oiladagi zoʻravonlik, meros, chet elda ishlash, yoʻl harakati, sogʻliqni saqlash, yerga egalik qilish, soliqlar, sudlanganlik kabi masalalarga oid 20 ta risola nashr etildi.

    Loyiha tashabbuskori, TDYUU rektori Rahimjon Hakimovning taʼkidlashicha, universitet jamoasi ushbu loyiha orqali sodda va ravon tilda tushuntirish adabiyotlarini tayyorlashda bebaho tajriba orttirdi. Professor-oʻqituvchilar odamlar bilan suhbatlashib, muammolarini tingladi va ularni hal etish boʻyicha tavsiyalarini berdi. Ushbu yoʻnalishda qilingan ishlar va tushuntirishlar keyinchalik risola tarzida shakllantirildi. Aholiga muammolarning yechimini yana-da yaqindan tushuntirish maqsadida eng qulay shakl — “savol-javob” uslubi tanlandi.

    Bugungi kunda universitet jamoasi risolalarning davomini tayyorlash va chop etish borasida ish olib bormoqda. Navbatdagi toʻplamga isteʼmol kreditlari, ishga joylashish va mehnat shartnomasini bekor qilish, shuningdek, frilanserlik faoliyati, biznes soliqlari, yoshlar fermerligi hamda boshqa qiziqarli va foydali mavzularda uchrayotgan masalalar va ularni hal etish borasida zarur tavsiyalarni berish koʻzda tutilgan.

    “Huquqingiz bor” loyihasi doirasida risolalar bepul tarqatilmoqda. Ularni aholiga tez va oson uslubda yetkazish maqsadida barcha nashrlar “Huquqingiz bor” (“Pravovoy gorod”) mobil ilovasiga joylashtirilgan. Ilovani “Play Market” platformasida quyidagi havola orqali yuklab olish mumkin: https://cutt.ly/8j1zaoV.