Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-iyuldagi “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qaroriga binoan har yili oktyabrning birinchi haftasi Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida belgilangan.
Ushbu qaror ijrosi doirasida 2025-yil 3-oktyabr kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Fanlar akademiyasi Tarix instituti bilan hamkorlikda “Millat qatagʻoni va oqibatlari” ilmiy konferensiyasi oʻtkazdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va FA Tarix instituti rahbariyati, xodimlari, talabalari va tadqiqotchilari, shuningdek, OAV vakillari qatnashdi.
Tadbirning kirish qismida tashkilotchilar tomonidan qatagʻon yillarining tarixiy va maʼnaviy oqibatlari, mazkur fojialarning milliy xotira va kelajak avlod tarbiyasi uchun beqiyos ahamiyati taʼkidlandi.
Mustabid tuzum avvalo millatning ziyoli qatlamini, vatanparvar va erkin fikrli farzandlarini yoʻq qilishga qaratilgani va shu jumladan, prokuratura tizimi xodimlarining 150 nafariga jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 30 nafari otib tashlangani qayd etildi.
Qatagʻon qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning jasorati va orzu-armonlarini keng targʻib etish milliy oʻzlikni asrab-avaylash hamda jamiyat maʼnaviyatini mustahkamlashda hal qiluvchi omil ekanligiga eʼtibor qaratilib, tarixiy xotirani abadiylashtirish va ularning jasoratini yosh avlodga yetkazish borasida Bosh prokuratura hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Tarix instituti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik ushbu ezgu maqsadlarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo Tarix instituti tomonidan oktyabrning birinchi haftasida anʼanaviy oʻtkazib kelinayotgan “Qaramlik, qatagʻon va millat” umummilliy ilmiy yigʻini, Institut olimlari tomonidan jadidchilik milliy harakati tarixi, qatagʻon qurbonlarini aniqlash, ularning hayoti va faoliyatini oʻrganish boʻyicha amalga oshirilayotgan tadqiqotlar, qatagʻon oqibatlari haqida atroflicha fikr bildirdi.
Konferensiyada soʻzga chiqqan olimlar shuningdek qatagʻon siyosatining ildizlari, ishbilarmonlar, yer egalari, chorvadorlar, dindorlar, milliy siyosiy uyushmalar, milliy matbuot qatagʻoni va ushbu qatagʻon oqibatlariga oid masalalarda toʻxtalib oʻtdilar.
Tadbirda qatagʻon qurbonlarining avlodlari ham ishtirok etib, bobolari haqida qimmatli maʼlumotlarni taqdim qildilar.
Tadbir yakunida maʼruzalar boʻyicha fikr-munozaralar bildirildi, shuningdek, bu kabi tadbirlarni muntazam oʻtkazilishi lozimligi qayd etildi.




