Qon va jon evaziga asralgan oʻzlik

    1200 nafardan ziyod siyosiy qatagʻon qyrbonlarining ishi qayta koʻrib chiqilib, ularning pok nomlari, shaʼni va sharafi oqlandi.

    Sobiq shoʻrolar tuzumi davrida amalga oshirilgan siyosiy qatagʻonlar millionlab insonlar hayotida oʻchmas iz qoldirdi. Yurtdoshlarimiz oʻsha mudhish fojialarni haligacha chuqur iztirob bilan yodga olib, begunoh qurbon boʻlgan insonlarning xotirasini eʼzozlaydi.

    Battol qatagʻon haqida oʻylaganda kishi koʻnglida bunday mislsiz jinoyatlarga qoʻl urishdan maqsad nima edi, degan ogʻriqli savol tugʻiladi. Albatta, oʻtgan asrning oʻttizinchi yillari oxirida ulkan saltanat hududini qora tumandek qoplagan siyosiy qirgʻinlarga qator omillar sabab boʻlgan. Avvalo, shoʻro hukmdorlari hokimiyat jilovini boy berib qoʻyishdan qoʻrqar, shu bois siyosiy raqiblari va har qanday muxolif fikrlarga nisbatan oʻta toqatsiz munosabatda boʻlardi. Zero, millionlab insonlarni doimiy qoʻrquv iskanjasida ushlab turgan qattol hokimiyat aslida qilt etgan shabadadan ham choʻchiydigan, oʻz soyasidan oʻzi gumonsiraydigan darajada ojiz va qoʻrqoq edi.

    Oʻsha davrda yuritilgan madaniyat va ilm-fanni nazorat qilish siyosati mamlakatdagi barcha mafkuraviy va madaniy harakatlarning kommunistik partiya tomonidan toʻqilgan choʻpchaklarga mos va muvofiq boʻlishini taqozo etardi. Ittifoq tarkibidagi respublikalarda mazkur sunʼiy qolipga tushishni istamagan, xalqining milliy oʻziga xosligini saqlab qolishga intilgan ilgʻor fikrli ziyolilar oxir-oqibat qatagʻonga duchor boʻlishdi. Ulkan davlat hududida yashayotgan son-sanoqsiz millat va elatlarni azaliy ildizlaridan ayirish orqali yagona sovet xalqini yuzaga keltirishdek ahmoqona gʻoya ham ziyolilarni oʻz xalqini maʼnaviy tanazzuldan saqlab qolish uchun kurashga undadi. Tez orada ular ham qattol repressiya qurboniga aylanishdi.

    Qizil imperiya barham topgach, “yagona sovet xalqini yaratish” orzusi aslida sarobdan oʻzga narsa emasligi ayon boʻldi. Ana shunday ogʻir va murakkab sharoitda koʻplab fidoyi insonlar oʻz qoni va joni evaziga boʻlsa-da, jabrdiyda xalqlarning oʻzligini asrab qoldi.

    Shoʻrolar qatagʻonidan nafaqat ilgʻor fikrli ziyolilar, balki millionlab oddiy fuqarolar ham jabr koʻrdi. Maʼlumotlarga koʻra, 1937-1953-yillar oraligʻida birgina Oʻzbekistonda 100 mingdan ziyod odam hibsga olinib, 13 mingdan koʻproq millat oydinlari otib tashlangan. Bunday misli koʻrilmagan zulm va zoʻravonliklar alaloqibat jamiyatda shafqatsiz mafkuraviy terror, dahshatli qoʻrquv muhitini yuzaga keltirdi. Maʼnaviy-madaniy hayotni butkul izdan chiqardi.

    Sobiq ittifoqda amalga oshirilgan “katta terror” oqibatida jamiyatda soxtalik, tilyogʻlamalik, ikkiyuzlamachilik, shaxsga sigʻinish kabi illatlar chuqur ildiz otdi. Totalitar tuzumni asossiz ulugʻlash, mustamlaka xalqlarning oʻtmishini oyoqosti qilish singari nojoiz holatlar urchidi. Tarix soxtalashtirilib, statistik maʼlumotlar va jamiyatda yuz berayotgan ijtimoiy jarayonlar buzib koʻrsatildi. Mashhur ingliz adibi Jorj Oruell taʼbiri bilan aytganda, jamiyat “katta ogʻa”ga muhabbat qoʻyishga, uni qoʻrquv bilan sevishga majburlandi.

    Shoʻrolar zulmidan ozod boʻlgan oʻlkalarda bugun oʻsha davr voqeligini xolis, adolatli oʻrganish va asl haqiqatni tiklashga katta ahamiyat qaratilayotgani bejiz emas. Zotan, qatagʻon fojialari bugun har bir ongli shaxs uchun juda katta ibrat va saboq vazifasini oʻtaydi.

    Keyingi chorak asr davomida Oʻzbekistonda shoʻrolar davrida yurt ozodligi, taraqqiyot va maʼrifat gʻoyalari yoʻlida jon bergan fidoyi ajdodlarimiz bilan bogʻliq tarixiy alodatni tiklash, ularning ibratli ilmiy-ijodiy faoliyatini tadqiq qilish borasida juda katta ishlar amalga oshirildi. Poytaxtimizda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi barpo etilib, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi tashkil qilingani bu borada muhim qadam boʻldi. 2001-yildan buyon yurtimizda har yili 31-avgust sanasi “Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni” sifatida keng nishonlanmoqda. Zahmatkash olimlarimiz shu choqqacha yopiq hisoblangan koʻplab arxiv va manbalarda izlanishlar olib borib, mingdab tarixiy shaxslarning ayanchli qismatiga oydinlik kiritmoqda.

    2017-yilning 31-avgustida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyiga tashrifi chogʻida Oʻzbekistonda qatagʻon qurbonlarining sharafli hayoti va faoliyatini oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha keng koʻlamli vazifalarni belgilab berdi. Shunga asosan ushbu muzey hukumat tasarrufiga oʻtkazilib, faoliyati yanada takomillishtirildi hamda respublikamizning barcha hududlarida uning filiallari tashkil qilindi. Ayniqsa, filiallar tegishli oliy oʻquv yurtlari tuzilmasida ochilgani har jihatdan oʻrinli boʻldi. Chunki ularda oʻqiyotgan minglab talabalar deyarli har kuni ana shu maskanlar faoliyati bilan tanishib, oʻzlari uchun juda katta tarbiyaviy xulosalar chiqarishi shubhasiz. Eʼtiborli jihati, hozir bu muzeylar nafaqat talabalar, balki maktab oʻquvchilari va joylarda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimizning ham sevimli maskaniga aylangan.

    Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda qatagʻon qurbonlarining xotirasi abadiylashtirilib, shahar va tumanlarda ularning muazzam haykallari oʻrnatilmoqda. Ayni paytda Buxoro shahrida jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil qilinyapti. Qisqa fursatda mamlakatimiz hududlari kesimida 14 ta “Qatagʻon qurbonlari” xotira kitoblari tayyorlanib, chop etilgani ham yurtimiz hayotida muhim voqea boʻldi.

    Sir emas, oʻtgan asrning oʻrtalarida sobiq ittifoqda qatagʻon davri nihoyasiga yetib, mamlakat siyosiy hayotida “iliq shabadalar” esa boshlagach, nohaq jazolangan shaxslar ham birin-ketin oqlana boshladi. Afsuski, ularning aksariyati allaqachon otib tashlangan yoki olis oʻlkalardagi qamoqxona va mahbuslar lagerlarda mislsiz azob-uqubatlarga dosh berolmay nobud boʻlgan edi. Odamlar jillaqursa oʻz yaqinlarining nomi oqlanganidan taskin topib, shu bilan qanoatlanishga majbur boʻldi. Lekin shu ish ham oxiriga yetkazilmay, minglab begunoh insonlarga oʻqilgan soxta hukmlar bekor qilinmay qolib ketdi.

    Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonda bu borada tarixiy adolatni qaror toptirish boʻyicha ham misli koʻrilmagan ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina keyingi toʻrt yilda respublika Oliy sudi tomonidan 1200 nafardan ziyod siyosiy qatagʻon qyrbonlarining ishi qayta koʻrib chiqilib, ularning pok nomlari, shaʼni va sharafi oqlangani buning isbotidir. Muhimi, mazkur jarayonlar mamlakatimiz jamoatchiligi tomonidan katta qiziqish va eʼtibor bilan kuzatib borildi hamda sudning adolatli qarorlari xursandchilik bilan kutib olindi.

    Prezidentimizning shu yil 19-iyulda qabul qilingan “Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida”gi qarorida bu yoʻnalishda yangi, salmoqli vazifalar belgilandi. Bundan buyon qatagʻon qurboni boʻlgan shaxslarni nomma-nom aniqlab, ularning hayoti va faoliyatini atroflicha yoritish maqsadida turli arxivlar, muzeylar, kutubxonalar va fondlarda saqlanayotgan hujjatlarni tizimli ravishda tadqiq qilish yoʻlga qoʻyiladi. Ularning avlodlari va yaqinlari, oʻsha mashʼum voqealarga shaxsan guvoh boʻlgan insonlarning xotiralari yozib olinadi.

    Qatagʻon qurbonlarining hayoti va merosini chuqurroq oʻrganish maqsadida xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish ham amalda yaxshi natijalar berishi shubhasiz. Shu asosda tegishli muzeylar qatagʻon qurbonlari va jadidlar faoliyatiga oid ashyoviy dalillar hamda eksponatlar bilan muntazam boyitib boriladi.

    Asosiysi, hurlik, adolat yoʻlida jon fido qilgan ajdodlarimizni yoshlarga yaqindan tanitish, ularni bunday ulugʻ insonlar xotirasiga yuksak hurmat va ehtirom ruhida tarbiyalash maqsadida tizimli maʼnaviy-maʼrifiy ishlar amalga oshiriladi. Bunday maʼlumotlarni yoshlarga zamonaviy shakllarda taqdim etish choralari koʻriladi.

    Shu oʻrinda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yildan eʼtiboran Oʻzbekistonda oktyabr oyining birinchi haftasi Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi etib belgilangani juda katta ahamiyatga ega tarixiy voqea boʻldi. Ayni kunlarda mamlakatimizdagi juda koʻplab taʼlim muassasalari, mahalla va tashkilotlarda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy va xotira tadbirlari xalqimizni, yoshlarimizni ana shunday fidoyi ajdodlarimizning sharafli hayot yoʻli, ularning hurlik va adolat haqidagi orzu-armonlari bilan yanada yaqinroq tanishtirishga xizmat qilishi shubhasiz.

    Bir soʻz bilan aytganda, yurtimizda siyosiy qatagʻon qurbonlari xotirasini eʼzozlash yoʻlida olib borilayotgan ishlar barchamizni yaqin oʻtmishda yuz bergan mudhish voqea-hodisalar sabablarini chuqurroq anglash hamda bugungi tinch va osoyishta hayotimizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylashga undashi bilan ahamiyatlidir.


    Avazbek ShERMATOV,

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi

    huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar

    instituti kichik ilmiy xodimi

    

    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 203-sonida (2024-yil 8-oktyabr) chop etilgan.

    No date selected
    dekabr, 2024
    1
    2
    3
    4
    5
    6
    7
    8
    9
    10
    11
    12
    13
    14
    15
    16
    17
    18
    19
    20
    21
    22
    23
    24
    25
    26
    27
    28
    29
    30
    31
    Use cursor keys to navigate calendar dates