Ayniqsa, iqtisodiy salohiyati yuqori, milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishiga katta hissa qoʻshuvchi hududlar uchun maqsadli davlat dasturlari muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning 2026-yil 13-martdagi “Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qarori ham ushbu hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan strategik hujjat sifatida voha aholisi tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Qarorning asosiy mohiyati Qashqadaryo viloyati iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish, aholi bandligini oshirish, biznes muhitini va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, yashil tamoyilli yondashuvlarni joriy etish orqali yuqori ijtimoiy-iqtisodiy oʻsishni taʼminlashdan iborat.

Hujjatda iqtisodiyotning real sektorini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilgan. Sanoatni modernizatsiya qilish, sanoat korxonalarini texnologik yangilash va energiya samaradorligini taʼminlash, ishlab chiqariladigan mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish va eksport hajmini koʻpaytirishga yoʻnaltirilgan muhim tadbirlar belgilangan. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 8,2 foiz, sanoat ishlab chiqarish hajmi 8,6 foiz, bozor xizmatlari hajmi 15,9 foiz, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmi 5,8 foiz va qurilish hajmi 13,2 foiz oʻsishiga erishish 2026-yilda yuqori iqtisodiy oʻsishni taʼminlashning asosiy maqsadli koʻrsatkichlari sirasiga kiradi. Ishsizlik darajasini 3,2 foiz va kambagʻallik darajasini 3 foizga pasaytirish, shuningdek, hududiy eksport hajmini 1,3 baravar, investitsiyalar hajmini 1,6 baravar oshirish belgilangan. Investitsiya muhitini yaxshilash maqsadida xorijiy va mahalliy investitsiyalarni keng jalb qilish uchun institutsional sharoitlar yaratish, soliq va maʼmuriy yengilliklar joriy etish nazarda tutilgan.

Qarorning muhim jihati — ijtimoiy yoʻnaltirilganidadir. Ayniqsa, bandlikni ­taʼminlash, yangi ish oʻrinlari ochish orqali aholi daromadini oshirish, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish, yaʼni inson kapitalini oshirish orqali uzoq muddatli iqtisodiy oʻsishga zamin hozirlashning asosiy tamoyillari belgilab berilgan. Infratuzilmani modernizatsiya qilish, transport, energetika va kommunal xizmatlar sifatini yaxshilash boʻyicha ham manzilli chora-tadbirlar koʻzda tutilgan boʻlib, bu “inson kapitali — iqtisodiy oʻsish drayveri” konsepsiyasiga toʻliq mos keladi.

Qarorda belgilanganidek, innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladigan, hududda texnoparklar va sanoat zonalarini yaratish, raqamli iqtisodiyotni joriy etish, ilmiy tadqiqot natijalarini ­amaliyotga tatbiq etish boʻyicha ustuvor vazifalar amalga oshiriladi.

Xalqimiz farovonligini taʼminlash uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi 100 million AQSH dollari ajratadi. Viloyatda yangi imkoniyat va tashabbuslarni ishga solish, tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash uchun respublika byudjetidan 190 milliard soʻm ajratilishi koʻzda tutilgan.

Viloyatda energiya samaradorligini oshirish, “yashil” texnologiyalarni joriy etish va “yashil” isteʼmol kreditlarini ajratishga alohida eʼtibor berilgan. Ayniqsa, viloyatdagi 311 ta ijtimoiy soha muassasasini issiq suv bilan taʼminlash maqsadida 623 ta geliokollektor (quyosh suv isitish kollektorlari) oʻrnatilishi barqaror issiq suv bilan taʼminlash va energiya resurslarini tejash imkonini beradi. Agar bu raqamlarni vakuumli geliokollektor misolida tahlil qilsak, bitta kollektor yiliga 1700-2000 kilovatt-soat issiqlik energiyasi beradi. Natijada bitta vakuumli geliokollektor (20-24 shisha trubkali) 180-200 kub metr gazni yoki 1700-1800 kilovatt-soat elektr energiyasini tejashini hisobga olsak, oʻrnatilgan 623 ta geliokollektor yordamida yiliga 124 ming 600 kub metr tabiiy gaz yoki 1 million 121 ming 400 kilovatt-soat elektr energiyasi iqtisod qilinishi maʼlum boʻladi.

Qarshi davlat texnika universitetida taʼlim sifatini yaxshilash va zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan taʼminlash uchun 9 milliard soʻm ajratildi. Bu mablagʻ vositasida, hudud iqtisodiyoti va sanoat korxonalari ehtiyojidan kelib chiqib, universitetda zamonaviy laboratoriya majmuasi barpo etiladi. Natijada universitetda yosh olimlar va ilmiy maktablar uchun ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, viloyatdagi muammolarni ilmiy asosda oʻrganish, tadqiq qilish va yechimlar ishlab chiqish uchun yetarli sharoit yaratiladi. Yosh olimlar va talabalar hududiy innovatsion loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etadi. Sanoat korxonalari uchun ilmiy-konsalting xizmatlari koʻrsatiladi.

Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yilida viloyatdagi 99 ta mahallaga universitetning 800 dan ortiq talabasi biriktirildi. Ularning amaliyoti shu hududda tashkil qilinmoqda. Arxitektura va qurilish sohasidagi bitiruvchi talabalar, magistrlar va yosh tadqiqotchilar Qarshi tumanidagi Gulshan mahallasining bosh rejasini ishlab chiqmoqda.

Energetika muhandisligi fakulteti tadqiqotchilari va talabalaridan iborat guruh Gulshan mahallasida energiya isteʼmolchilari yuklamasini tahlil qilish, mahallada oʻrnatilgan quyosh panellarining samaradorligini oshirish boʻyicha ilmiy-texnik yechimlar ustida faoliyat yurityapti.

Universitetda Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligida xorijiy tillar va kasbga oʻqitish markazi ochildi. Germaniya kompaniyasi bilan hamkorlikda yoshlarni ish bilan taʼminlash istiqbollari belgilab olindi. Talabalar va mahalliy aholi uchun ilk nemis tili oʻqitish dasturini amalga oshirish ishlari boshlandi. Mazkur loyiha zamonaviy texnika, intellektual oʻquv platformalari va Yevropa standartlariga mos oʻquv materiallari asosida samarali taʼlim usulini ishlab chiqishga qaratilgan.

Loyihaning izchil amalga oshirilishi minglab yoshlarning Germaniyada oʻqishi va ishlashi uchun keng imkoniyat yaratadi. Germaniyaning “Prosika” va “Motiba” kompaniyalari bilan hamkorlikda joriy yil 3 ming, 2030-yilgacha jami 50 ming nafar yoshni ushbu loyiha orqali nufuzli nemis kompaniyalariga ishga yuborish reja qilingan.

Prezidentimiz qarori Qashqadaryo viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida tizimli va kompleks yondashuvni taʼminlaydi. Uning ijrosi hududda iqtisodiy oʻsish surʼatini barqarorlashtirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, viloyatning investitsion va innovatsion salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Shu jihatdan mazkur qarorni hududiy rivojlanishning institutsional asosini mustahkamlovchi va milliy iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga hissa qoʻshuvchi strategik hujjat sifatida eʼtirof etish oʻrinlidir.

Gʻulom UZOQOV,

texnika fanlari doktori,

professor