Kamina Toshkent viloyatidagi hududiy gazetalar bosh muharrirlari hamda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hududiy boʻlinmalari rahbarlari bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishidan bir muddat avval bu qutlugʻ dargoh bilan tanishish baxtiga muyassar boʻlgan edim.

Dunyoda andozasi boʻlmagan markaz azim poytaxtimizning koʻrkiga koʻrk qoʻshib turibdi, oʻz navbatida, vatanimiz tarixini oʻzida ifoda etish barobarida shonli oʻtmishimizning bir boʻlagiga ham aylanib ulgurmoqda. Mana shunday tarixiy jarayonlar ishtirokchisi boʻlayotganimiz bizga gʻurur bilan birga masʼuliyat ham yuklaydi, albatta.

Muhtasham majmua

Tilimizda “muhtasham” degan soʻz bor. Oʻzbek tilining izohli lugʻatida bu soʻzga “hashamat bilan ishlangan”, “hashamat berilgan”, “ulugʻvor”, “serhasham” kabi izohlar berilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi, darhaqiqat, muhtasham ilmiy-tarixiy majmua boʻlgan. Aslida, koʻhna va muhtasham tariximiz shunga munosib.

Markazning eksponatlar boʻlimi toʻrt qismdan iborat. Ularda oʻlkamizdagi antik davr, Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davrlari hamda Yangi Oʻzbekistonni barpo etish jarayonlari oʻz ifodasini topgan. Yurtimiz tamaddunlar, ulugʻ shaxs­lar va buyuk kashfiyotlar yurti ekanini darslik va tarixiy-badiiy kitoblarda oʻqiganmiz, albatta. Biroq bu ulugʻlikni koʻz oldimizda gavdalantirish uchun tasavvurimiz, tan olaylik, bir qadar ojizlik qilib qolardi.

Bir misol. Moʻgʻullar istilosiga qadar hozirgi Nurafshon, Ohangaron va Olmaliq hududlarida Iloq davlati, uning poytaxti sifatida Nuket — hozirgi Nurafshon shahri gullab-yashnagan, savdo-sotiq, iqtisodiyot va madaniy hayot rivojlangan. Nurafshon shahridagi Ulkan Toʻytepa arxeologik yodgorligidan topilgan va Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyida saqlanayotgan ossuariy ham buni tasdiqlaydi.

Olmaliqlik hurmatli professorimiz ­Abdurashid Hasanov tomonidan tayyorlangan eksponatlarda bundan ming-ming yillar muqaddam Oʻzbekistonda, aynan Toshkent viloyatida togʻ-kon sanoati juda yaxshi rivojlanganini koʻrish mumkin. Ibtidoiy jamoalar davrida baʼzi oʻlkalarda odamlar qayroqtosh yordamida olov yoqib, hayvon terisini oshlab-oshlamay, unga oʻranib yurgan bir vaqtda zukko ajdodlarimiz oʻz dastgohlarida olovni oʻynatib, yer osti qazilmalariga ishlov bergan va bu orqali konchilik sanoati hamda uni qayta ishlash texnologiyalarini yaratgan.

Albatta, faxrlanadi, faxrlanish orqali ­quvonadi kishi.

Tarix va talqin

Oʻzbekiston — tamaddunlar tutashgan tarixiy nuqta. Birinchi va Ikkinchi Uygʻonish davri va bu davrlarda yaratilgan kashfiyotlar haqida soʻzning oʻzi ortiqcha. Biroq bir alam koʻksimni boʻridek tirnar edi.

Gap shundaki, 2013-yilda Germaniya kinoijodkorlari tasvirga olgan “Tabib: Ibn Sino shogirdi” filmini yaqinda tomosha qildim. Bu film­da buxorolik qomusiy alloma va ulugʻ hakim Abu Ali ibn Sino hayotining soʻnggi yillari badiiy tasvirga olinadi. Ammo shu orqali Markaziy Osiyo tarixiga tahdid qilinadi, faktlar notoʻgʻri koʻrsatiladi, saljuqiylar bosqinchi sifatida namoyish etiladi va oʻtib tushgani, Ibn Sino xudkush sifatida talqin qilinadi. Bundan-da koʻproq alam qiladigani esa Ibn Sinoni tibbiyotdagi muvaffaqiyatlari sari germaniyalik shogirdi Rob Koul ruhlantirgani edi. “Vikipediya”da Rob Koul XIX asrda yashaganini koʻr ham oʻqiy oladi! Ustiga ustak, bu filmda “Tib qonunlari” haqida lom-mim deyilmagan.

Tabiatan kurashuvchan, mard va zukko boʻlgan Ibn Sino ojiz odam sifatida gavdalantirilgan. Hatto film ijodkorlari hakimning vafotini ham soxtalashtirgan. Bu nafaqat tarixga tahdid, Ibn Sino shaxsiga hurmatsizlik hamdir! Qolaversa, dunyo tibbiyoti otasi Isfahonda vafot etmagan-ku. Shayx ur-rais oʻz joniga qasd qilib, xudkush ham boʻlmagan! Xastalik oqibatida safar chogʻi qazo qiladi va Hamadonga dafn qilinadi.

Toʻgʻri, rejissyor Filipp Shtyolsl filmida ssenariy ishi, rejissyor ishi, operatorlik ishi, aktyorlar mahorati, hammasi ham chakkimas. Ammo tarixiy haqiqat-chi? Mantiq-chi? Ochigʻi, hafsalam pir boʻldi. “Oʻrtoq “Oʻzbekfilm”, xalqing kutar soʻz”, degan xalqchil shoirimiz Muhammad Yusufning satrlarini esladim.

Allomalarimiz toʻgʻrisida milliy badiiy asarlarimiz, milliy kinolarimiz, milliy ilmiy tadqiqotlarimiz faqat oʻzimiz yo chora-tadbirlarda belgilangani uchun emas, vijdonan yaratilishi kerak. Bu asarlar jahon hamjamiyati saviyasi va darajasida boʻlmas ekan, tariximiz toʻgʻrisida ular toʻqigan choʻpchaklarni eshitib oʻtirishga majbur boʻlib qolamiz. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbari tomonidan Kinematografiya agentligiga berilayotgan imkoniyatlar, koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrliklar beiz va bejiz ketmasligiga umid qilib qolaman. Zero, Islom sivilizatsiyasi markazi koʻhna tariximizni shoda-shoda marjon kabi koʻz oldimizda yaqqol koʻrsatib turibdi.

Koʻhna moziy shodasi

Yana bir fikrni aytib oʻtishni burchim deb hisoblayman. Yaʼni markazdagi deyarli barcha eksponatlar haqiqiy. Dunyoning turli nuqtalariga tarqalib ketgan noyob durdonalar ham vatanimizga qaytarilmoqda.

Bu muazzam maskan bilan tanishish asnosida Oʻzbekistonda islom tamadduniga oid boy ilmiy va maʼnaviy merosni tiklashga qaratilgan muhim loyihalar amalga oshirilayotganidan voqif boʻldik. Shunday loyihalardan birida jahon islom sanʼati tarixida benazir namuna sifatida tan olingan asar — Umar Aqtaʼ tomonidan XIV-XV asrlarda Amir Temur buyurtmasiga binoan yaratilgan ulkan Qurʼon qoʻlyozmasining nusxasidir. Buni shunchaki kalligrafiya deb boʻlmaydi.

Rivoyatlarga koʻra, Amir Temur oʻz saroyi uchun shunday Qurʼon yaratilishini istaganki, u oʻqilganda odamlar hayratdan jim boʻlib qolsin. Dastlab Umar Aqtaʼ unga uzuk koʻziga joylashadigan darajada kichik musʼhaf hadya qiladi. Ammo Sohibqiron bundan mamnun boʻlmagan va “Qurʼoni karimni bu qadar kichraytirish Allohning kalomiga munosib emas”, deya fikr bildirgan. Shundan soʻng Umar Aqtaʼ oʻsha zamon uchun mislsiz hajmga ega musʼhaf bitishga kirishgan. Bu ish nafaqat ruhiy, balki jismoniy jihatdan ham ulkan mehnat talab qilgan. Tokay XXI asrning ilk yillarigacha bu qoʻlyozma dunyodagi eng yirik Qurʼon kitobi, deya eʼtirof etilgan.

Mazkur Qurʼonning har bir sahifasi 1,25 x 2,25 metr hajmda. Bunday ulkan sahifalarni oddiy odam koʻtara olmagan — ular maxsus aravalarda Temur saroyiga olib kirilgan. Shunga koʻra, baʼzi tadqiqotchilar ushbu musʼhafni “elephantine Qurʼan” (“fildek ulkan Qurʼon”) deb atagan.

Afsuski, ushbu qoʻlyozmaning toʻliq nusxasi saqlanmagan. Ammo uning bir qancha sahifalari dunyo muzeylarida, yirik kolleksiyalarda saqlab kelinmoqda. London, Nyu-York, Vashington va Torontodagi muzey va galereyalardagi musʼhaf shular jumlasidan. Prezidentimiz tashab­busi bilan Londondagi nufuzli “Sothebyʼs” savdo uyi tomonidan oʻtkazilgan auksionda ushbu noyob Qurʼon qoʻlyozmasining sahifasi sotib olindi va Oʻzbekistonga olib kelindi. Hozirgi kunda yurtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanmoqda.

Gʻurur va masʼuliyat

Markazda akademiya, kutubxona, arxiv va qoʻl­yozmalar fondi tashkil etilgani ayni muddao boʻlgani eʼtirof etilmoqda. Ularda bugungi Oʻzbekiston zaminidan yetishib chiqqan buyuk mutafakkirlar va ulamolar tomonidan asos solingan ilmiy va diniy maktablarga doir mamlakatimiz va chet ellarda saqlanayotgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalar, osori atiqalar, shu yoʻnalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqot ishlari, video va fotohujjatlar jamlangan.

Ilk marta rasmiy manbalarda 2017-yilning sentyabr oyida Toshkentdagi Hazrati Imom maj­muasiga tutash hududda Islom siviliza­siyasi markazi barpo etilishi toʻgʻrisida xabarlar tarqalgan edi. Oradan oʻn yilga yaqin vaqt oʻtib, reja va loyihalar bugun koʻz oldimizda qad rostlab turibdi. Bu markazning qurilish jarayonlari haqida shu yerda quruvchi, yuk mashinasi haydovchisi sifatida xizmat qilgan yaqin birodarlarimdan eshitgan edim. Ammo yuz marta eshitgandan bir marta koʻrgan afzal deb bekorga aytilmas ekan.

Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishish orqali bu tarixiy-ilmiy maskan yangi Oʻzbekiston meʼmorchiligining betakror va bebaho durdonasi boʻlganini eʼtirof etamiz, gʻurur va masʼuliyat hissini tuyamiz. Bunga imkon va ­sharoit yaratgani uchun barchaga tashakkur!

Otabek ISROILOV,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi