Mazkur anjuman turkiy davlatlar oʻrtasida konstitutsiyaviy nazorat va odil sudlov mexanizmlarini uygʻunlashtirishda strategik ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning Turkij davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari rahbarlarining IV yigʻilishi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati mazkur anjumanning siyosiy-huquqiy ­ahamiyatini yanada yuksaltirib, uni nafaqat sohaviy muloqot, balki adolatli jamiyat, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va inson qadri yoʻlida turkiy davlatlarning umumiy ­intilishlarini ifoda etuvchi muhim xalqaro maydon sifatida namoyon etdi. Prezidentimiz murojaatida ifoda etilgan yuksak eʼtibor va ishonch bugun yangi Oʻzbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlar davlat siyosati darajasidagi ustuvor yoʻnalish ekanini, sud mustaqilligi va odil sudlov sifati esa jamiyat taraqqiyoti, inson huquqlari himoyasi va xalqning davlatga ishonchini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini yana bir bor tasdiqlaydi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 130-moddasida sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga boʻysunishi qatʼiy belgilab qoʻyilgani ushbu islohotlarning mustahkam huquqiy poydevoridir.

Anjumanning qadimiy Samarqand zaminida oʻtkazilgani ham chuqur ramziy maʼnoga ega. Samarqand bu — shunchaki tarixiy shahar emas. U asrlar davomida ilm, maʼrifat, davlatchilik tafakkuri, bagʻrikenglik va xalqlar oʻrtasidagi muloqot markazi boʻlib kelgan ulugʻ maskandir. Bugun esa Samarqand yangi Oʻzbekistonning ochiq tashqi siyosati, xalqaro tashabbuskorligi, turkiy davlatlar va nufuzli turkiy tashkilotlar bilan huquqiy hamkorligi hamda adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan ezgu intilishlarining yorqin ifodasiga aylanmoqda.

Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Sudyalar kengashlari rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar, shuningdek, Turkij davlatlar tashkiloti Bosh kotibi ishtirok etgani tadbirning xalqaro nufuzi va amaliy ahamiyatini yanada oʻshirddi. Muloqot davomida xorijiy mehmonlar yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz rahbarligidagi keng koʻlamli islohotlar, xususan, sud-huquq sohasidagi yangilanishlar, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud mustaqilligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi izchil saʼy-harakatlarni yuksak eʼtirof etdi.

Shu bilan birga, xorijiy delegatsiyalar Samarqand shahridagi bunyodkorlik ishlari, tarixiy va maʼnaviy merosni asrab-avaylash bilan zamonaviy taraqqiyot uygʻunlashtirilayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ayniqsa, Imom Buxoriy majmuasi va “Boqiy shahar” kabi noyob maskanlar mehmonlarda katta taassurot qoldirib, yangi Oʻzbekistonda milliy meros, maʼrifat, zamonaviy shaharsozlik va xalqaro mehmondoʻstlik madaniyati yuksak darajada namoyon boʻlayotganini yaqqol koʻrsatdi.

Bu eʼtiroflar shundan dalolat beradiki, yangi Oʻzbekistondagi islohotlar bugun mamlakatimiz ichki taraqqiyotining muhim omili boʻlib qolmay, xalqaro huquqiy hamjamiyat, turkiy davlatlar va nufuzli tashkilotlar tomonidan ham katta qiziqish va hurmat bilan qabul qilinmoqda. Zero, islohotning eng katta kuchi uning inson hayotida, jamiyat tafakkurida va xalqaro maydonda uygʻotgan ishonchi bilan oʻlchanadi.

Davlat qudratining asosi

Bugungi dunyoda davlatlarning nufuzi faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar, geosiyosiy imkoniyatlar yoki tashqi siyosiy faollik bilan oʻlchanmaydi. Har bir davlatning haqiqiy qudrati, avvalo, uning qonun ustuvorligiga sadoqati, inson huquqlarini himoya qilish salohiyati, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash darajasi va adolotni hayotda amaliy qadriyatga aylantira olishi bilan belgilanadi. Chunki adolat bor joyda ishonch boʻladi, ishonch bor joyda barqarorlik yuzaga keladi. Barqarorlik bor joyda esa taraqqiyot, farovonlik va insonning ertangi kunga umidi mustahkamlanadi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatining mohiyati ham aynan davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasida muvozanatni saqlash va qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlash orqali ushbu barqarorlikni huquqiy jihatdan kafolatlashdan iborat.

Prezidentimiz rahbarligida yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo yangi, mazmunan teran va tarixiy bosqichiga qadam qoʻydi. Bugun mamlakatimiz ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosati orqali xalqaro maydonda ishonchli hamkor, tashabbuskor davlat va mintaqaviy muloqot markazi sifatida tobora mustahkam oʻrin egallamoqda. Eng muhimi, davlat siyosatining markaziga umumiy shiorlar emas, balki inson, uning qadri, huquqlari, erkinliklari va adolatga boʻlgan ishonchi qoʻyilmoqda.

Yangi Oʻzbekiston islohotlarining eng muhim falsafasi ham shunda: davlat inson uchun xizmat qilishi, qonun insonni himoya qilishi, sud esa inson uchun adolatni amalda qaror toptirishi kerak. Bu oddiy gʻoya emas. Bu bugungi milliy taraqqiyotimizning maʼnaviy-siyosiy tayanchi, huquqiy davlat qurish yoʻlidagi eng muhim mezon, xalqchil islohotlarning hayotiy mazmunidir. Shu maʼnoda, sud-huquq sohasidagi islohotlar yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlarning strategik yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, sudga ishonch davlatga ishonchdir, qonunga ishonch kelajakga ishonchdir, adolatga ishonch esa jamiyatning maʼnaviy birligi, siyosiy barqarorligi va taraqqiyotga ishonchining eng mustahkam asosidir.

Bugun mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, sudyalar daxlsizligini kafolatlash, sud ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni kuchaytirish, fuqarolarning odil sudlovga ishonchini oshirish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu jarayonda sud mustaqilligi faqat huquqiy norma sifatiда emas, balki demokratik davlatchilikning hayotiy sharti, inson huquqlarining eng muhim kafolati va jamiyatda adolatni taʼminlashning bosh mexanizmi sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu mexanizmning uzluksiz ishlashida normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini nazorat qiluvchi Konstitutsiyaviy sudning roli muhim.

Globallashuv sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov

Bugungi global davr sud hokimiyati oldiga mutlaqo yangi talablarni qoʻymoqda. Raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, transchegaraviy munosabatlar, global huquqiy jarayonlar va inson huquqlarini himoya qilishning yangi mezonlari sud tizimidan yanada yuqori masʼuliyat, chuqur bilim, xolislik va zamonaviy yondashuvlarni talab etmoqda. Bunday sharoitda sud hokimiyati faqat nizolarni hal etuvchi tizim emas. U Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlovchi, inson huquqlarini amalda himoya qiluvchi, davlat va jamiyat oʻrtasida ishonchni mustahkamlovchi muhim konstitutsiyaviy hokimiyat tarmogʻidir.

Konstitutsiyaviy nuqtai nazardan qaraganda, sud mustaqilligi masalasi faqat sud tizimining ichki tashkiliy masalasi emas. U Konstitutsiya ustuvorligi, inson huquqlarining real himoyasi, davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi huquqiy muvozanat va jamiyatning qonunga boʻlgan ishonchi bilan bevosita bogʻliq strategik masaladir. Sud mustaqilligi qanchalik mustahkam boʻlsa, Konstitutsiya ustuvorligi shunchalik hayotiy boʻladi. Konstitutsiya ustuvorligi hayotiy boʻlsa, inson huquqlari shunchalik ishonchli himoya qilinadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson, uning huquq va erkinliklari oliy qadriyat sifatida mustahkamlangani barcha sohalardagi islohotlarga, xususan, sud-huquq sohasidagi oʻzgarishlarga chuqur konstitutsiyaviy mazmun bagʻishlamoqda. Bu yangi davrning yangi huquqiy ruhi, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosatining oliy ifodasidir.

Shu oʻrinda buyuk ajdodlarimiz merosiga murojaat qilish ham tabiiy. Chunki adolat, qonunga hurmat, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch gʻoyalari xalqimiz davlatchilik tafakkurida azaldan markaziy oʻrin egallab kelgan. Milliy davlatchilik tariximizda adolat davlatning bezagi emas, uning qudrati va barqarorligini taʼminlovchi asos sifatida qaralgan.

Buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy oʻzining fozil jamiyat haqidagi qarashlarida davlatni faqat hokimiyat vositasi sifatida emas, balki inson kamoloti, maʼnaviy yetuklik va umumiy farovonlikka xizmat qiladigan ijtimoiy tizim sifatida talqin etadi. Forobiy taʼlimotida jamiyatning barqarorligi bilim, axloq, adolat va oqilona boshqaruv bilan chambarchas bogʻliq. Bugungi sud-huquq islohotlari ham aynan shu maʼnoda inson kamoloti, huquqiy ong, qonunga hurmat va adolatli boshqaruv madaniyatini shakllantiradi.

Bu jihatdan qaraganda, yangi Oʻzbekistondagi sud-huquq islohotlari zamonaviy huquqiy ehtiyojlar bilan birga xalqimiz davlatchilik merosidagi eng ezgu gʻoyalarning amaliy davomidir. Fozil jamiyat haqidagi qarashlar bugun adolatli jamiyat, inson qadri, huquqiy davlat va qonun ustuvorligi tushunchalari orqali yangi tarixiy mazmun kasb etmoqda. Konstitutsiyaviy sud faoliyati esa ushbu tarixiy anʼanalarni zamonaviy konstitutsionalizm prinsiplari bilan uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari daxlsizligini kafolatlashga xizmat qiladi.

Sudyalar kengashlari va sud hokimiyati mustaqilligining amaliy kafolatlari

Samarqanddagi nufuzli xalqaro anjumanning yana bir muhim jihati shundaki, u sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashda Sudyalar kengashlari institutining oʻrnini yanada ravshan koʻrsatdi. Bunday tuzilmalar zamonaviy huquqiy davlatda sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarni tanlash va lavozimga tayinlashda xolislikni taʼminlash, sudyalik kasbining nufuzini oshirish, kasbiy masʼuliyat va odob mezonlarini mustahkamlashda muhim kafolat vazifasini bajaradi.

Sudyalar kengashlariga faqat kadrlar masalasi bilan shugʻullanuvchi organ sifatiда qarash toʻgʻri boʻlmaydi. Ular, avvalo, sud hokimiyati mustaqilligининг amaliy kafolati, odil sudlov sifatiga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizm va jamiyatning sudga boʻlgan ishonchini mustahkamlovchi muhim tuzilmadir. Sudya mustaqilligini taʼminlash sudyaning shaxsiy maqomini himoya qilish bilangina cheklanmaydi. Bu insonning adolatli sudga boʻlgan huquqini, jamiyatning qonunga ishonchini va davlatning huquqiy tabiatini himoya qilish demakdir.

Yevropa va Osiyo mamlakatlari, turkiy davlatlar amaliyoti ham shuni koʻrsatadiki, sudyalar kengashlari sud hokimiyatini turli taʼsirlardan himoya qilish, sudyalarning kasbiy salohiyatini oshirish, odil sudlov sifati va jamoatchilik ishonchini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, Turkij davlatlar tashkilotiga aʼzo davlatlar Sudyalar kengashlari oʻrtasidagi hamkorlik faqat kasbiy muloqot emas. Bu umumiy huquqiy madaniyatni rivojlantirish, sud mustaqilligi boʻyicha mushtarak yondashuvlarni shakllantirish va adolat gʻoyasini turkiy dunyo huquqiy makonida yanada mustahkamlashga qaratilgan strategik yoʻnalishdir.

Samarqandda boʻlib oʻtgan muloqot ana shu nuqtai nazardan turkiy davlatlar sud-huquq sohasi vakillari uchun muhim amaliy maydon boʻldi. Unda sudyalik maqomi, sudyalar odobi, odil sudlov sifati, sud hokimiyati mustaqilligi va inson huquqlarini himoya qilish kabi masalalar turkiy dunyo huquqiy taraqqiyotining umumiy kun tartibi sifatida namoyon boʻldi. Bu esa turkiy davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, teng huquqli sheriklik va amaliy hamkorlik muhiti yanada mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.

Raqamlashtirish va innovatsiyalar afzalligi

Turkiy davlatlarni umumiy tarix, mushtarak til, madaniyat, maʼnaviy yaqinlik va ezgu anʼanalar birlashtirib turadi. Biroq bugungi davrda bizni faqat tarixiy xotira emas, balki kelajak uchun umumiy masʼuliyat ham birlashtirmoqda. Turkiy dunyoda hamkorlik endilikda faqat madaniy-maʼnaviy yaqinlik bilan cheklanmay, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, aqlli boshqaruv, innovatsion rivojlanish va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi raqamli yechimlar kabi zamonaviy taraqqiyot yoʻnalishlari bilan uzviy bogʻlanmoqda. Bu borada Prezidentimiz rahbarligida yangi Oʻzbekistondagi islohotlar ham umumiy taraqqiyot ruhi bilan toʻla hamohangdir. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi  “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni Konstitutsiyaviy sud faoliyatini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sud faoliyatining ochiqligi, tezkorligi va natijadorligini oshirish yoʻlida muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Mazkur farmon doirasida Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini oʻshirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish, konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonini raqamlashtirish, shuningdek, zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish masalalari belgilangani davlatimiz rahbarining sud-huquq sohasini, xususan, konstitutsiyaviy odil sudlov tizimini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish borasidagi qatʼiy siyosiy irodasini yaqqol namoyon etadi.

Farmonning ahamiyati shundaki, u Konstitutsiyaviy sudni faqat konstitutsiyaviy nazorat organi sifatida emas, balki raqamli davrda inson huquqlarini himoya qilishning zamonaviy konstitutsiyaviy kafolatlarini shakllantiruvchi muhim huquqiy institut sifatida yanada faollashtirishga xizmat qiladi. Demak, yangi Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy odil sudlov zamonaviy texnologik taraqqiyot bilan uygʻunlashmoqda, sud tizimi esa inson manfaatlariga yanada yaqinlashmoqda. Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud amaliyotiga sunʼiy intellekt elementlarining joriy etilishi normativ-huquqiy hujjatlarning konstitutsiyaviyligini tekshirishda tahlil tezkorligi va yuqori aniqlikni taʼminlash imkonini bermoqda.

Sutyalik odobi prinsiplari

Sutyalik odobi masalasi ham har bir huquqiy davlat uchun alohida ahamiyatga ega. Chunki sudya odobi faqat kasbiy xulq-atvor qoidalari emas. Bu sudyanning jamiyat oldidagi masʼuliyati, uning xolisligi, vazminligi, pokligi, inson taqdiriga hurmati va adolatga sadoqatini ifoda etuvchi muhim maʼnaviy-huquqiy mezondir. Sudyaning bilimi, tajribasi va huquqiy tafakkuri qanchalik yuqori boʻlmasin, uning faoliyatida xolislik, poklik, masʼuliyat, inson taqdiriga hurmat va qonunga sadoqat boʻlmasa, odil sudlovning haqiqiy mazmuni toʻliq namoyon boʻlmaydi. Shu bois, sutyalik odobi, sudya mustaqilligi va odil sudlov sifati bir-biridan ajralmas tushunchalardir. Bu uch mezon uygʻun boʻlgan joyda sudga ishonch mustahkam boʻladi, qonun ustuvorligi taʼminlanadi, inson qadri amalda roʻyobga chiqadi. Samarqand muloqoti aynan shu muhim haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.

Darhaqiqat, Samarqandda boʻlib oʻtgan mazkur nufuzli yigʻilish yakunlari boʻyicha Sudyalar odobining umumiy prinsiplari toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv memorandumi qabul qilingani anjumanning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. Ushbu hujjatda turkiy davlatlarning milliy huquqiy anʼanalari, sudyalik kasbining yuksak maqomi va xalqaro standartlar inobatga olingan holda sudyalarning xulq-atvor mezonlari belgilangani, eng avvalo, sud hokimiyatiga boʻlgan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu memorandum turkiy davlatlar sud-huquq hamkorligi faqat tajriba almashish yoki rasmiy muloqot bilan cheklanib qolmayotganini, aksincha, adolat, xolislik, poklik, masʼuliyat va inson taqdiriga hurmat kabi umumiy qadriyatlarni amaliy hujjatlar orqali mustahkamlash bosqichiga koʻtarilayotganini yaqqol namoyon etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ham oʻz qarorlarida doimiy ravishda sudyalar mustaqilligi hamda odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi odil sudlovning ajralmas elementi ekanligiga eʼtibor qaratib keladi.

Umumiy intilishlar ifodasi

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining turkiy dunyo konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari bilan hamkorligi ham izchil va mazmunan boyib bormoqda. Turkiy dunyo konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi — TURK-AY turkiy davlatlar konstitutsiyaviy odil sudlovi tarixida muhim voqea boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ushbu tuzilmaning taʼsischi aʼzolaridan biri hisoblanadi.

TURK-AY doirasidagi hamkorlik konstitutsiyaviy nazorat sohasida ilgʻor tajribalarni oʻrganish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash hamda turkiy davlatlar oʻrtasida umumiy huquqiy tafakkur va oʻzaro ishonch muhitini rivojlantirish uchun muhim maydon boʻlib xizmat qilmoqda. Bu platforma turkiy davlatlar konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari oʻrtasidagi hamkorlikni mazmunan boyitish, ilgʻor huquqiy tajribalarni oʻrganish va konstitutsiyaviy odil sudlovning umumiy qadriyatlarini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasiga raislik qilayotgani yangi Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy maydondagi nufuzi, tashabbuskorligi va konstitutsiyaviy islohotlar borasidagi amaliy natijalariga berilgan yuksak eʼtirofdir. Mazkur Assotsiatsiya 22 ta davlatning konstitutsiyaviy yurisdiksiya organlarini birlashtirgan nufuzli tuzilma sifatida Osiyo mintaqasida konstitutsiyaviy odil sudlov, inson huquqlari himoyasi, sud ­mustaqilligi va qonun ustuvorligi sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu raislik, avvalo, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan inson qadri, Konstitutsiya ustuvorligi va adolatli jamiyat gʻoyalariga asoslangan islohotlarni Osiyo miqyosida keng namoyon etish, shuningdek, Oʻzbekistonning huquqiy davlatchilik sohasidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu raislik Oʻzbekiston uchun faqat xalqaro maqom yoki tashkiliy masʼuliyat emas. Bu mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro eʼtirofi, yangi Oʻzbekistonning huquqiy davlatchilik sohasidagi yuksalayotgan salohiyati va Konstitutsiyaviy sudning mintaqaviy hamda qitʼaviy huquqiy muloqotdagi faol oʻrnining amaliy tasdigʻidir.

Ayniqsa, joriy yil oktyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi doirasida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy adolat, sudya mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligini taʼminlashning zamonaviy konstitutsiyaviy kafolatlari kabi dolzarb masalalarni muhokama qilish nazarda tutilgani mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudining xalqaro huquqiy muloqotdagi faol oʻrnini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu ­Kon­gress nafaqat navbatdagi xalqaro tadbir, balki yangi Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy islohotlar borasidagi amaliy natijalarini, raqamli davrda odil sudlovga yondashuvini va inson huquqlarini himoya qilishdagi zamonaviy qarashlarini xalqaro maydonda namoyon etadigan muhim siyosiy-huquqiy platforma boʻladi.

Shu nuqtai nazardan, Samarqandda boʻlib oʻtgan anjuman, TURK-AY doirasidagi hamkorlik, Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasidagi raislik va VII Kongressga tayyorgarlik yagona mantiqiy zanjirni tashkil etadi. Bu zanjirning markazida esa inson uchun adolat, Konstitutsiya ustuvorligi, sud mustaqilligi, qonunga hurmat va yangi Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy nufuzini yanada yuksaltirish kabi ezgu maqsadlar turibdi. Konstitutsiyaviy sudning ushbu xalqaro jarayonlardagi bevosita masʼuliyati davlatning xalqaro-huquqiy majburiyatlarini bajarishdagi muhim qadami sifatida baholanishi lozim.

Bugun Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy maydondagi faolligi faqat ishtirok etish bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Mamlakatimiz tashabbus koʻrsatmoqda, yirik xalqaro anjumanlarning mazmuni va kun tartibini shakllantirmoqda, milliy islohotlar tajribasini jahon huquqiy hamjamiyatiga olib chiqmoqda. Eng muhimi, inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarimiz umum­insoniy huquqiy taraqqiyot gʻoyalari bilan uygʻunlashib, yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi siyosiy nufuzi, huquqiy salohiyati va islohotchilik irodasini yanada yaqqol namoyon etmoqda.  Ushbu asoslarning barqarorligi bevosita Konstitutsiyaviy sud tomonidan taʼminlanadigan konstitutsiyaviy nazorat va qonuniylik muhiti bilan mustahkamlanadi.

Xulosa qilib aytganda, Samarqandda boʻlib oʻtgan mazkur nufuzli anjuman yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining xalqaro eʼtirofi, turkiy davlatlar oʻrtasidagi huquqiy hamkorlikning yangi bosqichi va konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi umumiy intilishlarning amaliy ifodasi boʻldi.

Bugun mamlakatimizda adolat davlat siyosatining markaziy mezoniga, inson qadri islohotlarning bosh maqsadiga, Konstitutsiya ustuvorligi esa huquqiy taraqqiyotning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.

Eng muhimi, bu jarayonlarning barchasi mamlakatimizda amalga oʻshirilayotgan islohotlarning hayotiy kuchini, siyosiy irodasini va xalqchil mohiyatini yana bir bor yaqqol namoyon etadi. Zero, adolatli davlat, mustaqil sud, uchli Konstitutsiya va inson qadrini ulugʻlagan jamiyat — yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining eng muhim huquqiy va maʼnaviy asosidir. Ushbu asoslarning barqarorligi bevosita Konstitutsiyaviy sud tomonidan taʼminlanadigan konstitutsiyaviy nazorat va qonuniylik muhiti bilan kafolatlanadi.

Mirzo-Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist