Mazkur anjuman turkiy davlatlar oʻrtasida konstitutsiyaviy nazorat va odil sudlov mexanizmlarini uygʻunlashtirishda strategik ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimizning Turkij davlatlar tashkiloti Sudyalar kengashlari
rahbarlarining IV yigʻilishi ishtirokchilariga yoʻllagan murojaati mazkur
anjumanning siyosiy-huquqiy ahamiyatini yanada yuksaltirib, uni nafaqat sohaviy muloqot,
balki adolatli jamiyat, sud mustaqilligi, qonun ustuvorligi va inson qadri
yoʻlida turkiy davlatlarning umumiy intilishlarini ifoda etuvchi muhim xalqaro
maydon sifatida namoyon etdi. Prezidentimiz murojaatida ifoda etilgan yuksak
eʼtibor va ishonch bugun yangi Oʻzbekistonda sud-huquq sohasidagi islohotlar davlat
siyosati darajasidagi ustuvor yoʻnalish ekanini, sud mustaqilligi va odil sudlov
sifati esa jamiyat taraqqiyoti, inson huquqlari himoyasi va xalqning davlatga
ishonchini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini yana bir bor
tasdiqlaydi. Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining
130-moddasida sudyalarning mustaqilligi va faqat qonunga boʻysunishi qatʼiy
belgilab qoʻyilgani ushbu islohotlarning mustahkam huquqiy poydevoridir.
Anjumanning qadimiy Samarqand zaminida oʻtkazilgani ham chuqur ramziy
maʼnoga ega. Samarqand bu — shunchaki tarixiy shahar emas. U asrlar davomida ilm,
maʼrifat, davlatchilik tafakkuri, bagʻrikenglik va xalqlar oʻrtasidagi muloqot
markazi boʻlib kelgan ulugʻ maskandir. Bugun esa Samarqand yangi Oʻzbekistonning
ochiq tashqi siyosati, xalqaro tashabbuskorligi, turkiy davlatlar va nufuzli turkiy
tashkilotlar bilan huquqiy hamkorligi hamda adolatli jamiyat barpo etishga
qaratilgan ezgu intilishlarining yorqin ifodasiga aylanmoqda.
Turkiya, Ozarbayjon, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Sudyalar kengashlari
rahbarlari boshchiligidagi delegatsiyalar, shuningdek, Turkij davlatlar tashkiloti
Bosh kotibi ishtirok etgani tadbirning xalqaro nufuzi va amaliy ahamiyatini yanada
oʻshirddi. Muloqot davomida xorijiy mehmonlar yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz
rahbarligidagi keng koʻlamli islohotlar, xususan, sud-huquq sohasidagi
yangilanishlar, qonun ustuvorligini taʼminlash, sud mustaqilligini mustahkamlash va
inson huquqlarini himoya qilish borasidagi izchil saʼy-harakatlarni yuksak eʼtirof
etdi.
Shu bilan birga, xorijiy delegatsiyalar Samarqand shahridagi bunyodkorlik
ishlari, tarixiy va maʼnaviy merosni asrab-avaylash bilan zamonaviy taraqqiyot
uygʻunlashtirilayotganini alohida mamnuniyat bilan taʼkidladi. Ayniqsa, Imom
Buxoriy majmuasi va “Boqiy shahar” kabi noyob maskanlar mehmonlarda katta taassurot qoldirib, yangi Oʻzbekistonda milliy meros, maʼrifat, zamonaviy
shaharsozlik va xalqaro mehmondoʻstlik madaniyati yuksak darajada namoyon
boʻlayotganini yaqqol koʻrsatdi.
Bu eʼtiroflar shundan dalolat beradiki, yangi Oʻzbekistondagi islohotlar
bugun mamlakatimiz ichki taraqqiyotining muhim omili boʻlib qolmay, xalqaro
huquqiy hamjamiyat, turkiy davlatlar va nufuzli tashkilotlar tomonidan ham katta
qiziqish va hurmat bilan qabul qilinmoqda. Zero, islohotning eng katta kuchi uning
inson hayotida, jamiyat tafakkurida va xalqaro maydonda uygʻotgan ishonchi bilan
oʻlchanadi.
Davlat qudratining
asosi
Bugungi dunyoda davlatlarning nufuzi faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar,
geosiyosiy imkoniyatlar yoki tashqi siyosiy faollik bilan oʻlchanmaydi. Har bir davlatning
haqiqiy qudrati, avvalo, uning qonun ustuvorligiga sadoqati, inson huquqlarini
himoya qilish salohiyati, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash darajasi va
adolotni hayotda amaliy qadriyatga aylantira olishi bilan belgilanadi. Chunki
adolat bor joyda ishonch boʻladi, ishonch bor joyda barqarorlik yuzaga keladi.
Barqarorlik bor joyda esa taraqqiyot, farovonlik va insonning ertangi kunga
umidi mustahkamlanadi. Konstitutsiyaviy sud faoliyatining mohiyati ham aynan davlat
hokimiyati tarmoqlari oʻrtasida muvozanatni saqlash va qabul qilinayotgan
normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlash orqali
ushbu barqarorlikni huquqiy jihatdan kafolatlashdan iborat.
Prezidentimiz rahbarligida yangi Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining mutlaqo
yangi, mazmunan teran va tarixiy bosqichiga qadam qoʻydi. Bugun mamlakatimiz ochiq,
pragmatik va faol tashqi siyosati orqali xalqaro maydonda ishonchli hamkor,
tashabbuskor davlat va mintaqaviy muloqot markazi sifatida tobora mustahkam oʻrin
egallamoqda. Eng muhimi, davlat siyosatining markaziga umumiy shiorlar emas,
balki inson, uning qadri, huquqlari, erkinliklari va adolatga boʻlgan ishonchi
qoʻyilmoqda.
Yangi Oʻzbekiston islohotlarining eng muhim falsafasi ham shunda: davlat
inson uchun xizmat qilishi, qonun insonni himoya qilishi, sud esa inson uchun adolatni
amalda qaror toptirishi kerak. Bu oddiy gʻoya emas. Bu bugungi milliy
taraqqiyotimizning maʼnaviy-siyosiy tayanchi, huquqiy davlat qurish yoʻlidagi eng
muhim mezon, xalqchil islohotlarning hayotiy mazmunidir. Shu maʼnoda, sud-huquq
sohasidagi islohotlar yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlarning strategik
yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Zero, sudga ishonch davlatga ishonchdir, qonunga
ishonch kelajakga ishonchdir, adolatga ishonch esa jamiyatning maʼnaviy birligi,
siyosiy barqarorligi va taraqqiyotga ishonchining eng mustahkam asosidir.
Bugun mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, sudyalar
daxlsizligini kafolatlash, sud ishlarini yuritishda ochiqlik va shaffoflikni
kuchaytirish, fuqarolarning odil sudlovga ishonchini oshirish davlat siyosatining
ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu jarayonda sud mustaqilligi faqat huquqiy norma
sifatiда emas, balki demokratik davlatchilikning hayotiy sharti, inson
huquqlarining eng muhim kafolati va jamiyatda adolatni taʼminlashning bosh
mexanizmi sifatida namoyon boʻlmoqda. Ushbu mexanizmning uzluksiz ishlashida normativ-huquqiy
hujjatlarning konstitutsiyaviyligini nazorat qiluvchi Konstitutsiyaviy sudning roli
muhim.
Globallashuv sharoitida
konstitutsiyaviy odil sudlov
Bugungi global davr sud hokimiyati oldiga mutlaqo yangi talablarni
qoʻymoqda. Raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, transchegaraviy munosabatlar, global
huquqiy jarayonlar va inson huquqlarini himoya qilishning yangi mezonlari sud
tizimidan yanada yuqori masʼuliyat, chuqur bilim, xolislik va zamonaviy
yondashuvlarni talab etmoqda. Bunday sharoitda sud hokimiyati faqat nizolarni hal
etuvchi tizim emas. U Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlovchi, inson
huquqlarini amalda himoya qiluvchi, davlat va jamiyat oʻrtasida ishonchni
mustahkamlovchi muhim konstitutsiyaviy hokimiyat tarmogʻidir.
Konstitutsiyaviy nuqtai nazardan qaraganda, sud mustaqilligi masalasi
faqat sud tizimining ichki tashkiliy masalasi emas. U Konstitutsiya ustuvorligi,
inson huquqlarining real himoyasi, davlat hokimiyati tarmoqlari oʻrtasidagi
huquqiy muvozanat va jamiyatning qonunga boʻlgan ishonchi bilan bevosita bogʻliq
strategik masaladir. Sud mustaqilligi qanchalik mustahkam boʻlsa, Konstitutsiya
ustuvorligi shunchalik hayotiy boʻladi. Konstitutsiya ustuvorligi hayotiy boʻlsa, inson
huquqlari shunchalik ishonchli himoya qilinadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson, uning huquq va erkinliklari
oliy qadriyat sifatida mustahkamlangani barcha sohalardagi islohotlarga, xususan,
sud-huquq sohasidagi oʻzgarishlarga chuqur konstitutsiyaviy mazmun bagʻishlamoqda. Bu
yangi davrning yangi huquqiy ruhi, inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan davlat
siyosatining oliy ifodasidir.
Shu oʻrinda buyuk ajdodlarimiz merosiga murojaat qilish ham tabiiy. Chunki
adolat, qonunga hurmat, davlat va jamiyat oʻrtasidagi ishonch gʻoyalari xalqimiz
davlatchilik tafakkurida azaldan markaziy oʻrin egallab kelgan. Milliy
davlatchilik tariximizda adolat davlatning bezagi emas, uning qudrati va
barqarorligini taʼminlovchi asos sifatida qaralgan.
Buyuk mutafakkir Abu Nasr Forobiy oʻzining fozil jamiyat haqidagi
qarashlarida davlatni faqat hokimiyat vositasi sifatida emas, balki inson
kamoloti, maʼnaviy yetuklik va umumiy farovonlikka xizmat qiladigan ijtimoiy
tizim sifatida talqin etadi. Forobiy taʼlimotida jamiyatning barqarorligi bilim,
axloq, adolat va oqilona boshqaruv bilan chambarchas bogʻliq. Bugungi sud-huquq
islohotlari ham aynan shu maʼnoda inson kamoloti, huquqiy ong, qonunga hurmat va
adolatli boshqaruv madaniyatini shakllantiradi.
Bu jihatdan qaraganda, yangi Oʻzbekistondagi sud-huquq islohotlari
zamonaviy huquqiy ehtiyojlar bilan birga xalqimiz davlatchilik merosidagi eng
ezgu gʻoyalarning amaliy davomidir. Fozil jamiyat haqidagi qarashlar bugun adolatli
jamiyat, inson qadri, huquqiy davlat va qonun ustuvorligi tushunchalari orqali
yangi tarixiy mazmun kasb etmoqda. Konstitutsiyaviy sud faoliyati esa ushbu tarixiy
anʼanalarni zamonaviy konstitutsionalizm prinsiplari bilan uygʻunlashtirish orqali
fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari daxlsizligini kafolatlashga xizmat
qiladi.
Sudyalar kengashlari
va sud hokimiyati mustaqilligining amaliy kafolatlari
Samarqanddagi nufuzli xalqaro anjumanning yana bir muhim jihati
shundaki, u sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashda Sudyalar kengashlari
institutining oʻrnini yanada ravshan koʻrsatdi. Bunday tuzilmalar zamonaviy huquqiy
davlatda sudyalar korpusini shakllantirish, sudyalarni tanlash va lavozimga
tayinlashda xolislikni taʼminlash, sudyalik kasbining nufuzini oshirish, kasbiy
masʼuliyat va odob mezonlarini mustahkamlashda muhim kafolat vazifasini bajaradi.
Sudyalar kengashlariga faqat kadrlar masalasi bilan shugʻullanuvchi organ
sifatiда qarash toʻgʻri boʻlmaydi. Ular, avvalo, sud hokimiyati mustaqilligининг
amaliy kafolati, odil sudlov sifatiga xizmat qiluvchi huquqiy mexanizm va
jamiyatning sudga boʻlgan ishonchini mustahkamlovchi muhim tuzilmadir. Sudya
mustaqilligini taʼminlash sudyaning shaxsiy maqomini himoya qilish bilangina
cheklanmaydi. Bu insonning adolatli sudga boʻlgan huquqini, jamiyatning qonunga
ishonchini va davlatning huquqiy tabiatini himoya qilish demakdir.
Yevropa va Osiyo mamlakatlari, turkiy davlatlar amaliyoti ham shuni
koʻrsatadiki, sudyalar kengashlari sud hokimiyatini turli taʼsirlardan himoya
qilish, sudyalarning kasbiy salohiyatini oshirish, odil sudlov sifati va
jamoatchilik ishonchini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi. Shu bois, Turkij davlatlar
tashkilotiga aʼzo davlatlar Sudyalar kengashlari oʻrtasidagi hamkorlik faqat
kasbiy muloqot emas. Bu umumiy huquqiy madaniyatni rivojlantirish, sud
mustaqilligi boʻyicha mushtarak yondashuvlarni shakllantirish va adolat gʻoyasini turkiy
dunyo huquqiy makonida yanada mustahkamlashga qaratilgan strategik yoʻnalishdir.
Samarqandda boʻlib oʻtgan muloqot ana shu nuqtai nazardan turkiy
davlatlar sud-huquq sohasi vakillari uchun muhim amaliy maydon boʻldi. Unda
sudyalik maqomi, sudyalar odobi, odil sudlov sifati, sud hokimiyati mustaqilligi
va inson huquqlarini himoya qilish kabi masalalar turkiy dunyo huquqiy
taraqqiyotining umumiy kun tartibi sifatida namoyon boʻldi. Bu esa turkiy
davlatlar oʻrtasida oʻzaro ishonch, teng huquqli sheriklik va amaliy hamkorlik
muhiti yanada mustahkamlanayotganini koʻrsatadi.
Raqamlashtirish va innovatsiyalar
afzalligi
Turkiy davlatlarni umumiy tarix, mushtarak til, madaniyat, maʼnaviy
yaqinlik va ezgu anʼanalar birlashtirib turadi. Biroq bugungi davrda bizni faqat
tarixiy xotira emas, balki kelajak uchun umumiy masʼuliyat ham birlashtirmoqda.
Turkiy dunyoda hamkorlik endilikda faqat madaniy-maʼnaviy yaqinlik bilan
cheklanmay, raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, aqlli boshqaruv, innovatsion
rivojlanish va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi raqamli yechimlar kabi zamonaviy
taraqqiyot yoʻnalishlari bilan uzviy bogʻlanmoqda. Bu borada Prezidentimiz rahbarligida
yangi Oʻzbekistondagi islohotlar ham umumiy taraqqiyot ruhi bilan toʻla
hamohangdir. Xususan, davlatimiz rahbarining 2025 yil 18 dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi
faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy
etishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni Konstitutsiyaviy sud faoliyatini
zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, raqamli texnologiyalar hamda sunʼiy
intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish, sud faoliyatining ochiqligi,
tezkorligi va natijadorligini oshirish yoʻlida muhim huquqiy asos boʻlib xizmat
qilmoqda.
Mazkur farmon doirasida Konstitutsiyaviy sud faoliyati samaradorligini
oʻshirish, konstitutsiyaviy odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish,
konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritish jarayonini raqamlashtirish, shuningdek, zarur
tashkiliy-huquqiy sharoitlar va zamonaviy infratuzilmani shakllantirish masalalari
belgilangani davlatimiz rahbarining sud-huquq sohasini, xususan, konstitutsiyaviy
odil sudlov tizimini yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqish borasidagi qatʼiy
siyosiy irodasini yaqqol namoyon etadi.
Farmonning ahamiyati shundaki, u Konstitutsiyaviy sudni faqat
konstitutsiyaviy nazorat organi sifatida emas, balki raqamli davrda inson
huquqlarini himoya qilishning zamonaviy konstitutsiyaviy kafolatlarini
shakllantiruvchi muhim huquqiy institut sifatida yanada faollashtirishga xizmat
qiladi. Demak, yangi Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy odil sudlov zamonaviy
texnologik taraqqiyot bilan uygʻunlashmoqda, sud tizimi esa inson manfaatlariga
yanada yaqinlashmoqda. Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud amaliyotiga sunʼiy
intellekt elementlarining joriy etilishi normativ-huquqiy hujjatlarning
konstitutsiyaviyligini tekshirishda tahlil tezkorligi va yuqori aniqlikni taʼminlash
imkonini bermoqda.
Sutyalik odobi prinsiplari
Sutyalik odobi masalasi ham har bir huquqiy davlat uchun alohida
ahamiyatga ega. Chunki sudya odobi faqat kasbiy xulq-atvor qoidalari emas. Bu
sudyanning jamiyat oldidagi masʼuliyati, uning xolisligi, vazminligi, pokligi,
inson taqdiriga hurmati va adolatga sadoqatini ifoda etuvchi muhim maʼnaviy-huquqiy
mezondir. Sudyaning bilimi, tajribasi va huquqiy tafakkuri qanchalik yuqori
boʻlmasin, uning faoliyatida xolislik, poklik, masʼuliyat, inson taqdiriga hurmat
va qonunga sadoqat boʻlmasa, odil sudlovning haqiqiy mazmuni toʻliq namoyon
boʻlmaydi. Shu bois, sutyalik odobi, sudya mustaqilligi va odil sudlov sifati
bir-biridan ajralmas tushunchalardir. Bu uch mezon uygʻun boʻlgan joyda sudga ishonch
mustahkam boʻladi, qonun ustuvorligi taʼminlanadi, inson qadri amalda roʻyobga
chiqadi. Samarqand muloqoti aynan shu muhim haqiqatni yana bir bor tasdiqladi.
Darhaqiqat, Samarqandda boʻlib oʻtgan mazkur nufuzli yigʻilish yakunlari
boʻyicha Sudyalar odobining umumiy prinsiplari toʻgʻrisidagi oʻzaro anglashuv
memorandumi qabul qilingani anjumanning amaliy ahamiyatini yanada oshirdi. Ushbu
hujjatda turkiy davlatlarning milliy huquqiy anʼanalari, sudyalik kasbining
yuksak maqomi va xalqaro standartlar inobatga olingan holda sudyalarning
xulq-atvor mezonlari belgilangani, eng avvalo, sud hokimiyatiga boʻlgan
jamoatchilik ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu memorandum turkiy
davlatlar sud-huquq hamkorligi faqat tajriba almashish yoki rasmiy muloqot bilan
cheklanib qolmayotganini, aksincha, adolat, xolislik, poklik, masʼuliyat va inson
taqdiriga hurmat kabi umumiy qadriyatlarni amaliy hujjatlar orqali mustahkamlash
bosqichiga koʻtarilayotganini yaqqol namoyon etadi. Oʻzbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi ham oʻz qarorlarida doimiy ravishda sudyalar mustaqilligi
hamda odob-axloq qoidalariga qatʼiy rioya qilinishi odil sudlovning ajralmas
elementi ekanligiga eʼtibor qaratib keladi.
Umumiy intilishlar ifodasi
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining turkiy dunyo
konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari bilan hamkorligi ham izchil va mazmunan boyib
bormoqda. Turkiy dunyo konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi — TURK-AY
turkiy davlatlar konstitutsiyaviy odil sudlovi tarixida muhim voqea boʻlib,
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi ushbu tuzilmaning taʼsischi
aʼzolaridan biri hisoblanadi.
TURK-AY doirasidagi hamkorlik konstitutsiyaviy nazorat sohasida ilgʻor
tajribalarni oʻrganish, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish,
konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash hamda turkiy davlatlar oʻrtasida umumiy
huquqiy tafakkur va oʻzaro ishonch muhitini rivojlantirish uchun muhim maydon boʻlib
xizmat qilmoqda. Bu platforma turkiy davlatlar konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari
oʻrtasidagi hamkorlikni mazmunan boyitish, ilgʻor huquqiy tajribalarni oʻrganish va
konstitutsiyaviy odil sudlovning umumiy qadriyatlarini mustahkamlashda muhim
ahamiyatga ega.
Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Osiyo
Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasiga raislik
qilayotgani yangi Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy maydondagi nufuzi,
tashabbuskorligi va konstitutsiyaviy islohotlar borasidagi amaliy natijalariga
berilgan yuksak eʼtirofdir. Mazkur Assotsiatsiya 22 ta davlatning konstitutsiyaviy
yurisdiksiya organlarini birlashtirgan nufuzli tuzilma sifatida Osiyo mintaqasida
konstitutsiyaviy odil sudlov, inson huquqlari himoyasi, sud mustaqilligi va qonun
ustuvorligi sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Ushbu
raislik, avvalo, Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan
inson qadri, Konstitutsiya ustuvorligi va adolatli jamiyat gʻoyalariga asoslangan
islohotlarni Osiyo miqyosida keng namoyon etish, shuningdek, Oʻzbekistonning huquqiy
davlatchilik sohasidagi nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu
raislik Oʻzbekiston uchun faqat xalqaro maqom yoki tashkiliy masʼuliyat emas. Bu
mamlakatimizda kechayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning xalqaro eʼtirofi, yangi
Oʻzbekistonning huquqiy davlatchilik sohasidagi yuksalayotgan salohiyati va
Konstitutsiyaviy sudning mintaqaviy hamda qitʼaviy huquqiy muloqotdagi faol
oʻrnining amaliy tasdigʻidir.
Ayniqsa, joriy yil oktyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan Osiyo
Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII
Kongressi doirasida raqamlashtirish va sunʼiy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy
adolat, sudya mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligini
taʼminlashning zamonaviy konstitutsiyaviy kafolatlari kabi dolzarb masalalarni
muhokama qilish nazarda tutilgani mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudining xalqaro
huquqiy muloqotdagi faol oʻrnini yana bir bor tasdiqlaydi. Bu Kongress nafaqat
navbatdagi xalqaro tadbir, balki yangi Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy islohotlar
borasidagi amaliy natijalarini, raqamli davrda odil sudlovga yondashuvini va
inson huquqlarini himoya qilishdagi zamonaviy qarashlarini xalqaro maydonda namoyon
etadigan muhim siyosiy-huquqiy platforma boʻladi.
Shu nuqtai nazardan, Samarqandda boʻlib oʻtgan anjuman, TURK-AY
doirasidagi hamkorlik, Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari
assotsiatsiyasidagi raislik va VII Kongressga tayyorgarlik yagona mantiqiy zanjirni
tashkil etadi. Bu zanjirning markazida esa inson uchun adolat, Konstitutsiya
ustuvorligi, sud mustaqilligi, qonunga hurmat va yangi Oʻzbekistonning xalqaro
huquqiy nufuzini yanada yuksaltirish kabi ezgu maqsadlar turibdi. Konstitutsiyaviy
sudning ushbu xalqaro jarayonlardagi bevosita masʼuliyati davlatning
xalqaro-huquqiy majburiyatlarini bajarishdagi muhim qadami sifatida baholanishi
lozim.
Bugun Oʻzbekistonning xalqaro huquqiy maydondagi faolligi faqat ishtirok
etish bilan cheklanib qolayotgani yoʻq. Mamlakatimiz tashabbus koʻrsatmoqda, yirik
xalqaro anjumanlarning mazmuni va kun tartibini shakllantirmoqda, milliy
islohotlar tajribasini jahon huquqiy hamjamiyatiga olib chiqmoqda. Eng muhimi,
inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarimiz umuminsoniy huquqiy
taraqqiyot gʻoyalari bilan uygʻunlashib, yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi siyosiy
nufuzi, huquqiy salohiyati va islohotchilik irodasini yanada yaqqol namoyon
etmoqda. Ushbu asoslarning barqarorligi
bevosita Konstitutsiyaviy sud tomonidan taʼminlanadigan konstitutsiyaviy nazorat va
qonuniylik muhiti bilan mustahkamlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Samarqandda boʻlib oʻtgan mazkur nufuzli anjuman
yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining xalqaro
eʼtirofi, turkiy davlatlar oʻrtasidagi huquqiy hamkorlikning yangi bosqichi va
konstitutsiyaviy odil sudlov sohasidagi umumiy intilishlarning amaliy ifodasi
boʻldi.
Bugun mamlakatimizda adolat davlat siyosatining markaziy mezoniga,
inson qadri islohotlarning bosh maqsadiga, Konstitutsiya ustuvorligi esa huquqiy
taraqqiyotning mustahkam poydevoriga aylanmoqda.
Eng muhimi, bu jarayonlarning barchasi mamlakatimizda amalga
oʻshirilayotgan islohotlarning hayotiy kuchini, siyosiy irodasini va xalqchil
mohiyatini yana bir bor yaqqol namoyon etadi. Zero, adolatli davlat, mustaqil sud,
uchli Konstitutsiya va inson qadrini ulugʻlagan jamiyat — yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining
eng muhim huquqiy va maʼnaviy asosidir. Ushbu asoslarning barqarorligi bevosita
Konstitutsiyaviy sud tomonidan taʼminlanadigan konstitutsiyaviy nazorat va
qonuniylik muhiti bilan kafolatlanadi.
Mirzo-Ulugʻbek
ABDUSALOMOV,
Oʻzbekiston
Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan yurist