Unda eʼlon qilingan darslarni 12 millionga yaqin kuzatuvchi koʻrib ulgurdi. Ushbu natija yoshlar oʻrtasida chet tilni oʻrgatishni ommalashtirish nechogʻli zururligi, bu yoʻnalishda tekin onlayn darslarga talab yuqori ekanini koʻrsatdi.

Loyiha orqali mamlakatimizning chekka hududlaridagi isteʼdodli yoshlar, moliyaviy tomondan imkoniyati cheklangan, lekin til oʻrganishga ishtiyoqi baland oʻquvchilarga xorijiy tillarni oʻrgatish, savodxonligini oshirish koʻzda tutilgan. Uning doirasida xorijiy tillarni oʻrganib, yuqori natijalarga erishgan yigit-qizlar chet elning nufuzli universitetlarini tamomlagan faollar bilan muloqot qiladi. Bundan tashqari, loyihadan ingliz tilini oʻrganuvchi, IELTS sertifikatini olishni maqsad qilgan yoshlar oʻqish, soʻzlashish, yozish va tinglab tushunish koʻnikmasini mustahkamlash uchun foydalanishi mumkin.

Kuni kecha Boʻstonliq tumanidagi yoshlar oromgohida mazkur loyihaning yozgi ikkinchi bosqichi oʻtkazildi.

— Bugungi yigʻilishimizdan maqsad yurtimizning turli hududidan kelgan iqtidorli, faol va xorijiy tillarga qiziqishi yuqori yoshlarni bir joyda toʻplab, ular oʻrtasida muloqot oʻrnatishdan iborat. Shuningdek, xorij tajribasiga ega trener va spikerlarni jalb qilgan holda tinglovchilarning til bilish koʻniksilarini yanada rivojlantirishdir, — deydi loyiha menejeri Risolat Maxsimova. — Bu jarayonda ularning IELTS, TOEFL, SAT kabi xorijiy tillar boʻyicha xalqaro darajada tan olingan 20 ga yaqin imtihonga puxta tayyorlanishiga yordam beriladi. “Ibrat farzandlari” loyihasi xorijiy tillarni oʻrgatish orqali yoshlarni dunyoning eng nufuzli universitetlariga yoʻnaltirishni koʻzda tutadi. Bu orqali oʻzbekistonlik yoshlarning salohiyatini yanada yuksaltirish va sohasining xalqaro darajada yetakchilari boʻlishiga zamin yaratish maqsad qilingan.

Inson kapitalini rivojlantirish, sifatli taʼlim olish imkoniyatini taʼminlash orqali yoshlarning isteʼdod va qobilyati tarbiyalash, oʻzi tanlagan sohada muvaffaqiyat qozonishi uchun zarur koʻnikma va tajriba bilan qurollantirish mumkin. Inson kapitaliga sarmoya kiritilishi barqaror iqtisodiy oʻsish va innovatsiyalarga yoʻl ochadi, mamlakatning rivoji va raqobatbardoshligini oshiradi.

Yoshlarning yetakchi universitetlarda bilim olishga intilishini qoʻllab-quvvatlash mamlakatni bilim yaratish va innovatsiyalar sohasida birinchi oʻringa olib chiqadi.

Oʻzbekiston yoshlari xalqaro darajada muvaffaqiyatga erishish uchun katta imkoniyatga ega. Ilm-fan va innovatsiyalarda birinchilar qatorida boʻlishga salohiyatimiz yetadi.

Loyiha rahbari Rustam Qoriyevning aytishicha, professional murabbiylar 13 til boʻyicha 22 turdagi tizimli va alifbodan boshlangan darslar majmuasini ishlab chiqmoqda. “Ibrat farzandlari” loyihasi yordamida turli tillar boʻyicha bilimlarni qisqa muddatda qulay joyda turib egallash mumkin. Loyiha barcha uchun teng va tilni tekin oʻrganish imkonini taqdim etmoqda.

Poytaxtda chet tillarni oʻrganishga yoshlar uchun imkoniyat yetarli. Ammo chekka hududlarda-chi? Ularda bu borada ayrim muammolar yuzaga kelishi mumkin. Ana shu muammolarga “Ibrat farzandlari” tom maʼnoda yechim boʻldi. Loyiha faollarining birinchi qadami Boʻstonliq tumanida “Ibrat oromgohi”ni tashkil qilish boʻldi. Oromgohda shu kunga qadar bir yarim mingga yaqin yigit-qiz oʻqitildi. Ularning aksariyati eng chekka hududlardan. Hozir oromgohning yozgi mavsumidagi mashgʻulotlarga 250 ga yaqin yigit-qiz jalb etildi. Xorijiy tillarni tizimli oʻrgangan, jahonning eng nufuzli universitetlarida, jumladan, Stenford, Garvard, Yel universitetlari va boshqa nufuzli OTMlarda oʻqigan mentorlar yoshlarga dars bermoqda. Maqsad faqat til oʻrgatish emas, chin maʼnoda global liderlarni tayyorlashdir. Chunki juda koʻp sohalar borki, oʻz mutaxassisiga ega emas. Mashgʻulotlarda ishtiyoqqa toʻla yoshlar qanday qilib xorijdagi nufuzli universitetga oʻqishga kirsam boʻladi, degan savolga javob topmoqda. Ularning koʻpi kelajakda oʻzi oʻylagan marralarga, albatta, yetadi.

— Oʻquv markazida bolalarga ingliz tilidan dars beraman. Ushbu oromgoh haqida doʻstlarimdan eshitib keldim, — deydi Buxoro davlat universiteti bitiruvchisi Kamola Saidova. — Bu yerda eng ilgʻor 100 talikka kiruvchi nufuzli universitetlarga hujjat topshirish va ularning 100 foizli grantini qoʻlga kiritish tartibini oʻrganyapman. Shunday grantlarni yutgan mentorlar qiziqarli, foydali darslar oʻtyapti. Ular yordamida shu paytgacha qilgan xatolarimizni tushunib, bilmaganlarimizni oʻrganishga harakat qilyapmiz.

“Ibrat farzandlari” Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib oʻzbek tili grammatikasini onlayn oʻrgatish tizimini hamda xorijliklarga oʻzbek tilini oʻrgatishni yoʻlga qoʻygan loyihadir. Uning doirasida “Ibrat Academy” ilovasi ishlab chiqildi. Oʻrganuvchilar unda nafaqat videodarslar koʻrishi, balki oʻzining til bilish darajasini muntazam tekshirib borishi, bilimini mustahkamlaydigan sinov-mashqlarni bajarishi, soʻz boyligini interaktiv usulda oshirishi mumkin.

Risolat MADIYEVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri