«Ichan-qal'a» muzey-qo'riqxonasi yangi eksponatlar bilan to'ldirildi

    «Milliy merosga mening hissam» umumxalq aktsiyasi doirasida 2023 yilning o'tgan davrida «Ichan-qal'a» davlat muzey-qo'riqxonasi fondiga 214 ta muzey ashyolari qabul qilindi.

    O'zbekiston Madaniy meros agentligining telegram-kanali ma'lumotiga ko'ra, fondga qabul qilingan 214 ta muzey ashyosidan 166 tasi muzey-qo'riqxonaning byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan xarid qilingan. Qolgan 48 tasi esa fuqarolar tomonidan bepul taqdim etilgan.

    Qayd etilishicha, muzey-qo'riqxonaning Toshhovli saroyida «Xon saroyida qo'llanilgan chinni idishlar» va «Milliy liboslar» mavzularida chinni buyumlar ko'rgazmalari tashkil etildi.

    Eslatib o'tamiz, Xiva 2024 yilda islom dunyosining turizm poytaxti deb e'lon qilingan. Xalqaro tadbirning rasmiy ochilishi kelgusi yil mart oyida bo'lib o'tadi.