Chunki, bu quduq boshqa suv quduqlari kabi pastdan tepaga torayib ketmasdan uning barcha qismida diametri bir xil yaʼni, 2,60 metrni tashkil etadi. Chuqurligi 5,60 metrga teng. Qadimgi anʼanaga koʻra quduqning asosi, yaʼni, poydevor qismiga Xorazm sharoitida koʻp uchraydigan daraxt, tut yoki gujumdan yogʻoch poydevor oʻrnatilgan. Yogʻochning qalinligi 16 santimetr atrofida. Quduq devorlariga 25x25x6 santimetr oʻlchamdagi pishgan gʻisht nozik did bilan terilgan. Gʻishtlar yuzasida rombsimon belgilar mavjud. Quduq taxminan bundan 100-150-yil oldin qurilgan. Hozirgi kunda mazkur quduqdan aynan nima maqsadda foydalanilganligi masalasi ilmiy jihatdan oʻrganilyapti.

Maʼlumki, bugungi kunda Xiva shahri, xususan, shaharning qadimiy qismi hisoblangan “Ichan qalʼa” davlat muzeyi qoʻriqxonasi hududida turizmni rivojlantirish va xorijlik mehmonlarga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini hamda muzey qoʻriqxonasi hududida istiqomat qiluvchi mahalliy aholining maishiy turmushini yaxshilash, shaharning ichida kommunikatsiya, ichimlik va oqova suvlar, gaz taʼminoti tizimlarini yangilash ishlari olib borilyapti.

Shunga koʻra hozirda, muzey qoʻriqxonasi hududida hukumat qarori bilan 80-90 yillarda yotqizilgan mavjud eski ichimlik va oqova suv tizimlari yer tagidan qazib olinib ularni tubdan yangilash ishlari olib borilyapti.

Mazkur qurilish, yangilash ishlarida tuproq ostida yotgan ming yillik osori-atiqalar, madaniy yodgorliklarga zarar yetkazmaslik maqsadida olib borilayotgan arxeologik tekshiruv ishlarida Xorazm Maʼmun akademiyasi “Ijtimoiy-gumanitar fanlar” boʻlimi ilmiy xodimlari Dilmurod Bobojonov va Shohruxmirzo Ismoilov muntazam ravishda ishtirok etyapti, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi fanlar Akademiyasi.