Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirining birinchi o'rinbosari, “O'zsuvta'minot” AJ rahbari Sohib Saifnazarov Rossiyaning yetakchi “ER-Telekom” telekommunikatsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi. Bu haqida Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Kompaniya mutaxassislari markazlashgan ichimlik suv ta'minoti joriy qilinmagan hududlarda suv yetkazib berish tizimini modernizatsiya qilish bo'yicha taqdimot o'tkazishdi. Xususan, tizimni optimallashtirish va sohaga innovatsion texnologiyalarni jalb etish orqali mavjud resurslar sarfini kamaytirish, tarmoqda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan texnik nosozliklarga oldindan tashxis qo'yuvchi va oldini oluvchi zamonaviy texnologiyalar bo'yicha ma'lumot berilgan.
Muzokaralar jarayonida, loyihaning dolzarbligi va sohaga IT texnologiyalarni tadbiq etish muhimligi inobatga olinib, mamlakatimizning ikkita tumanida ushbu kompaniyaning zamonaviy texnologiyalarini qo'llagan xolda, boshlang'ich pilot loyihani investitsiya kiritish sharti bilan amalga oshirish taklifi ilgari surildi.