Bu borada xalqaro tashkilotlar tomonidan keng koʻlamli chora-tadbirlar koʻrilib, uning oqibatlarini kamaytirishga harakat qilinmoqda.

Yurtimizda ham aholining toza ichimlik suv taʼminotini, suvdan foydalanish xizmatini yanada yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Prezidentimizning 2022-yil 24-maydagi “Aholining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida bu borada qilinishi lozim boʻlgan vazifalar belgilab berilgan.

“Navoiysuvtaʼminot” masʼuliyati cheklangan jamiyatining 7 ta tuman va Gʻozgʻon shahrida filiallari boʻlib, ular tomonidan Navoiy viloyati aholisiga ichimlik suv va oqova suv tizimlari boʻyicha xizmat koʻrsatib kelinmoqda. Oʻtgan yili viloyat boʻyicha 1 million 100 ming aholining 62,2 foizi markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlangan boʻlsa, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa investitsiya dasturlari ijrosini taʼminlash natijasida 332 kilometr ichimlik suv tarmogʻi tortildi va buning uchun 57 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

— Ushbu mablagʻ evaziga 45 ming aholi birinchi marta toza ichimlik suv bilan taʼminlandi, 16 mingdan ziyod aholining ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Barcha dasturlar asosida 18 ta suv inshooti qayta taʼmirlandi. Joriy yilda 1000 kilometrga yaqin ichimlik suv tarmogʻi tortish rejalashtirilgan boʻlib, unga 200 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ sarflanadi. Shu yilning yakunida viloyatimizda aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanish darajasini 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan, — deydi “Navoiysuvtaʼminot” MCHJ direktori oʻrinbosari Odil Halimov.

Hududlar kesimida tahlil etadigan boʻlsak, Karmana tumanida jami 604,2 kilometr ichimlik suv tarmogʻi, 31 ta ichimlik suv inshooti mavjud. Joriy yil boshida aholining markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanganlik darajasi 98,9 foizga yetkazildi.

Tumanda 1,8 ming aholi muqobil ichimlik suv manbalaridan foydalanib keladi. 2023-yilning oʻtgan davrida ham tuman aholisini markazlashgan obi hayot bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Doʻstlik mahallasi hududidagi “Yangi Oʻzbekiston” massivida qurilayotgan koʻp qavatli uylar uchun 3,6 kilometr ichimlik, 2,5 kilometr oqova suv tarmoqlari tortilib, 2 ta oqova suv inshooti qurildi. Ayni vaqtda ham tuman aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlash boʻyicha amaliy ishlar davom etmoqda.

— “Choʻtqara” massivida ichimlik suv taʼminotini yaxshilash uchun 3,2 kilometrlik yangi tarmoq tortildi. Yangi hayot mahallasi hududiga esa 12,2 kilometr uzunlikdagi ichimlik suv quvurlarini tortish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, bir qator mahallalarda quvurlarni taʼmirlash hamda almashtirish ishlari olib borildi, — deydi “Navoiysuvtaʼminot” MCHJ Karmana tumani filiali xodimi Sevdiyor Toʻxtayev.

Shuningdek, Prezidentimizning 2022-yil 18-martdagi “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Navoiy viloyati Karmana tumanida oqova suv tizimlarini qurish” hamda “Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazida oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish” loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida ham bir qator vazifalar belgilab berilgan. Unga muvofiq, Karmanada qiymati 30,79 million yevroga teng loyiha ishlariga start beriladi.

Ushbu loyiha doirasida 2022-yil davomida barcha tashkiliy masalalar hal etilib, qarz mablagʻlarini qayta kreditlash bitimi imzolangan. Shu asosida Karmana tumanida 117,2 kilometrdan iborat oqova suv tizimi, 21,3 kilometr bosimli kollektorlar, 12 ta nasos stansiyasi hamda bir kecha kunduzda 9 800 kub metr oqova suvni tozalaydigan bitta tozalash inshootini quriladi.

Navbahor tumanida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar salmoqli. Hududdagi koʻplab mahallalar aholisi shu kunga qadar qoʻlbola usulda oʻrnatilgan “kachalka”lar orqali suv ichib kelardi. Yaratilgan imkoniyatlar va islohotlar samarasi tufayli bu manzillarga ham yangi tarmoqlar tortilib, aholi toza ichimlik suvdan bahramand boʻlmoqda. Jumladan, Dul-dul, Xashman mahallalarida istiqomat qiluvchi mingdan ziyod xonadonga toza obi hayot kirib bordi.

Albatta, fuqarolarni markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami yildan-yilga kengaymoqda. Bunday imkoniyat yangi, obod manzillardagi farovon hayot kafolati boʻlayotgani aholining bugungi kayfiyatidan, mamnunligidan ham sezilib turibdi.

Eʼtirof etish joizki, ushbu yoʻnalishda olib borilayotgan ishlar natijasida viloyatning olis hududlaridagi aholi ham ilk bora toza ichimlik suv bilan taʼminlanmoqda. Jumladan, Qiziltepa tumanidagi “Gʻamxoʻr” MFY aholisini markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlash maqsadida 8,6 milliard soʻm mablagʻ evaziga hududga yangi tarmoq tortish ishlari boshlab yuborilgan. Buning natijasida 1,5 ming nafar aholi ilk bor toza ichimlik suv bilan taʼminlanadi va 4 mingdan ziyod aholining suv taʼminoti yanada yaxshilanadi.

“Malikobod” MFY aholisi ham bugungi kunda suvsozlar mehnatidan mamnun. Dastur doirasida 18 kilometrga yaqin suv quvurlari tortilib, 1 ta suv inshooti taʼmirlandi va 600 ga yaqin oilaning suv taʼminoti yaxshilandi.

— Aholi uchun yaratilayotgan sharoitlardan juda mamnunmiz. Sababi, oʻttiz besh yildan buyon ichimlik suvni zahira qilib, uch-toʻrt oy isteʼmol qilardik. Bu orada uning sifati ham buzilardi. Endilikda toza, sifatli suv xonadonimizgacha kirib keldi. Albatta, buning qadriga yetish, oʻz navbatida, tejash ham kerak, — deydi mahalla faoli, mehnat faxriysi Ahror Shomurodov.

Ha, uzoq yillardan keyin ilk bor ichimlik suv tarmogʻi kelgan mahalla aholisining quvonchini his qilish mumkin. Ular oʻz oʻrnida bu neʼmatning qadriga yetadi va kelajak avlodga ham bu borada oʻrnak boʻlishga hech shubha yoʻq.

Fikrimizni Xatirchi tumani misolida davom ettiradigan boʻlsak, 2017–2023-yillarda 26 mahallaga 348,1 kilometr ichimlik suv quvurlari yangidan yotqizildi. Jumladan, Tasmachi mahallasida 1 ta yangi suv inshooti qurilib, 1 ta suv inshooti toʻliq taʼmirlandi. Bu 4 mingdan ziyod aholi uchun haqiqiy shodiyonaga aylandi. Bundan tashqari, “Zarbdor”, “Qoracha” va “Changir”, “Polvonota”, “Yangirabod” MFYlariga ham yangi tarmoq tortildi. Joriy yilda esa Qoʻrgʻoncha mahallasiga ham ichimlik suv quvuri yotqizilib, ikki yarim mingga yaqin aholi toza suvdan bahramand boʻldi.

Mutaxassislarning taʼkidlashicha, ona sayyoramizda aholining qirq foizga yaqini suv tanqisligidan aziyat chekmoqda, beshdan bir qismi esa zarur infratuzilma mavjud emasligi tufayli ichimlik suv taʼminoti muammolari bilan yashamoqda.

Albatta, yurtimizda olis hududlar aholisi uchun ham yangi ichimlik suv tarmoqlari tortilib, ularning bu neʼmatga boʻlgan ehtiyoji qanoatlantirilib, turmush sharoiti yanada yaxshilanayotgani eʼtirofga loyiq. Vaholanki, Navoiy hududi jihatdan eng katta viloyat hisoblanadi. Olis hududlar, suv tarmogʻi yetib bormagan aholi punktlari oz emas. Ushbu hududlarga ham suv tarmogʻini tortish ishlari qizgʻin davom etmoqda.

Joriy yilda viloyatda 430 kilometrdan ziyod yangi ichimlik suv quvurlari tortilishi natijasida 48 ta mahalladagi 56 mingdan ziyod aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suv bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar viloyat aholisining toza obi hayot bilan taʼminlanganlik darajasi 76 foizdan 83 foizga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Bu, oʻz navbatida, aholi salomatligi va ularga munosib turmush sharoiti yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Gʻolib ABDUSALOMOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri